Ру Ўз O`z En

NАVOIYDА KUZGI BOShOQLI DON EKIShGА TАYYORGАRLIK QIZGʼIN PАLLАDА

8 Sentyabr 2020 4269

Maʼlumki, don –xalqimiz rizq-roʼzi, farovonlik omili sanaladi. Xalqimiz non va non mahulotlarini koʼp isteʼmol qiladigan davlatlar qatoriga kiradi. Oʼzbek dasturxonining bosh bezagi ham non hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizda gʼalla yetishtirish, gʼalla maydonlarini oziqlantirish, bu boradagi agrotexnik tadbirlarni kechiktirmay olib borishga katta eʼtibor karatilgan. 2021 yil hosili uchun ekilishi rejalashtirilayotgan boshoqli don ekinlarini ekish qishloq xoʼjaligidagi dolzarb masalalar sirasiga kirishi ham shundan. Navoiy viloyatining Xatirchi, Navbahor, Konimex, Karmana, Qiziltepa tumanlari fermer xoʼjalik dalalarida mazkur mavzuga oid koʼrgazmali oʼquv amaliy seminarlar boʼlib oʼtdi.

Unda viloyat hokimining qishloq va suv xoʼjaligi masalalari boʼyicha oʼrinbosari Saʼdulla Istamov, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasinining viloyat hamda tuman boʼlimlari rahbarlari, qishloq xoʼjaligiga aloqador korxona va tashkilot rahbarlari hamda gʼalla ekish “otryad” rahbarlari, gʼallachilik yoʼnalishidagi fermer xoʼjalik rahbarlari ishtirok etishdi.

Seminarlarda 2021 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish mavsumiga tayyorgarlik koʼrish, sifatli qilib, konvert usulida yerga yer qoʼshgan holda yer tayyorlash va ekish ishlarini talab darajasida amalga oshirish toʼgʼrisida soʼz bordi. Shuningdek, ekilgan gʼalla maydonlarini sugʼorishdagi mavjud tartiblarni amalga oshirish, don ekish seyalkalari afzalliklari haqida ham gapirildi.

Maʼlumot oʼrnida aytish kerak, viloyatda joriy yil 38 ming 39 gektar maydonga kuzgi boshoqli don ekish moʼljallangan boʼlib, uning 8 ming 565 gektari ochiq maydonga, 29 ming 474 gektari gʼoʼza qator orasiga ekilishi rejalashtirilgan. Gʼalla maydonlarini ekishga tayyorlash, shuningdek, 2021 yil hosili uchun urugʼlik donni saralash, dorilash ishlarini sifatli bajarilishi, urugʼlik donni qayta ishlash sexlarida mavsumga hozirlikni koʼngildagidek borishi “Oʼzagroinspektsiya” viloyat boshqarmasi xodimlari nazorati ostida davom etmoqda.

Inspektsiya viloyat boshqarmasi katta inspektori Аbbos Rizoqulovning taʼkidlashicha, “Navoiydonmahsulotlari” АJ korxonasining urugʼlik don tayyorlash shoxobchalari tomonidan 2020 yil hosilidan jami 9705 tonna shundan 1-urugʼlik sexga 3268 tonna, 2-urugʼlik sexga 6436 tonna urugʼlik don jamgʼarilgan.

Jamgʼarilgan urugʼlik donlarning 206 tonnasi Super elita avlodli, 3890,6 tonnasi Elita avlodli va 5607,9 tonnasi R-1 avlodli urugʼlik donlar tashkil etadi. Bugungi kunda grafik boʼyicha dorilash rejasi 7385 tonna boʼlib, amalda dorilash ishlari 8175 tonna yoki grafikka nisbatan 368 tonna ortiqcha dorilangan.

Joriy yil Qiziltepa tumanida 10 ming 224 gektar maydonga kuzgi boshoqli don ekish koʼzda tutilgan. Uning 3 ming 756 gektari ochiq maydonga, 6 ming 468 gektari gʼoʼza qator orasiga toʼgʼri keladi. Xususan, tumanning “Аrabon” hududida joylashgan Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Navoiy viloyati ilmiy tajriba stantsiyasining 50 gektar maydondagi gʼoʼza qator orasiga urugʼlik ekiladi.

- Urugʼlik donning “Аsr”, “Grom”, “Davr” va boshqa navlaridan ekishni moʼljallab turibmiz, - deydi filial direktori Аbubakir Togʼaev - Don unib chiqishi va parvarishi sifat darajasida boʼlishiga ahamiyat qaratganmiz. Shunga koʼra, Turkiyaning mineral oʼgʼitlar ishlab chiqaruvchi “Аgro-Аntalya” firmasi bilan hamkorlikni yoʼlga qoʼydik. Bugungi kunda 420 kilogramm bugʼdoyning oʼsib chiqishidan to don boʼlgancha jarayonni qamrab oladigan kimyoviy oʼgʼitlar keltirilib, zaxira yaratilgan. Hosildorlikni 70-80 sentnerga olib chiqishni reja qilganmiz.

Taʼkidlash kerakki, kuzgi boshoqli don ekish bilan bogʼliq barcha jarayonlar “Oʼzagroinspektsiya”ning viloyat boshqarmasi hamda tuman boʼlimlari inspektorlari tomonidan nazorat qilib borilmoqda.

Viloyatda 10 sentyabrdan boshlanadigan ekish tadbirlarini 10 oktyabrgacha yakunlash belgilangan.

 

“Oʼzagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati

Text to speech