O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Navoiy viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish bo‘yicha qator nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, inspektorlar tomonidan joriy yilning yanvar-may oylarida jami 554 ta nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Shundan, 510 tasi monitoringlar va 44 ta tekshirishlarga (shundan 43 tasi xabardor qilish tartibida) to‘g‘ri keladi.
O‘tkazilgan nazorat va monitoring tadbirlari davomida jami 168 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 55 tasi yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan, tegishliligi bo‘yicha 24 ta taqdimnomalar kiritilgan, 89 ta bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi.
O‘tgan davr mobaynida inspektorlar tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari tahlil qilinganda, Inspeksiyaning Konimex tuman bo‘limi tomonidan 95 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib 30 ta, Nurota tumanida 19 ta, Xatirchida 40 ta, Uchquduq tumanida 13 ta, Tomdida 7 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Jumladan, Konimex tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida qo‘ychilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan naslchilik maqomiga ega xo‘jalik yurituvchi subyektlarda podalarga boshqa zotdagi qo‘ylarni qo‘shmaslik qonunda belgilab qo‘yilganiga qaramay, bu masalaga eʼtiborsizlik bilan yondoshib kelayotgan cho‘ponlar borligi kuzatildi. Xususan, “AA” naslchilik maqomiga ega masʼuliyati cheklangan jamiyati otar cho‘ponlari va ishchi xodimlari o‘zlariga qonun-hujjatlar bilan yuklatilgan vazifalariga masʼuliyatsizlik bilan yondashganliklari oqibatida O‘zbekiston Respublikasining “Naslchilik to‘g‘risida”gi Qonuni talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.
“AA” masʼuliyati cheklangan jamiyatining bosh cho‘ponlari tomonidan MCHJga tegishli bo‘lgan 1 333 bosh qorako‘l zotli qora rangli ko‘ylari bilan birga o‘zlariga tegishli bo‘lgan 31 bosh boshqa zotdagi, turli hil tusdagi har xil rangli qo‘y va qo‘chqorlarni birga qo‘shib boqayotganligi aniqlandi.
-Mazkur holat qorako‘l zotli qo‘ylarning sifati, nasl sofligi buzilishiga sabab bo‘ladi,- deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Konimex tuman bo‘limi katta inspektori Jahongir Cho‘tbayev.- Mazkur qonunbuzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan, shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida tuman hokimligiga taqdimnoma kiritildi. MCHJ rahbariga yuzaga kelgan qonunbuzilishi holatlari oldini olish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma berildi hamda qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan masʼuliyati cheklangan jamiyatining 2 nafar bosh cho‘poniga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 92-moddasi bilan maʼmuriy ish qo‘zg‘atilib ko‘rib chiqish uchun Konimex tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga yuborildi.
Chorvachilikka ixtisoslashgan olis Uchquduq tumanida 3 ta naslchilik xo‘jaliklari tashkil etilgan bo‘lib, shundan 2 ta qoramolchilik va 1 ta qo‘ychilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida bu yerda ham naslli qoramollarga jaydari mollarni birga qo‘shib boqish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Xususan, tumandagi qoramolchilik yo‘nalishida naslchilik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan “I.I” fermer xo‘jaligi faoliyati o‘rganildi. O‘rganish davomida ushbu fermer xo‘jaligida mavjud qoramollarni naslini tasdiqlovchi hujjati yo‘q bo‘lib, naslchilik hisob kitobi, poda harakati to‘g‘ri yuritilmaganligi, har xil zotga mansub mollar aralash xolda ko‘paytirib kelinayotganligi aniqlandi.
- “Naslchilik to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida naslchilik subyektlari naslli mahsulotning sifatini kafolatlashlari shartligi ko‘rsatib o‘tilgan, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Uchquduq tuman bo‘limi katta inspektori Feruz Boynazarov.- “I.I” fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan bu talablar bajarilmay kelingan. Mazkur qonunbuzilish holati yuzasidan to‘plangan materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun tuman jinoiy sudiga taqdim etilib, fermerga nisbatan tuman jinoiy sudi tomonidan 223 ming so‘m jarima qo‘llanildi.
Shu bilan birga tumanda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan 89 nafar fermer xo‘jaliklariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2017 yil 22 sentyabrdagi 748-sonli qarori ijrosini bajarilishi yuzasidan yozma ogohnomalar berilgan.
Viloyatda Agroinspeksiya inspektorlari tomonidan chorvachilik yo‘nalishidagi nazorat tadbirlari davom etmoqda.
“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi
matbuot xizmati