2024-yil paxta hosilini o‘z vaqtida yig‘ib-terib olish maqsadida respublikada 136 ta paxta to‘qimachilik klasterlari korxonalari hamda 30 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari paxta xomashyosini yetishtirish ishlari bilan shug‘ullanib kelishmoqda.
Respublika bo‘yicha faoliyat olib borayotgan paxta to‘qimachilik klasterlariga qarashli 394 ta paxta tayyorlov maskanlari 2024-yil paxta hosilini qabul qilish bo‘yicha barcha zaruriy tadbirlarni amalga oshirilganligi bo‘yicha “O‘zagroinspeksiya” tomonidan monitoring tadbirlari o‘tkazildi. Monitoring tadbirlarida tarozi-xonalarning tayyorgarligi, tarozilarni metrologik qiyoslovdan o‘tganligi, paxta qabul qilish maskanlari va ulardagi sinov laboratoriyalari qiyoslovdan o‘tkazilganligi, yopiq va ochiq g‘aram maydonlar, shuningdek, yuklash-tushirish mexanizatsiya vositalari hamda yoritish moslamalarini taʼmirlanishi kabi muhim jihatlar eʼtiborga olindi. Bir so‘z bilan aytganda paxta qabul qilish maskanlarini to‘liq shay holatiga keltirilishi Inspeksiya tomonidan nazoratga olindi.
Qishloq xo‘jaligi korxonalari va tadbirkorlik subyektlarida paxta mahsuloti yetishtirish va qabul qilish bo‘yicha tuzilgan shartnomaviy majburiyatlarning bajarilishi, nobudgarchilikni kamaytirish, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan zararlarni oldini olish va nizolarni o‘z vaqtida joyida hal etish maqsadida “O‘zagroinspeksiya” tomonidan barcha viloyat boshqarmalarida mobil arbitraj guruhlari tashkil etildi.
Shuningdek, sentyabr oyida Inspeksiya huzuridagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasining hududiy filiallarida paxta xom-ashyosini davlat standartlari asosida qabul qilinishi bo‘yicha sohada faoliyat olib borayotgan barcha mutaxassislar ishtirokida o‘quv seminarlari tashkil etildi.
Seminarda “O‘zagroinspeksiya”ning viloyatlar boshqarmalari mutaxassislari ishtirok etib, yig‘ilganlarga Mobil arbitraj guruhlarining vazifalari, fermer xo‘jaliklari, klasterlar va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga ko‘rsatilishi belgilangan amaliy yordam tadbirlari bo‘yicha rasman xabardor qilish va dastlab ularda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilishini oldini olish hamda sohaga oid amaldagi qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
2024-yil paxta hosilini qabul qilishda nizolarni joyida tezkor hal etish shuningdek, qabul qilinayotgan paxta xom-ashyosining sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘ri tahlil qilinishi “O‘zagroinspeksiya” tomonidan muntazam nazorat qilib borilmoqda.