O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Qorako‘lchilik tarmog‘ini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ- 4420-sonli qaroriga asosan, 2019–2023 yillarda qorako‘lchilik xo‘jaliklariga yetishtirilib eksportga sotilgan har bir dona qorako‘l terisi uchun Davlat byudjetidan 50 ming so‘mdan va qorako‘lcha terisi uchun 75 ming so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilandi.
Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatning Nurobod tumanida qorako‘l qo‘ylarining naslini yaxshilash, sifatli va eksportbop qorako‘lcha terilar ishlab chiqarishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Viloyatning Nurobod tumanidagi mavjud 94 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarga tegishli 364 ming gektar yaylovlarda 162 ming boshdan ziyod mayda shoxli mollar parvarishlanmoqda. Shularning 31 ming boshdan ortig‘i qorako‘l qo‘ylarni tashkil etadi.
Ayni kunlarda Nurobodlik chorvadorlar 6 ta fermer xo‘jaliklari va 6 ta masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan parvarishlanayotgan qorako‘l qo‘ylaridan sifatli nasl olish yuzasidan to‘l mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazishmoqda.
Eʼtiborli jihati, Prezidentimizning yuqoridagi qarori asosida yetishtirib eksportga sotilgan har bir dona qorako‘l terisi uchun Davlat byudjetidan 50 ming so‘mdan va qorako‘lcha terisi uchun 75 ming so‘mdan subsidiya ajratilishi qorako‘l qo‘ylarning naslini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
O‘tgan yili tuman otarlariga Afg‘oniston respublikasi, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridan naslli qorako‘l qo‘chqorlar keltirildi. Shu orqali naslchilik ishlari ilmiy asosda takomillashtirilmoqda.
-Joriy yilgi to‘l mavsumida ona qo‘ylarni sunʼiy qochirish evaziga sifatli va eksportbop qorako‘lcha terilar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, tumanning Kattaqo‘rg‘on MCHJ tomonidan 10 ming mayda shoxli mollar parvarishlanmoqda. Mazkur xo‘jalikda Afg‘onistondan keltirilgan naslli qorako‘l qo‘chqordan eksportbop “Ko‘k qorako‘lcha” nasli yaratildi,-deydi “Kattaqo‘rg‘on” MCHJ rahbari Yo‘ldosh Kazakov.
-Agroinspeksiyaning Nurobod tuman bo‘limi tomonidan to‘l mavsumining uyushqoqlik bilan o‘tkazilishi, tug‘ilayotgan qorako‘l qo‘zilarga identifikatsiya raqam belgilari berilishi masalalariga aloxida eʼtibor qaratilmoqda,-deydi Agroinspeksiyaning Nurobod tuman bo‘limi katta inspektori Bovanar Sag‘dullayev.
Joriy yil to‘l mavsumi davomida mavjud 60 ming bosh ona qo‘ydan 55 ming boshdan ortiq qo‘zi olish rejalashtirilgan. Natijada o‘rtacha 20 ta yangi otarlar shakllantirilib, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati