Ру Ўз O`z En

NAVOIYLIK PILLAKORLAR ZAFAR MARRASIDA

10 Iyun 2022 2068

Maʼlumki, ipakchilik to‘qimachilik sanoati va xalq xo‘jaligini tabiiy ipak xom-ashyosi bilan taʼminlashi bilan muhim sohalardan biri hisoblanadi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, tabiiy ipak pishiqligi, cho‘ziluvchanligi, chidamliligi, ko‘rkamligi, yengil va nafisligi, havo o‘tkazuvchanligi bilan boshqa gazlamalardan va sunʼiy tolalardan ustun turadi.

Shuning uchun ham tabiiy ipakdan xalq xo‘jaligini turli sohalarida keng foydalanib kelinmoqda. Navoiy viloyatida ham ipakchilikni rivojlantirish, mo‘l-ko‘l va sifatli pilla xom-ashyosini yetishtirish chora-tadbirlari ko‘rilgan.

Viloyatda beshta pilla yetishtiruvchi korxona mavjud bo‘lib, birinchi va ikkinchi mavsum davomida 17 ming 878 quti tut ipak qurtidan 1 ming 19 tonna pilla xom-ashyosini yetishtirish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda mavsum boshidan buyon viloyat bo‘yicha jami 986 ming 5 tonna pilla tayyorlandi. Har bir qutidan o‘rtacha hosildorlik esa 57,2 kilogrammga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan pilla xom-ashyosi yetishtiruvchi korxonalarda Davlat rahbarining “Pillachilik tarmog‘ida chuqur qayta ishlashni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Pillachilik tarmog‘ida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari, shuningdek, sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi hamda 2022 yil hosili uchun pilla xom-ashyosini yetishtirishga tayyorgarlik jarayonlari o‘rganilmoqda.

Bundan tashqari, viloyatda 2022 yil pilla xom-ashyosini yetishtirish uchun pillani qayta ishlash korxonalari va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida kontraktatsiya shartnomalari, shuningdek, fermer xo‘jaliklari bilan qurt boquvchilar o‘rtasida ichki shartnomalar, tutzorlarga biriktirilgan kasanachilar bilan kasanachilik shartnomalari tuzilgani yuzasidan doimiy o‘rganishlar olib borilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ogohlantirish va yozma ko‘rsatmalari berilishi, tegishli hokimlik va tashkilotlarga taqdimnomalar kiritilishi taʼminlandi.

-Xususan, Karmana tumanidagi “Karmana Ipak qurti urug‘i” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 283 ta fermer xo‘jalik hamda 99 ta tutzorlarga biriktirilgan kasanachilar bilan kasanachilik shartnomalari to‘liq tuzilgan.

Tuzilgan shartnoma shartlari to‘liq bajarilishi va sohaga oid qonunchilik talablariga rioya etilishi natijasida korxona tomonidan 459 quti ipak qurtidan 26,1 tonna pilla yetishtirib, belgilangan rejani bajarilishiga erishildi. Mazkur korxonada doimiy tarzda monitoring tadbirlarini olib borganmiz, - deydi “O‘zagroinspeksiyaning Karmana tuman bo‘limi katta inspektori N. Xudoyberdiyev.

Bugungi kunda ipak qurti boquvchilarga har bir kilogramm pilla uchun davlatimiz tomonidan 5 ming so‘m miqdorida subsidiya to‘lab berilmoqda.

Ipak qurtining muhim ozuqasi bo‘lgan tut ko‘chatlari ekish va tutzorlar barpo qilish bo‘yicha ham “O‘zagroinspeksiya” xodimlari tomonidan monitoring ishlari olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Jumladan, Karmana tumanida bahor mavsumida 451 ming dona tut ko‘chati ekildi.Viloyat bo‘yicha esa mavsum boshidan buyon 3 mln. 992 ming tup tut ko‘chatlari o‘tqazildi.

Pillachilikni rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan bu kabi ijobiy o‘zgarishlar va saʼyi-harakatlar kelgusida o‘z samarasini berishi, shubhasiz.

Z. Boboyeva, O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi matbuot xizmati rahbari

 

Text to speech