Ohangaron tuman hududi janubiy sharqda Qurama, shimol va shimoliy g‘arbda Chatqol tizmalari ortasidagi vodiyda joylashgan. Bu tog‘ tizmalari Qamchiq dovonida birlashadi.
Tog‘lardan tushayotgan soylar yon bag‘irlarini yuvib, adir yaylovlar hosil qilgan. Tumanda qo‘ychilikni rivojlantirishga yaxshi sharoit mavjud.
Hozirgi kunda, tumanda qo‘ychilik faoliyati bilan jami 119 ta tadbirkorlik subyektlari tomonidan qo‘ylarning asosan “Hisori”, “Merinos”, “Edilbay”, “Romanov” va Jaydari zotlari urchitilmoqda.
Tumanda qo‘ychilikda naslchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan xo‘jaliklar soni 11 tani tashkil etadi.
Nasldor qo‘ychilikni rivojlantirish maqsadida “Agro Eko Innovatsiya” naslchilik fermer xo‘jaligi tomonidan joriy yilda Qirg‘iz Respublikasidan 770 bosh hamda Rossiya Federatsiyasidan 200 bosh “Romanov” zotli naslli qo‘ylar keltirildi.
“Romanov” zotli qo‘ylar o‘tgan asrda dehqonlar tomonidan dag‘al junli qo‘ylarni tanlash va saralash orqali urchitish yo‘li bilan yaratilgan zot bo‘lib, eng qadimgi va keng tarqalgan qo‘y zotlaridan hisoblanadi.
Mazkur qo‘ylar kalta dumli qo‘ylar guruhiga kiradi. Qo‘ylarning jun qoplami tivit va qiltiqdan tashkil topgan. Qo‘ylarning balandligi 70 sm, kuchli konstitutsiyali hamda kuchli suyaklar va mushaklarga ega. Mazkur zotdagi ona qo‘ylar sermahsul hisoblanib, ulardan bir yilda 5 va undan ko‘p qo‘zi olish imkoniyati mavjud.
Yosh qo‘zilar 7 - 8 oyligida 35 kg, etilgan qo‘ylar 80 - 90 kg, sovliqlari 45 - 50 kg atrofida bo‘ladi. 100 kunlik qo‘zining tirik vazni 20 - 22 kilogrammni tashkil etadi. “Romanov” zotli qo‘ylar mavsumga qaramay ikki yilda 3 avlod berishi mumkin.
Ushbu zotdagi qo‘ylar yuqori sut mahsuldorligiga ham ega bo‘lib, o‘rtacha bir bosh qo‘ydan 100 kun mobaynida 100 - 110 kg-gacha sut sog‘ib olish mumkin. Sutning yog‘lilik darajasi 7 - 8%ga teng. “Romanov” qo‘ylariga alohida parvarish talab etilmaydi.
Qalin teri va qalin jun tufayli qishning sovuq kunlarida ham o‘zlarini qulay his qilish qobiliyatiga ega. Mazkur zotdagi qo‘ylar yaylov sharoitida doimiy ravishda ochiq havoda sayr qildirish ularda har xil kasalliklarning, stresslarning oldini olishga, nasldorlik sifatlarining yaxshilanishiga hamda jun sifatining yaxshilanishiga olib keladi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Toshkent viloyati boshqarmasi hamda Ohangaron tuman bo‘limi tomonidan “Agro Eko Innavatsiya” naslchilik fermer xo‘jaligida doimiy monitoring - profilaktika tadbirlari o‘tkazilib, qo‘ylarning nasl va mahsuldorlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash, qo‘ylardan yuqori sifatli nasldor qo‘zilar olish hamda qo‘y junining sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida zaruriy amaliy - uslubiy tavsiyalar berib borilmoqda.
A.Boltayev, “O‘zagroinspeksiya”ning Toshkent viloyat
boshqarmasi bosh inspektori