Prezidentning “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligini tubdan modernizatsiya qilish, sifatli va raqobatbardosh urug‘lik mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish, urug‘chilikda qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirish, sohani raqamlashtirish, ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishni o‘zaro integratsiya qilish va kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish hamda innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish vazifalari belgilab berilgan edi.
Shuningdek, Hukumatning tegishli qarori bilan urug‘chilik tizimini tartibga soluvchi bir qator normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilinishi muntazam nazorat qilib kelinmoqda.
Joriy yilda urug‘lik yetishtirishga ixtisoslashtirilgan hududlarda g‘o‘za parvarishini olib borayotgan 3 213 nafar subyektlarning 102,7 ming gektar hamda 52 ta elita urug‘chilik xo‘jaliklarining 2,3 ming gektar maydonida g‘o‘za navlarining morfologik belgilaridan kelib chiqib, nav tozaligini o‘tkazish, davlat standarti talabidagi yuqori sifatli navdor urug‘liklarni yetishtirishda muhim tadbir hisoblanadi.
“Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida”gagi O‘zbekiston Respublikasi qonunida nav atamasiga shunday taʼrif berilgan: “nav - o‘simliklar guruhi bo‘lib, u nasldan naslga barqaror o‘tuvchi, muayyan genotip yoki genotiplar kombinatsiyasini boshqalardan ajratib turuvchi belgilarga qarab aniqlanadi va ayni bir botanik taksondagi boshqa o‘simliklar guruhidan bir yoki bir necha belgilari bilan farqlanadi. Klon, liniya, birinchi avlod duragayi, populyatsiya navning muhofaza qilinadigan obyektlaridir”.
Bugungi kunda, mahalliy sharoitda yaratilgan o‘rta va ingichka tolali g‘o‘za navlarining 40 tasi Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari davlat reyestriga kiritilgan bo‘lib, hududlardagi maxsus elita urug‘chilik xo‘jaliklari tomonidan ushbu navlarning urug‘ligi izchil ravishda ko‘paytirib kelinmoqda.
Tegishli meʼyoriy-huquqiy hujjatiga ko‘ra, urug‘lik yetishtirish vakolatiga ega bo‘lgan subyektlarning vazifa va funksiyalari belgilab berilgan bo‘lib, bunda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ligini yetishtirish huquqiga ega bo‘lgan tanlov g‘oliblari - faqat urug‘lik, bir avlodga mansub bo‘lgan bitta nav ekilishini taʼminlash, ko‘paytirilayotgan navning qimmatli xo‘jalik belgilari va texnologik xususiyatlarini saqlash, yuqori sifatli va nav sofligiga ega bo‘lgan avlodli urug‘lar yetishtirish, avlodli urug‘liklarni yetishtirish tartibi va qoidalariga amal qilish hamda urug‘lik uchun ekilgan maydonlarni begona nav va o‘simliklardan tozalashlari lozim bo‘ladi.
Nav tozaligi muayyan bir xo‘jalikda ekilgan g‘o‘za navining morfologik belgilar majmuidan kelib chiqib o‘tkaziladi. Jumladan, g‘o‘za navi tupining shakli (konussimon, piramidasimon va h.k.), shoxlanish tipi, barg sathining katta kichikligi, bargining ustki va ostki tomonlari tuklanishi, barg bandining uzunligi va tuklanishi, gulining rangi va katta kichikligi, ko‘sagining shakli (dumaloq, cho‘zinchoq, tuxumsimon va h.k.) rangi, katta kichikligi, chanoqlarga bo‘linishi, ko‘sak yuzasining holati (silliq, g‘adir-budir) kabi bir qator belgilar asosida maʼlum bir nav begona nav aralashmasidan tozalanishi kerak.
Amaldagi davlat standarti bo‘yicha elita avlodli urug‘liklarning nav tozaligi-100 foizni, 1-avlodi-99 foizni, 2-avlodi-98 foizni, 3-avlodi-96 foizni tashkil qilishi lozim bo‘ladi. Agarda, maʼlum bir xo‘jalikning urug‘lik maydoni 60x20x1 tartibda ekilganligini inobatga olsak, ushbu xo‘jalikning har bir gektarida 83,3 ming tup o‘simlik joylashadi va uning navdorligini 2 foizga tozalash zarurati bo‘lganda, har bir gektarini 1666 tup begona o‘simlikdan tozalash kerak bo‘ladi.
Ushbu tadbirning urug‘chilik subyektlarga biriktirilgan masʼul urug‘chi-agronomlar ishtirokida sifatli o‘tkazilishi, kelgusida fermer xo‘jaliklarini yuqori sifatli navdor urug‘lik chigit bilan taʼminlash, pirovard natijada esa fermerlarimizning paxtadan yuqori hosil olishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Inspeksiyaning hududiy boshqarma va tuman bo‘limlari tomonidan urug‘chilik subyektlarida ushbu tadbirning o‘tkazilishi muntazam nazorat qilib borilmoqda.
N.Ismailov - Agroinspeksiyaning Urug‘lik paxta xomashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i
M.Qurbanbayev – Agroinspeksiyaning Qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i