Ру Ўз O`z En

NAVOIY: URUG‘LIK CHIGIT TAYYORLASH JARAYONLARI NAZORATDA

7 Fevral 2022 2448

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan 2022 yil paxta hosili uchun davlat standarti talablariga javob beradigan, sifatli urug‘lik chigit tayyorlash maqsadida paxta to‘qimachilik klasterlari va urug‘lik chigit tayyorlashga ixtisoslashgan sexlar tomonidan urug‘lik chigit tayyorlash ishlari nazorat qilib kelinmoqda.      

Inspeksiyaning viloyati boshqarmasi Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish bo‘limi inspektorlari tomonidan 2021 yil paxtachilik yo‘nalishida mavjud urug‘lik paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklarida hamda urug‘lik paxta qabul qiluvchi va qayta ishlovchi korxonalarda sara urug‘ tayyorlash maqsadida jami 292 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, natijada 2022 yil hosili uchun 5 282 tonna O‘z DSt 642 davlat standarti talablari asosida sifatli urug‘lik paxta jamg‘arildi.

Shundan, asosiy fondga 3 ming 459 tonna, zaxira fondiga 1 ming 823 tonna urug‘lik paxta urug‘lik paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklar tomonidan qabul qilib olindi.

-Qabul qilingan urug‘lik paxta xom-ashyosini g‘aramlarda kamida ikki oy tinim davrida sifatli saqlanib, paxta xom-ashyosidagi chigitlar to‘liq fiziologik yetilganidan so‘ng, qayta ishlashga berish va ishlab chiqarishdan olingan urug‘lik chigitni urug‘lik tayyorlashga ixtisoslashgan korxonalarga tashish, dorilash, saqlash va fermer xo‘jaliklarga yetkazib berilishini tashkil qilish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, - deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori Asqar Mirzoyev. - Shu sababli urug‘lik chigit tayyorlash uchun mavjud paxta klasterlariga tegishli paxta tozalash korxonalarida “O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan urug‘lik paxtani tozalashga sozlash hamda mavjud ikkita urug‘lik chigit dorilash sexlarini mavsumga tayyorlash doimiy monitoring qilib borildi. Hozirgi kunda viloyatdagi paxta-to‘qimachilik klasterlari va urug‘lik tayyorlash sexlarida jami 1 ming 790 tonna urug‘lik paxta tozalab, saralanib, 290 tonnasi tuksizlantirilgan bo‘lsa, 1 ming 206 tonna urug‘lik chigitni esa dorilash ishlari amalga oshirildi.

Dehqonchilikda mo‘l hosil olishning asosiy omili sifatli urug‘ sanaladi. Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari inspektorlari urug‘lik paxtani qayta ishlash va ularni mavjud urug‘lik sexlarida saralash tozalash hamda tuksizlantirish shu bilan birga dorilash ishlarini sifatli tashkil etilishini doimiy nazorat qilib borishmoqda.

O‘zagroinspeksiya” qoshidagi “Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan biriktirilgan mutaxassislar ishtirokida texnologik jarayonlarda O‘z DSt 663:2017 davlat standarti talablari asosida har ikki soatda urug‘lik chigitlar qayta ishlanayotganligi hamda sifatli dorilanayotganligi tahlil qilib borilmoqda.

Maʼlumot o‘rnida keltirish joiz, Qiziltepa tumanida mavsum boshidan buyon 795 tonna urug‘lik chigit tozalab-saralangan bo‘lsa, Xatirchi tumanida bu ko‘rsatkich 583 tonnani tashkil etadi.

Navbahor tumanida esa 2021 yil urug‘lik paxta hosili uchun 28 ta fermer xo‘jaligining 990,1 gektar maydoniga “Buxoro-102” navining “Elita” va “R1” avlodlari ekilgan edi. “Navbahor tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli zavod oldi paxta qabul qilish maskaniga 1 ming 312 tonna sifatli urug‘lik paxta jamg‘arilishiga erishildi.

Ushbu urug‘lik paxta xom-ashyosini qayta ishlash jarayonida Hukumatning 2021 yil 12 oktyabrdagi 641-sonli qarori 5-ilovasida keltirilgan talablardan kelib chiqib, “Urug‘lik paxtani dastlabki qayta ishlash texnologik reglament”i talablari asosida qayta ishlanishi, qayta ishlashdan oldin sexning agregatlari texnik paxta va chigitlardan tozalanib, sexning asosiy va yordamchi uskunalari rostlab olinishi hamda “yumshoq” rejimda ishlanishi kabilar Inspeksiya tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan nazoratga olindi. Jumladan, mazkur MCHJga qarashli paxta tozalash korxonasi laboratoriya mudiri va laborantiga yuqorida keltirilgan qoidalarga amal qilishi bo‘yicha bajarilishi lozim bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi.

-  Hozirda 506 tonna R1 avlodli urug‘lik paxtaning 4-va 14- partiyalari O‘zDst:663-2017 standart talablariga rioya qilgan holda qayta ishlanib, 264 tonna urug‘lik chigit saralash, tuksizlantirish va dorilash uchun Karmana tumanidagi “Zarafshon paxta servis” MCHJga qarashli dorilash sexiga jo‘natilgan, - deydi “O‘zagroinspeksiyaning Navbahor tuman bo‘limi katta inspektori Vohidjon Nodirboyev. - Bugungi kunga qadar tuman bo‘yicha 412 tonna urug‘lik chigit tozalanib-saralangan bo‘lsa, 225 tonna urug‘lik chigit tuksizlantirilib, dorilandi. 

Taʼkidlash joizki, “O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘lim inspektorlari tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlari natijasida viloyatda sifatli urug‘lik chigit tayyorlanishiga erishiladi. Bu esa kelgusida fermer xo‘jaliklari tomonidan paxtadan mo‘l hosil olinishida muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati 

Text to speech