Navoiy viloyatida joriy yilda 32 ming 588 gektar maydonlardan 110 800 tonna paxta xom-ashyosi yetishtirish rejalashtirilgan.
Bugungi kunga kelib viloyatning Qiziltepa, Xatirchi, Karmana, Navbahor va Konimex tumanlarida paxta terimi boshlandi. Ayni qizg‘in mavsumda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari zimmasiga muhim vazifalar yuklatilgan. Jumladan, terim mavsumida qatnashadigan transport traktorlari, tirkamalarning taʼmirlash maskaniga yig‘ilishi, mavsumga soz holatda qatnashishi, paxta qabul qilish maskanlaridagi laboratoriyalar hozirligi va boshqalar Inspeksiya viloyat boshqarmasi xodimlari nazorati ostiga olingan.
“O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori Behzod Bozorov bergan maʼlumotlarga ko‘ra, paxta terimi mavsumida viloyat bo‘yicha 339 ta transport traktorlari va 982 ta tirkamalar qatnashishi belgilangan. Bugungi kunda ushbu texnikalarning barchasi taʼmirlanib, mavsumga qatnashishga soz va shay holatga keltirilgan.
Viloyat bo‘yicha jami 1 ming 315 tonna paxta terib olingan bo‘lsa, bir kundagi ko‘rsatkich 564 tonnani tashkil etmoqda. Tumanlar kesimida tahlil qilganda, yig‘ib olinayotgan paxta hosilining asosiy hissasi Qiziltepa tumanining O‘rtacho‘l massivi “Xudoyor Sulaymonov”, “O‘rtacho‘l yulduzi”, “Toshrabot”, “Vang‘ozi”, “Zarmetan” hududlarida joylashgan fermer xo‘jaliklar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Tumanda bugungi kunda 86 ta fermer xo‘jaliklarida terim ishlariga kirishilgan. Tuman bo‘yicha mavsum boshidan buyon 1 ming 315 tonna “oq oltin” terilib, paxta qabul qilish maskanlariga yetkazildi.
- Tumanning paxta xomashyosi topshirish shartnoma rejasi 28 496 tonnani tashkil qiladi, - deydi Inspeksiyaning Qiziltepa tuman bo‘limi boshlig‘i Umar Tursunov. - Chigit qadalganidan boshlab terim boshlanguniga qadar bo‘lgan agrotexnik jarayonlar inspektorlarimiz tomonidan nazorat qilib borildi. Terimda qatnashadigan 52 ta transport traktorlari, 270 ta tirkamalar soz holatga keltirildi. “Baxt tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatining Qiziltepa tuman filialiga qarashli to‘rtta paxta qabul qilish maskanlarida Inspeksiya tuman bo‘limi xodimlari hamda boshqa daxldor tashkilotlar bilan birga paxta qabul qilishda fermer va klaster korxonalari o‘rtasidagi mojarolarni oldini olish maqsadida arbitraj guruhlari tuzildi. Barcha paxta qabul qilish maskanlari zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan taʼminlanib, ularning sozligi Davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilgani inspektorlarimiz tomonidan o‘rganildi.
- 24 gektar maydonga chigitning “Buxoro 6” navidan ekkan edik - deydi tumandagi “Birdamlik” fermer xo‘jaligi raisi Narzullo Fayzullayev. – Bir necha kunda shartnoma rejasini bajarishni mo‘ljallab turibmiz. Paxta maydonida hosil mo‘l. Hosilni paxta qabul qilish maskanlariga topshirishda hozircha hech qanday muammoga duch kelayotganimiz yo‘q.
Maʼlumot o‘rnida qayd etish joiz, viloyat bo‘yicha paxta maydonlarida yig‘im-terim ishlari surʼati kundan kunga oshyapti. Terimchilarga yaratilgan sharoitlar, ularga ish haqlarining o‘z vaqtida berilishi, terimga jalb etilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari sozligi Inspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan nazorat qilib borilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati