1. Hukumat qarori bilan (352-son, 04.06.2021 y.) O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan, o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar ro‘yxati tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, import bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar ushbu ro‘yxatga maxsus (TIF TN) kodlari kiritilgan yangi texnologik uskunalarga qo‘llaniladi.
Yangi texnologik uskunalar – “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida ishlab chiqarilganiga 3 yildan ko‘p bo‘lmagan texnologik uskunalar hisoblanadi.
Ro‘yxatga 676 turdagi texnologik asbob-uskunalar, jumladan:sutga ishlov berish va uni ishlash uskunalari;
non mahsulotlari, makaron, spagetti yoki shunga o‘xshash mahsulotlarni ishlab chiqarish uskunalari;
qandolat sanoati, kakao kukuni yoki shokolad ishlab chiqarish uchun uskunalar;
go‘sht yoki parrandani qayta ishlash uchun uskunalar;
kalava bo‘yash mashinalari;
avtomatik tikuv mashinalari;
50 kishidan ortiq, lekin 300 kishidan ko‘p bo‘lmagan yo‘lovchi o‘rindiqlariga ega bo‘lgan fuqaro yo‘lovchi samolyotlari kiritildi.
2. Aholi tomorqalari va xonadonlarida maydoni kamida 10 sotix bo‘lgan issiqxonalar barpo etiladi
“Davlat-xususiy sheriklik asosida hududlarda zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5138-son, 07.06.2021 y.) qabul qilindi
Qarorga ko‘ra:
issiqxona xo‘jaligiga ega bo‘lish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish istagini bildirgan aholi (tashabbuskor aholi) tomorqalari va xonadonlarida maydoni kamida 10 sotix bo‘lgan issiqxonalar barpo etiladi;
qishloq xo‘jaligida foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari, zaxiradagi hosildorligi past bo‘lgan paxta va g‘alladan qisqargan maydonlar, yaroqsiz deb topilgan bog‘ va tokzorlar joylashgan bo‘sh yer maydonlarida har birining maydoni kamida 20 sotix bo‘lgan turar joy majmuasini ham qamrab olgan issiqxonalar (uy-issiqxona majmualari) tashkil qilinadi.
Uy-issiqxona majmualari davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida quriladi.
Tashabbuskor aholini tanlash investorlar va tuman hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
Uy-issiqxona majmualarini qurish uchun xorijdan olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan yig‘iladigan alohida qismlardan iborat tayyor holdagi zamonaviy issiqxonalar 2021 yil 31 dekabrgacha bojxona bojidan ozod qilinadi.
Shuningdek, issiqxonalar va uy-issiqxona majmualarini ishlab chiqarish uchun xorijdan olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan materiallar, xomashyolar va butlovchi qismlar 2023 yil 31 dekabrgacha bojxona bojidan ozod qilinadi.
Issiqxonalar va uy-issiqxona majmualari uchun yer solig‘i stavkalari hamda uy-issiqxona majmualari tarkibidagi turar joylar uchun mol-mulk solig‘i stavkalari ular foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab uch yil davomida 50 foiz miqdorida o‘rnatiladi.
Qarorga ko‘ra, sohadagi oliy taʼlim va professional taʼlim muassasalarida zamonaviy issiqxona xo‘jaligini tashkil etish, ularda kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashishning samarali usullarini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, har yili o‘tkaziladigan “Tashabbus” ko‘rik tanlovi doirasida “Eng ilg‘or issiqxona xo‘jaligi” nominatsiyasi joriy etiladi.
3. Ko‘chmas mulk obyektlarini bir davlat tashkilotidan boshqasiga berish tartibi belgilandi
Hukumat qarori bilan (355-son, 08.06.2021 y.) Respublika ko‘chmas mulk obyektlarini bir davlat tashkilotidan boshqa bir davlat tashkilotiga operativ boshqaruv huquqi asosida beg‘araz berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
Nizomga ko‘ra, respublika ko‘chmas mulk obyektlari bir davlat tashkilotidan boshqa bir davlat tashkilotiga tegishli kadastr hujjatlari mavjud bo‘lgan taqdirda (qurilishi tugallanmagan obyektlar bundan mustasno), operativ boshqaruv huquqi asosida beg‘araz beriladi.
Respublika ko‘chmas mulk obyekt(lar)i – davlat tashkilotiga operativ boshqaruv huquqi bilan tegishli bo‘lgan mulkiy kompleks (korxona), binolar va inshootlar, qurilishi tugallanmagan obyekt(lar) va u(lar)ning qism(lar)i hisoblanadi.
Shuningdek, respublika ko‘chmas mulk obyekt(lar)ini bir davlat tashkilotidan boshqa bir davlat tashkilotiga operativ boshqaruv huquqi asosida beg‘araz berish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
respublika ko‘chmas mulkning bir davlat tashkilotidan boshqa bir davlat tashkilotiga operativ boshqaruv huquqi asosida beg‘araz berilishi to‘g‘risida Prezident va (yoki) Hukumatning tegishli topshirig‘i nusxasi (agar mavjud bo‘lsa);
manfaatdor davlat tashkilotining (topshiruvchi va qabul qiluvchi tashkilot yuqori turuvchi organlarining) respublika
ko‘chmas mulkni bir davlat tashkilotidan boshqa bir davlat tashkilotiga operativ boshqaruv huquqi asosida beg‘araz berish to‘g‘risidagi kelishilgan takliflari bayon etilgan murojaatlari (topshiruvchi hamda qabul qiluvchining yuqori turuvchi organlarining roziligi).
Mazkur murojaatlarda respublika ko‘chmas mulkni qabul qiluvchi tomonning qabul qilingan obyekt(lar)dan foydalanish maqsadlari aniq ko‘rsatilishi shart;
respublika ko‘chmas mulk obyekt(lar)ining kadastr hujjatlari nusxalari;
obyektlarning pasporti (ppt formatda) va fotosuratlari.
4. Ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning o‘zida yerni olib qo‘yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish taqiqlandi
“Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–6243-son, 08.06.2021 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 avgustdan:
yer uchastkalari xususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga – doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi;
meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi, bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga bo‘lgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qoladi;
ijaraga olingan yer uchastkasida qurilgan ko‘chmas mulk obyektiga mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda, yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga o‘tadi;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi;
davlat tashkilotlariga yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
barcha hollarda yer uchastkalari faqat bo‘sh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratiladi, ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning o‘zida yer uchastkasini olib qo‘yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanadi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi;
davlat-xususiy sheriklik loyihalari va ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
ko‘p kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi, agar ko‘p kvartirali uydagi joylarning mulkdorlariga boshqa huquq bilan tegishli bo‘lmasa, ularga umumiy foydalanish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
Hokimliklarning yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish vakolati bekor qilindi
Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 avgustdan hokimliklarning yerga oid quyidagi vakolatlari bekor qilinadi:
yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilish;
tuman va shahar hokimliklari tomonidan yerga bo‘lgan huquqlarni belgilash, eʼtirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish;
sug‘oriladigan yerlarni sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sug‘orilmaydigan qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa yer toifasiga o‘tkazish;
jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xo‘jaligini yuritish uchun yer berish;
xususiylashtiriladigan yerga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash.
Farmon bilan prokuratura organlari ishchi organligida Yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va joylarda hududiy kengashlar tashkil etildi.
Kadastr organlari yerdan maqsadsiz foydalanishni aniqlaganda ushbu yerga bo‘lgan huquqni bekor qilish, noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga murojaat qilishi mumkin.
Davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish yoki boshqacha tarzda imtiyoz va istisnolar belgilash tashabbusi bilan chiqish taqiqlanadi.
5. Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda haydovchi quyidagilarga majbur:
transport vositasini darhol to‘xtatishi, avariya ishoralarini yoqishi va avariya sababli to‘xtash belgisini o‘rnatishi, transport vositasini va hodisaga daxldor buyumlarni joyidan qo‘zg‘atmasligi;
shikastlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rishi, tez tibbiy yordam va favqulodda qutqaruv xizmatlarini chaqirishi, shoshilinch hollarda esa shikastlanganlarni yaqin oradagi davolash-profilaktika muassasasiga yo‘lakay transport vositasida jo‘natishi, buning imkoni bo‘lmagan hollarda o‘z transport vositasida olib borishi, u yerda o‘z ismi-sharifi, transport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgisi haqida axborot berishi (o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yoki haydovchilik guvohnomasini va transport vositasining ro‘yxatdan o‘tganlik hujjatini ko‘rsatishi) va hodisa ro‘y bergan joyga qaytib kelishi;
agar boshqa transport vositalarining harakatiga to‘sqinlik qilsa qatnov qismini bo‘shatishi. Qatnov qismini bo‘shatish yoki shikastlanganlarni o‘z transport vositasida davolash-profilaktika muassasasiga olib borish zarur bo‘lganda, yo‘l-transport hodisasiga daxldor haydovchilar avvalo transport vositasi, hodisaga aloqador buyumlar va izlarning holatini guvohlar ishtirokida dastlabki qayd etishni amalga oshirish, ularning yo‘qolmasligi va hodisa ro‘y bergan joyni aylanib o‘tishni tashkil qilishning barcha choralarni ko‘rishi;
hodisa haqida IIOga xabar berishi, guvohlarning ism-sharifini va yashash manzilini yozib olib, IIO xodimlarining kelishini kutishi.
6. Hukumat qarori (362-son, 10.06.2021 y.) bilan Sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urug‘ seyalkalari va ko‘chatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Nizom 2021 yil 31 dekabrga qadar sholi yetishtirish uchun zamonaviy urug‘ seyalkalari hamda ko‘chatlab ekish uskunalarini sotib olgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga sotib olingan urug‘ seyalkalari va ko‘chatlab ekish uskunalari qiymatining 20 foizgacha qismini qoplab berish tartibini belgilaydi.
Shunga ko‘ra, subsidiyalar faqat talabgor tomonidan sotib olingan kunda ishlab chiqarilganiga bir yildan oshmagan qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun ajratiladi.
Talabgor subsidiya olish uchun tegishli hujjatlarni tuman (Quvasoy shahri) qishloq xo‘jaligi bo‘limlariga yozma va elektron shaklda taqdim qiladi.
Tuman (Quvasoy shahri) qishloq xo‘jaligi bo‘limlari hujjatlarni 3 kun ichida o‘rganib chiqadi.
Hujjatlar talablarga muvofiq bo‘lsa, 1 ish kunida Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yuboriladi va ular tomonidan tahlil qilinadi.
Shundan so‘ng tahlillar 1 ish kunida Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yuboriladi.
Jamg‘arma ularni 3 ish kuni ichida o‘rganib chiqib, natijasiga ko‘ra subsidiyalar ajratiladi.
Talabgor subsidiya olish uchun qayta murojaat qilishi mumkin.
Inspeksiyaning xuquqiy taʼminlash va xalqaro-huquqiy munosabatlar bo‘limi