Ру Ўз O`z En

NAVOIYDA G‘O‘ZA MAYDONIDA BIRINCHI ISHLOV BERISH ISHLARI YAKUNLANDI

17 May 2021 4372

Paxta yetishtirishda barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z muddatida va sifatli bajarish o‘ta muhim jarayon hisoblanadi.

Xususan, chigit ekilgan maydonlarda birinchi ishlov berish alohida ahamiyatga ega. Ushbu tadbir sifatli bajarilmasa, ko‘chat bir tekis olinmaydi va dalada nihollar nimjon bo‘lib, kasalliklarga chalinuvchi hamda zararkunandalar bilan zararlanishga moyil bo‘lib qoladi.

 

Joriy yil Navoiy viloyatida 32 588 gektar maydonga chigit qadalgan edi. Bugungi kunda viloyatda chigit ekilgan maydonlarda 1-2 chinbarg, 3-4 chinbarg va 5-6 chinbarg fazalarida rivojlanayotgan nihollarni ko‘rish mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi Navoiy viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan joylardagi g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi ustidan nazorat olib borilmoqda.

Jumladan, viloyatda mavjud 740 dona kultivatorlar g‘o‘za qator oralariga ishlov berishga jalb etilgan bo‘lib, ushbu kultivatorlar yordamida o‘rtacha bir kunda 3,5 gektar maydonda kultivatsiya ishlarini amalga oshirmoqda.

Shuningdek, bugungi kunda viloyatda chigit ekilgan maydonlarda g‘o‘za qator oralariga birinchi ishlov berish ishlari yakunlanib, 50-55 foiz maydonlarda ikkinchi ishlov berish ishlari o‘tkazilmoqda.

Ushbu agrotexnik tadbirni muhumligi shundaki –tuproqning yuza qismini mayin yumshatib, namni saqlash, tuproqning tezroq qizishini hamda mikroorganizmlarning yaxshi rivojlanishini taʼminlaydi hamda dalani begona o‘tlardan tozalaydi - deydi O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori Behzod Bozorov.

G‘o‘za qator oralariga ishlov berishda kultivatorlarning ishchi organlarining to‘liq va to‘g‘ri o‘rnatilishi hamda ularning sozligi inspeksiya tomonidan qattiq nazorat o‘rnatilgan.

Masalan, birinchi ishlov berishda chopiq agregatiga 60 sm kenglikdagi har bir qator orasiga ikki juftdan rotatsion yulduzchalar, ikkitadan qirquvchi pichoq va bittadan o‘qyoysimon panja o‘rnatiladi. Qator orasi 90 sm bo‘lganda ushbu to‘plamga yana ikkitadan qirquvchi pichoq qo‘shiladi. Dalada begona o‘tlar kam bo‘lsa, tuproqni mayin yumshatish uchun qirquvchi pichoqlar o‘rniga yumshatgich panjalarni qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘g‘it solish jarayoni sifatli va meʼyorda amalga oshirilishi uchun o‘g‘it solish apparatlari, o‘g‘it o‘tkazgichlar va o‘g‘it soshniklari ham soz bo‘lishi kerak. Bular bo‘yicha fermerlarga kerakli tavsiyalar berib kelinmoqda.

Maʼlumot o‘rnida qayd etish joiz, bugungi kunda viloyatda g‘o‘za maydonlarini chopiq qilish ishlari 105 foiz, yaganalash ishlari esa 75 foiz maydonda 29 350 nafar ishchilar yordamida amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari mavsum boshidan buyon viloyatda jami 347 ta chuqur yumshatgich bilan 71 foiz maydonida chuqur yumshatish ishlari bajarildi.

G‘o‘za agrotexnikasi tadbirlarining sifatli va o‘z vaqtida olib borilishi ertangi hosilning mo‘l bo‘lishi va xirmonning barakali bo‘lishi garovidir. 

Shuning uchun, viloyatda parvarish qilinayotgan g‘o‘za maydonlarida amalga oshirilayotgan har bir agrotexnik tadbirO‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan doimiy nazoratga olinib, aniqlangan kamchliklarni joyida bartaraf qilish choralari ko‘rib kelinadi.

O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati

Text to speech