Ру Ўз O`z En

NAZORAT: urug‘lik maydonlarda g‘alla o‘rim-yig‘im ishlarini tashkil etish tartibi qanday? 

15 Iyun 2023 1887

Respublikamiz bo‘ylab, g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari avj pallaga kirayotgan masʼuliyatli damda urug‘lik g‘alla maydonlarini o‘rish ishlariga alohida eʼtibor qaratilib, inspeksiya tomonidan nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.

 

Hukumatning 2023 yil 3 iyundagi “2023 yil hosilidan bug‘doy xarid qilish va ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024 yil g‘alla hosili uchun 240 ming 450 tonna urug‘lik don jamg‘arilishi belgilangan. 

Shundan “O‘zdonmahsulotAK tizimidagi hududiy 28 ta don korxonalaring 46 ta shoxobchalariga 109 750 tonna, “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” ga qarashli 17 ta urug‘lik sexlariga 99 750 tonna va Klaster korxonalarining 9 ta urug‘lik qabul qilish maskanlariga 30 950 tonna urug‘liklar jamg‘ariladi.

Respublikada  2023 yil hosilidan hisobot davrida, aprobatsiya natijalariga asosan jami 128 ta tumandagi 2 916 ta subyektlarning 80 ming gektar urug‘lik maydoni yaroqli, 685 ta subyektlarning 10 ming gektar urug‘lik maydonlari yaroqsiz deb topildi.

Urug‘lik maydonlarda o‘rim-yig‘im tadbirining dolzarbligini hisobga olib Vazirlar Mahkamasining «Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida» 2021 yil 12 oktyabrdagi 641-sonli qarorida, tanlovdan o‘tgan urug‘lik yetishtiruvchi subyektlarning vazifa va funksiyalari ko‘rsatilgan. Unda urug‘lik uchun ekilgan boshoqli don ekinlari maydonlari urug‘lik don o‘rish uchun ajratilgan kombaynlarda o‘rilishi, urug‘lik donni maxsus ajratilgan avtomashina bilan tashilishi alohida belgilab berilgan.

Shu sababli, urug‘lik maydonlarni o‘rish ishlari o‘ta masʼuliyatli vazifalardan biri hisoblanadi. Joriy yil g‘alla hosilidan sifati kafolatlangan urug‘liklarini nes - nobud qilmasdan o‘z vaqtida  yig‘ishtirib olish maqsadida chora-tadbirlar belgilanib, quyidagilarni amalga oshirish zarur:

-birinchidan,  bug‘doyning seleksion navlarini har bir avlodlari bo‘yicha o‘z vaqtida jamg‘arish maqsadida urug‘lik g‘alla maydonlarida urug‘lik g‘allani o‘rish hamda tashish uchun alohida o‘rim-yig‘im otryadlari tashkil etish;

-ikkinchidan, boshoqli don ekinlari urug‘lari sifatini kafolatli bo‘lishini taʼminlash maqsadida, urug‘lik g‘alla maydonlarining aprobatsiya ko‘rigidan o‘tganligi bo‘yicha tuzilgan dalolatnomalar o‘rganilib, “yaroqli” deb topilgan urug‘lik maydonni  o‘rish uchun alohida kombayn va ularga yetarlicha tashish transportlarini ajratish;

-uchinchidan, urug‘lik don o‘rish kombaynlarining old oynasiga alohida ajralib turuvchi rangdagi “URUG‘LIK G‘ALLA-2023‘ belgisi,  kabina tepasiga rangli bayroqcha va tashish texnikalariga “Urug‘lik g‘alla tashiydigan avtomashina” yozuvlarini o‘rnatish;

-to‘rtinchidan, urug‘lik uchun ajratilgan kombaynlar tovar don o‘rish yoki tashish uchun jalb qilinmasligi, bir navni o‘rib tugatganidan so‘ng ikkinchi navni o‘rish oldidan texnikalardagi don qoldiqlarini to‘liq tozalash;

-beshinchidan, urug‘lik g‘alla maydonlarda bug‘doylar to‘liq fiziologik pishib-yetilib- bug‘doy donidagi namlik 14-16 foiz bo‘lgach,  to‘la pishish fazasiga o‘tgandan so‘ng o‘rish ishlarini amalga oshirish;

-oltinchidan,  urug‘lik maydonlarning dala chetlaridagi g‘alla o‘rib olinib, uning 1-2- bunkeri tovar donga topshirilgach, qolgan qismini urug‘lik don uchun  topshirilishini nazorat qilish talab etiladi.

Hukumatning 2021 yil 12 oktyabrdagi 641-sonli qaror bilan tasdiqlangan «Urug‘lik donni qabul qilish, tayyorlash, dorilash, tarqatish va sifatini nazorat qilish tartibi to‘g‘risida»gi nizom talablariga rioya etilishida quyidagilarga eʼtibor qaratish lozim bo‘ladi:

1. Qabul qilinayotgan urug‘lik materiallarini tahlil o‘tkazilayotgan ishlab chiqarish-texnologik laboratoriyalari zarur o‘lchov vositalari, sinov uskunalari, reaktivlar va boshqa vositalar bilan taʼminlanganligi, laboratoriya uskunalarini metrologik ko‘rikdan o‘tkazilganligi;

2. Urug‘lik don topshiruvchi subyektlar tomonidan don korxonalariga keltirilgan urug‘lik donning tashqi alomatlari (shakli, tipi, rangi) standart talabiga javob berishi hamda navli urug‘lik donlarni tegishli hujjatlarisiz qabul qilish va joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaganligini;

3. Urug‘lik qabul qilayotgan ombor va maydonchalar joriy taʼmirlanib, zararkunandalarga qarshi dezinfeksiya ishlari amalga oshirilganligi hamda urug‘lik donlarni dislokatsiyaga qatʼiy amal qilingan holda alohida to‘siq bilan himoyalangan, maydonchalarga nav va avlodlar bo‘yicha qabul qilish va yorliqlar osib qo‘yish;

4. O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritilmagan va aprobatsiya dalolatnomalari mavjud bo‘lmagan yoki to‘liq to‘lg‘azilmagan, urug‘liklarni qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi;

5. Urug‘lik don hujjatlarsiz yoki noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan hujjatlar bilan keltirilgan har bir holat bo‘yicha korxona rahbari, laboratoriya xodimi, “O‘zagroinspeksiyaning hamda urug‘lik yetishtiruvchi subyektning mutaxascisi va urug‘lik don topshiruvchi ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirilishi talab etiladi.

Yuqoridagilarda kelib chiqib, respublikada kelgusi yil hosili uchun standart talabiga javob beradigan urug‘lik don jamg‘arish maqsadida, O‘zagroinspeksiya” va Inspeksiya qoshidagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash” markazining jami 245 ta tajribali xodimlari biriktirildi.

Joylarga biriktirilgan xodimlarga dala aprobatsiya ko‘rigidan o‘tgan va “yaroqli” deb topilib aprobatsiya dalolatnomalari rasmiylashtirilgan maydonlarni o‘rish uchun alohida kombayn va tashish texnikalari amalga oshirilishi hamda urug‘lik bug‘doy navlarining aralashib ketmasligi uchun oraliq masofaga eʼtibor berish va alohida to‘siq bilan himoyalangan maydonchalarga qabul qilish bo‘yicha vazifalar yuklatilib, bu boradagi nazorat tadbirlari davom etmoqda.

Sh.Xayitov , “O‘zagroinspeksiyaning Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larining yetishtirilishini  nazorat qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi               

 

Text to speech