Bugungi kunda g‘o‘za parvarishida barcha agrotexnik tadbirlarni o‘tkazishda har kunlik nazorat taʼminlanayotganligi, shuningdek, yo‘l qo‘yilayotgan muammo va kamchiliklarni yechimi bilan joyida hal etib berilayotganligi g‘o‘za parvarishida o‘z samarasini bermoqda.
Ayniqsa, g‘o‘za qator oralariga ishlov berishning samarasi va sifati ham yaxshilanib, bugungi kunda viloyatning aksariyat hududlarida 2-kultivatsiya ishlari yakuniga yetkazilib, chuqur yumshatish va suspenziya sepish ishlari 1-1,2 marta amalga oshirildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Navoiy viloyati boshqarmasi va Navbahor tuman bo‘limi xodimlari tomonidan joylardagi g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni kechiktirmay, o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi ustidan nazorat ishlari olib borilmoqda.
Navbahor tumanida joriy yil hisobida 186 ta fermer xo‘jaliklarining 6 ming 600 gektar maydonida chigit ekish ishlari amalga oshirildi.
Tumanida 182 ta kultivatorlar g‘o‘za qator oralariga ishlov berish ishlariga jalb qilinib, bugungi kunda ushbu tadbir qizg‘in davom etmoqda.
Shuningdek, tumandagi “Shavkat Ali” fermer xo‘jaligi g‘o‘za maydonlarida ayni paytda ikkinchi kultivatsiya ishlari olib borilayotgan bo‘lib, Inspeksiya xodimlari tomonidan kultivatsiya ishlari sifatli olib borilishi o‘rganilib, fermer xo‘jaligi rahbarlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Albatta, bu ishlarning barchasi dehqonu fermerlarimiz tomonidan parvarishlanayotgan g‘o‘za nihollarini bekamu ko‘st hosilga kiritish, viloyatimiz paxta xirmonini kutilganidanda yuqoriroq yuksaltirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
D.Rashidova, Agroinspeksiyaning Navoiy viloyat boshqarmasi