Kuz oylarida bogʼ-tokzorlar, mevali bogʼlarda olib boriladigan ishlarni toʼgʼri rejalashtirish katta ahamiyat kasb etadi. Mevali daraxtlardan kelgusi yilda yuqori hosil yigʼib olish uchun noyabrь oyida bajariladigan agrotexnik tadbirlar muhim hisoblanadi.
Noyabrь oyida bogʼ - tokzorlarda kelgusi yilda moʼl va sifatli hosil olish uchun quyidagi ishlarni amalga oshirish talab qilinadi: 1. Bogʼ va tokzorlardagi toʼkilgan barglarni yigʼib olish va daladan tashqariga chiqarib tashlash; 2. Bogʼ va tokzorlarning atrofini 25 - 30 sm chuqurlikda agʼdarish; 3. Mevali daraxtlarning kasallangan novdalarini kesib tashlash; 4. Qurib qolgan, singan shohlarni qirqib olib tashlash; 5. Bogʼ qator oralarini agʼdarib, haydash ishlarini amalga oshirish; 6. Ob-havo sharoitiga qarab, yogʼingarchilik boʼlmagan kunlarida daraxtlarning barglari 70-80 % toʼkilgan bogʼlarni monilioz, parsha va boshqa kasalliklarga qarshi Fitalovin+Farmoed (10 l suvga 20 g + 5 g) yoki Karbomidning 6 yoki Bordo suyuqligining 3 foizli eritmasi bilan jiqqa hoʼl qilib yuvish; 7. Noyabrь-Dekabrь oylarida daraxtlarga yahob suvi berish.
Shu bilan bar qatorda bogʼlarda, mevali daraxtlarni birinchi galda oʼrik, shaftoli, olxoʼri, gilos, yirik mevali olcha daraxtlarining tana va ona shohlarini oqlash talab etiladi. Bunda 10 l suvga 2 kg. tuproq, 1,5 kg ohak hamda mol shatmogʼi qoʼshib aralashma tayyorlanib oqlansa, oqlangan joy tez yuvilib ketmasligini tajribali fermerlarimiz juda yaxshi bilishadi.
Shuningdek, mutaxassislarni taʼkidlashicha bogʼlarni shudgor qilishdan oldin hosilli bogʼlarga har 2-3 yilda bir marotaba gektariga 20-40 tonna organik oʼgʼit (goʼng), har yili mineral oʼgʼitlardan sof holda fosfor 150-180 kg, kaliy 50-60 kg solinib, bogʼlar 35-40 sm, tokzor qator oralari esa 25-35 sm chuqurlikda shudgor qilinishi kerak. Shunda bogʼ va tokzorlardan yuqori sifatli hosil olish mumkin. Boʼz tuproqlardagi bogʼ va tokzorlarga har yili sof holda 60-90 kg fosfor va 60 kg kaliy solinishini maqsadga muvofiq boʼlib, bu orqali bogʼ va tokzorlarning hosildorligi hamda turli kasalliklarga va sovuqqa chidamliligini oshirini keltirib oʼtishgan.
Yer osti suvlari chuqur boʼlgan hamda mavsumda yetarli darajada sugʼorilmagan bogʼ va tokzorlarga yahob suvi berilishi kelgusi yilda yuqori hosil olish imkoniyatini yaratadi. Noyabrь oyida bogʼ va tokzorlar atrofida mahalliy oʼgʼitlarni jamgʼarish, tokzorlarda simbagʼazlarni taʼmirlash ishlari olib boriladi. Rezavor mevali oʼsimliklar: qulupnayzorlar qator oralari 12-15 sm chuqurlikda yumshatilib, gektariga 15-20 tonna hisobida mahalliy oʼgʼit (goʼng) solinadi. Shunda oʼsimlik qishki sovuq urishdan saqlanadi va kelgusi yili moʼl hosil beradi. Malinazorlarda qurigan malina novdalari kesib tashlanib, dala chetida yoqib yuboriladi. Mineral oʼgʼitlardan sof holda gektariga fosfor 60–90 kg, kaliy 30–45 kg hamda organik oʼgʼitlardan goʼng 10–15 tonna solinib, qator oralari 12–15 sm chuqurlikda shudgorlanadi. Tuproqda namlik yetarli boʼlmasa, u holda qoʼshimcha sugʼorish ishlari amalga oshiriladi.
Noyabrь oyining ikkinchi yarmidan yangi bogʼlar barpo qilish, yaʼni mevali koʼchatlarni ekish mumkin. Bunda asosan urugʼ mevalilar olma, nok va behi koʼchatlari ekiladi. Danakli mevalilardan oʼrik, shaftoli, olxoʼri, gilos, olcha koʼchatlari esa erta bahorda ekiladi, chunki ular sovuqqa chidamliligi pastroq boʼlganligi bois, sovuq kuchli boʼlgan vaqtda sovuq urishi mumkin. Tokzorlarda toklarni kesish, qoʼndoqlash, dorilash va koʼmish ishlarini noyabrь oyining birinchi yarmida tugallash katta ahamiyatga ega. Chunki bu yilgi ob havo sharoiti salqin boʼlishi kuzatilayotgan bir paytda barcha dala ishlarini noyabrь oyida tugatish kelgusida yaxshi natija olishga imkoniyatini yaratadi.
Bundan tashqari, toklarni kesishda eng avvalo kasalliklar bilan zararlangan novda va zanglar qirqib olinib, tokzordan tashqariga chiqarib tashlanib yoqib yuboriladi. Kesilgan tok tuplari qoʼndoqlanib yotqizilgach, koʼmishdan oldin oidium (kul), antraknoz va rak kasalliklari yuqumiga qarshi 3 foizli Bordo suyuqligi yoki 5 foizli ohak-oltingugurt qaynatmasi bilan yoki mis kuporosining 1 foizli yoki temir kuporosining 3 foizli eritmasi bilan jiqqa hoʼllab purkash zarur boʼladi. Toklar toʼliq koʼmilib boʼlgach qator oralariga mineral oʼgʼitlardan sof holda fosfor 90-120 kg, kaliy 40-45 kg hamda 10-15 tonna goʼng solinib, tuproq 25-30 sm chuqurlikda shudgor qilinadi.