Ру Ўз O`z En

NAVOIY: SUVDAN OQILONA FOYDALANISHDA 355 TA QONUNBUZULISHI HOLATLARI ANIQLANDI

10 Noyabr 2021 1495

“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan suv xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi, sunʼiy suv obyektlarida suvdan oqilona va samarali foydalanilishi hamda suvdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat olib borilmoqda.

Jumladan, joriy yilning yanvar-oktabr oyida inspektorlarimiz tomonidan 957 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 355 ta holatda qonunbuzilishga yo‘l qo‘yilgani holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari tahlil qilinganda, aksariyat qishloq xo‘jaligi suv isteʼmolchilari tomonidan (193 ta holatda) suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalari buzilgani ayon bo‘ladi. Shuningdek,  35 ta holatda suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi gidrotexnika ishlarini va boshqa ishlarni o‘zboshimchalik bilan bajarish, 19 ta holatda suv obyektlaridan belgilangan suv olish limitlarini buzilganligi, 15 ta holatda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli rejalarini buzish, 6 ta holatda Davlat suv kadastri yuritishning belgilangan tartibini buzish va boshqa qonunbuzilishlar aniqlandi.

-    Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Inspeksiyaning viloyati boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan vakolat doirasida huquqbuzarlarga nisbatan 86 ta maʼmuriy jarima, 44 ta  jarima sanksiya qo‘llanildi, - deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori Mehriddin Vohidov. - 168 ta holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqishlik uchun sudlarga va prokuratura organlariga kiritilishi taʼminlandi. O‘z navbatida, tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida 51 ta yozma ko‘rsatma va 30 ta taqdimnoma kiritildi.

Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 796 ta suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilariga rasman ogohlantirishlar berildi.

Joriy yilning oktyabr oyida 58 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lsa,  44 ta qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.

Jumladan, Karmana tumani “Narpay” hududidagi “Karim Roziq” fermer xo‘jaligi tomonidan 6 gektar paxta maydoni eʼtiborsizlik tufayli ko‘llatib yuborilgan.  Shuningdek, Xatirchi tumani “Yorloqobov” hududidagi “Sarvarbek Sardorbek dalasi” fermer xo‘jaligi, “E.Abdiyev” hududidagi “Qudrat Sulton Rizosi” fermer xo‘jaliklari tomonidan 2022 yil hosili uchun g‘alla ekinni sug‘orish suvini boshqa ekinlarga olinib, sug‘orish rejimlari buzilganligi aniqlandi. Mazkur holatlar bo‘yicha fermer xo‘jaliklar rahbarlariga nisbatan suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini buzish holati yuzasidan MJtKning 74-moddasi 2-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishliligi bo‘yicha tuman sudiga yuborilishi taʼminlandi.

Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 53 ta suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilariga rasman ogohlantirishlar berildi.

Viloyatning barcha hududlarda mazkur yo‘nalishdagi nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Axborot xizmati

 

Text to speech