«O‘zagroinspeksiya»ning hududiy boshqarmalari hamda tuman bo‘limlarining soha mutaxassislari tomonidan g‘alla maydonlarida barcha agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi yaʼni g‘allani rivojlanish fazalari bo‘yicha holati, mineral o‘g‘itlar bilan uchinchi oziqlantirish ishlarining borishi, mahalliy o‘g‘it jamg‘arish va sharbat usulida sug‘orish, begona o‘tlar, kasallik hamda zararkunanda hasharotlarga qarshi kurash ishlarining amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat qilib borilmoqda.
Xususan, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida ayni paytda hududlarda g‘alla maydonlarining 880,2 ming gektari naychalash, 116,7 ming gektari tuplash fazasida rivojlanayotganligi aniqlandi.
Bugungi kunda, g‘allani rivojlanish holatidan kelib chiqib, azotli mineral o‘g‘itlari bilan bahorgi uchinchi oziqlantirish ishlari 41,5 ming gektar (4,2%) maydonda amalga oshirilgan bo‘lib, bahorgi birinchi sug‘orish ishlari 901,4 ming gektar (90,4%) va ikkinchi sug‘orish ishlari 340,5 ming gektar (34%) maydonlarda o‘tkazilgan.
Shuningdek, hududlarda 583 ming gektari yoki 58,5 foiz maydonlarda g‘allani zang kasalligiga qarshi fungitsidlar bilan ishlov berilgan bo‘lib, 716,9 ming gektar yoki 72 foiz maydonlarda begona o‘tlarga qarshi gerbitsidlar bilan ishlov berilgan.
Mavsum davomida «O‘zagroinspeksiya» tomonidan g‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlarning muddatida va sifatli o‘tkazilishi yuzasidan 23085 ta nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Xususan, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 3469 ta subyektlarning 22417 gektar maydonlarida g‘alla siyrak unib chiqqanligi, 2314 ta subyektlarning 14228 gektar maydonlarida g‘alla sarg‘aygan va rivojdan orqada qolganligi, 2375 ta subyektlarning 16052 gektar maydonlarida g‘alla azotli mineral o‘g‘itlar bilan sifatsiz oziqlantirilganligi, 565 ta subyektlarning 2571 gektar maydonlarida g‘alla bargidan sifatsiz oziqlantirilganligi va 172 ta subyektlarning 845 gektar maydonlarida g‘alla payhon qilinganligi holatlari aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish va kelgusida bu kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, Inspeksiya tomonidan soha masʼullariga 406 ta taqdimnomalar kiritilib, fermer xo‘jaliklariga 21058 ta ogohlantirish va 1621 ta yozma ko‘rsatmalar berildi.
Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘limi