Ayni kunlarda viloyatimizda g‘allani nest-nobud qilmay o‘rib olish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Shu qatorida g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekish tadbirlari ham jadal olib borilmoqda. O‘rilgan g‘allazorlarni somondan tozalash, shudgorlash va ekin ekishni boshlash jarayonlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan nazoratga olingan.
Maʼlumot o‘rnida aytish joiz, joriy yil viloyatda 30 939 gektar maydonga takroriy ekin ekilishi rejalashtirilgan. Joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, mavsum boshidan buyon 23 093 gektar maydonga takroriy ekin ekilgan bo‘lib, bir kundagi ko‘rsatkich bir kunda 1 491 gektarni tashkil etadi.
Takroriy ekin ekish uchun aholi, xususan, ishsiz aholiga ham yer ajratib berilmoqda. Jumladan, bugungi kunga qadar viloyat bo‘yicha 56 547 nafar aholiga 23 111 gektar yer maydoni ajratib berildi. Shundan ishsizlar soni 10 654 nafar bo‘lib, ularning takroriy ekin ekib daromad olishi, ro‘zg‘orini butlashi uchun 3 340 gektar yer maydoni ajratib berilgani maqsadga muvofiq bo‘lmoqda.
Takroriy ekinlar qatorida sabzavot, poliz, dukkakli, moyli, ozuqa ekinlari va sholi, tariq ekilmoqda. Jumladan, viloyat bo‘yicha 11 693 gektar yer maydoniga dukkakli, yaʼni, mosh, loviya, no‘xat kabi ekinlar ekilgan bo‘lsa, shuning 6 679 gektari Xatirchi tumani fermer xo‘jaliklari yerlariga to‘g‘ri keladi.
Inspeksiya tuman bo‘limi inspektori Alisher Ashurovning maʼlumot berishicha, g‘alladan bo‘shagan maydonlar peshma-pesh somondan tozalanib, o‘z vaqtida takroriy ekin ekish agrotexnik tadbirlari Inspeksiya viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan nazoratga olingan.
Misol uchun, Qiziltepa tumanida 1 iyul holatiga ko‘ra, 17 130 nafar aholiga 8 707 gektar yer maydoni takroriy ekin ekish uchun ajratib berildi. “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan hamda ishsiz fuqaroga imkoniyat yaratish maqsadida qilinayotgan bu xayrli ish eʼtiborga molik bo‘lmoqda. Mavsum boshidan buyon 842 nafar ishsiz fuqaroga yer maydoni ajratib berildi. Ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan sabzavot, poliz, dukkakli ekinlarni yerdan halol mehnat bilan yetishtirish ham daromad manbai, ham oila byudjetiga foyda. Buni anglagan har bir fuqaro takroriy ekin ekib, undan mo‘l hosil olishni niyat qilgan.
Tumanda bir kunda 506 gektar g‘alladan bo‘shagan maydonga takroriy ekin ekilyapti, - deydi Inspeksiyaning Qiziltepa tuman bo‘limi boshlig‘i Umar Tursunov. Asosan, sabzavot, poliz ekinlari ekilib, bu oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda muhim rol o‘ynamoqda.
Jumladan, tumanning “Al-Buxoriy” hududidagi tomchilatib sug‘orish usulida barpo etilgan 355 gektar mevali daraxtzor qator oralariga poliz ekinlari, tarvuz ko‘chatlari o‘tqazildi. Muhimi, yoshlar va ishsiz fuqarolar o‘zlariga ajratilgan yer maydonida ko‘tarinki ruhda takroriy ekin ekib, undan unumli hosil olishni maqsad qilishgan.
Ahamiyatlisi, ayni yo‘nalishda olib borilayotgan nazorat tadbirlari bozorlarimizda to‘kin-sochinlik taʼminlanishi, aholi farovonlik darajasi yana-da oshishiga xizmat qiladi.
“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati