Maʼlumki, bugungi kunda mamlakatimizda soyachilikka bo‘lgan eʼtibor yana-da kuchaydi. Ziroatchilikning mazkur turi ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan foydali hisoblanadi.
Ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda ushbu ziroat turining ahamiyati katta. Shuni hisobga olgan holda joriy yil Navoiy viloyatida fermer va qishloq xo‘jaligining 3 000 gektar ochiq yer maydonlarida soya o‘simligini yetishtirish rejalashtirilgan.
O‘simlik agrotexnikasi bilan bog‘liq jarayonlar esa Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan nazorat qilib borilmoqda.
Manbalarda keltirilishicha, soya doni tarkibida 50 foiz oqsil, 28 foizgacha moy bo‘lib, oziq-ovqat sanoatida muhim xom ashyo sanaladi. Bundan tashqari, soyaning sanoat, texnika, chorvachilikni rivojlantirishda ham roli katta. Undan sovun, lok-bo‘yoq, plastmassa, plyonka ishlab chiqarishda, kimyo, to‘qimachilik sanoatida keng foydalaniladi.
Qimmatli ozuqa ekanligi esa uning ahamiyatini yana-da oshiradi. Soyadan shrot, kunjara olinadi. Yashil poyasi chorva uchun to‘yimli ozuqadir.
Bugungi kunda dunyoda soya o‘simligidan 400 dan ortiq xildagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Ular orasida eng qimmatlisi oqsildir. Agar dunyo bo‘yicha oqsil manbaining 32 foizi chorva mollari ulushiga to‘g‘ri kelsa, qolgan 68 foizi o‘simliklardan, shu jumladan, 55 foizi soyadan olinadi. Shu sababdan hozirgi kunda oqsil tanqisligini bartaraf etishda soya katta ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, viloyatning Navbahor tumanidagi “Navbahor tekstil” MCHJ klaster korxonasi ochiq yer maydonining 30 gektariga, “New agro sistem” fermer xo‘jaligining 15 gektar va “Ochilova Inobat” fermer xo‘jaligining 10,4 gektar maydoniga soya ekini ekildi.
Soya o‘simligi 120-150 kunlarda pishib yetiladi - deydi “O‘zagroinspeksiya” Navbahor tuman bo‘limi boshlig‘i Abbos Rizoqulov.
Ekin ekilgandan keyin uni kultivatsiya qilish, o‘z vaqtida oziqlantirish, ishlov berish tadbirlarini kechiktirmaslik yuzasidan xodimlarimiz tomonidan kunlik nazorat ishlari olib borilyapti. Soya ekilgan maydonlarda urug‘ qadalganidan toki hosil yig‘ib olinguniga qadar monitoring tadbirlarini o‘tkazib boramiz.
“O‘zagroinspeksiya”ning Qiziltepa tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod To‘xtayevning aytishicha, tumanda 200 dan ortiq fermer xo‘jalik yerlarida soya ekilgan. Shuningdek, Inspeksiyaning tuman bo‘lim xodimlari tomonidan agrotexnik tadbirlar nazorati muntazamligi yo‘lga qo‘yilgan. Fermerlarga zarur tavsiyalar ham berib kelinmoqda.
Masalan, tumandagi “Halimov Abram Akram paxtakori” fermer xo‘jaligi tomonidan 7,54 gektar maydonga soyaning “Selektor 302” navi ekilgan - deydi fermer xo‘jaligi raisi Fayoz Halimov. Soya ekishdan oldin yerni 150 kilogramm fosforli, ekkandan keyin esa 200 kilogrammdan mineral o‘g‘it bilan tuproqni oziqlantirdik. Hozir ekinlarimiz bo‘y cho‘zib qolgan. Kelgusida 40 sentnerdan hosil olishni niyat qilganmiz.
Quvonarlisi, soya ekish va uni parvarishlash bo‘yicha yetarlicha tavsiya olayotgan boshqa fermerlar ham soya ekilgan maydonlarda mo‘l hosil olishni mo‘ljallashmoqda.
Taʼkidlash joizki, soya yetishtirishni keng o‘zlashtirilishi iqtisodiy farovonlikka xizmat qiladi.
Bu nafaqat xalqimiz dasturxonini oziq-ovqat mahsulotlari bilan boyitish, balki bozorlarimiz arzonligini taʼminlashda ham qo‘l kelishi bilan eʼtirofga loyiqdir.
“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati