Mamlakatimiz aholisini ertangi sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish maqsadida, hosildan bo‘shagan maydonlarga sovuqqa chidamli ekinlardan – sabzi, piyoz, osh lavlagi, ko‘katlardan - kashnich, petrushka, salat kabilarni to‘qsonbosti muddatida ekib, yetishtirish muhim ahamiyatga ega.
Prezident tomonidan imzolangan tegishli hujjatlarga muvofiq qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini 2 baravarga oshirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yillik o‘sishini kamida 5 foizga yetkazish topshirig‘i berilgan bo‘lib, aholini ertaki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan taʼminlash, ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini saqlash va eksport hajmlarini oshirish maqsadida, Birgina Navbahor tumanda 2025-yil hosili uchun joriy yil avgust-sentyabr oylarida tumandagi 202 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarning jami 1 ming 486 gektar maydoniga piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlarini ekish belgilangan.
Shu jumladan, noyabr-dekabr oylarida 3 ming 78 gektar maydonga “to‘qsonbosti” usulida eksportbop sabzavot ekinlarini ekish rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda 42 ta xo‘jaliklarning 378 gektar maydonlari sarimsoqpiyoz ekini ekishga yer tayyorlagan bo‘lsa, 116 ta fermer xo‘jaligining 522 gektar maydoniga piyoz ekinlari ekilgan.
Tumanda ekilishi belgilangan piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlari hamda to‘qsonbosti ekinlarini ekilishi Inspeksiyaning tuman bo‘limi xodimlari tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda.
O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida, yerdan samarali foydalanish, aholini ertaki oziq ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida, qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘z vaqtida va sifatli ekish bo‘yicha 104 ta fermer xo‘jaligi rahbarlariga ogohlantirish xatlari berildi. “O‘zagroinspeksiya”ning Navoiy viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari mutaxassislari tomonidan to‘qsonbosti ekinlarni o‘z vaqtida kechiktirmay ekilishi va bu borada beparvolikka yo‘l qo‘ymasligi uchun zaruriy nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
A.Rizoqulov, Inspeksiyaning tuman bo‘limi boshlig‘i