Ру Ўз O`z En

O‘TGAN BIR HAFTA DAVOMIDA SOHAGA OID QABUL QILINGAN NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLARNING MAZMUN MOHIYATI VA AHAMIYATI XUSUSIDA

27 Iyul 2021 2536

1. Epidemiologik ko‘rsatma bo‘yicha profilaktik emlash nima degani?

“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunning

33-moddasiga ko‘ra Profilaktik emlashlar profilaktik emlashlarning milliy kalendariga (taqvim) muvofiq, shuningdek epidemik ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘tkaziladi.

 

Har bir davlatda yuqumli kasalliklarga qarshi emlashni tashkil etish tegishli taqvimga (jadval) asosan amalga oshiriladi. Mazkur jadvallarda yuqumli kasalliklarga qarshi kimlar, qachon va qaysi paytda emlanishi lozimligi yuzasidan ko‘rsatmalar aks ettiriladi.

Xuddi shunday, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan yuqumli kasalliklarga qarshi emlashni tashkil etish yuzasidan profilaktik emlashlarning milliy kalendari (taqvimi) va Epidemiologik ko‘rsatma bo‘yicha profilaktik emlash kalendari tasdiqlangan.

Bugungi kunda profilaktik emlashlarning milliy kalendariga (taqvimiga) ko‘ra profilaktik emlash bilan chaqaloqlar 1-kunligida VGV-1, 2–5 kunligida BSJ-1, 2–4 oyligida, 12 oyligida, 16 oyligida, shuningdek 6 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan davrda turli xil yuqumli kasalliklarga qarshi immunitet hosil qilish uchun emlashlardan o‘tkaziladi.

Shuningdek, Epidemiologik ko‘rsatma bo‘yicha profilaktik emlash kalendariga ko‘ra 13 ta kasallik turlari bo‘yicha kelib chiqishi mumkin bo‘lgan epidemiologik xavfning oldini olish maqsadida, emlanishi lozim bo‘lgan kontingentlar ro‘yxati tasdiqlangan.

Xususan, ushbu ro‘yxatda gripp, shol, qizamiq va qizilcha, bo‘g‘ma va boshqa epidemiologik kasalliklarga qarshi emlanishi lozim bo‘lgan kontingentlar ro‘yxati belgilangan.

Xuddi shunday, epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib koronavirusga qarshi profilaktik emlash ham Epidemiologik ko‘rsatma bo‘yicha profilaktik emlash kalendariga kiritildi

2. Strategik rivojlanish agentligi tashkil etildi

“O‘zbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–6264-son, 19.07.2021 y.) qabul qilindi.

Farmon bilan quyidagilar tashkil etildi:

Strategik rivojlanish agentligi (Agentlik);

Prezident raisligida Agentlik Kengashi;

Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan byudjetdan tashqari Strategik rivojlanish agentligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi.

Agentlikning asosiy vazifalaridan biri tarmoqlar va hududlar kesimida investitsiyalarni jalb etish va loyihalarni amalga oshirishning strategik masalalarini o‘rganish, investitsiya faoliyatining istiqbolli tarmoqlari va yo‘nalishlarini aniqlash hisoblanadi. 

Agentlik Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan bosh direktor tomonidan boshqariladi.

Agentlik yuridik shaxs huquqiga ega davlat muassasasi hisoblanadi.

Agentlik daromadlari soliqqa solish obyekti hisoblanmaydi.

Agentlik faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda Agentlik bilan kelishilishi lozim.

Davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari Agentlikning so‘roviga ko‘ra tegishli maʼlumotlarni, shu jumladan birlamchi statistik maʼlumotlarni o‘rnatilgan tartibda taqdim etadi va maʼlumotlar bazalaridan foydalanishga ruxsat beradi.

Agentlik xodimlariga ilgari ishlagan joyida berilgan, shu jumladan ko‘p yillik mehnati, harbiy va maxsus unvonlar (martaba va malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun ustamalar va qo‘shimcha haqlar saqlanib qoladi, harbiy va maxsus unvonlarga ega bo‘lmagan oliy yuridik maʼlumotli xodimlar uchun esa o‘rnatilgan tartibda adliya organlari va muassasalari xodimlari uchun belgilangan martaba darajalari berilishi mumkin.

Farmonga ko‘ra shuningdek, investitsiyaviy faollikni oshirish sohasidagi eng dolzarb muammolarni tezkor va samarali hal etish maqsadida Agentlik huzurida Strategik tashabbuslar akseleratori (Akselerator) tashkil etildi.

Agentlik bosh direktori Akselerator rahbari hisoblanadi

3. O‘zbekistonda prezident saylovi kampaniyasiga start berildi

O‘zbekistonda prezidentlik saylovlari joriy yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda 23 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida tegishli qaror qabul qilindi.

23 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda yirik siyosiy jarayon O‘zbekiston Respublikasi prezidenti sayloviga start berildi.

Tadbirda siyosiy partiyalar rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Unda Markaziy saylov komissiyasi 2021 yilning 24 oktyabr sanasi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovi kuni, deb belgiladi. Saylov kampaniyasi 23 iyuldan boshlanishi eʼlon qilindi.

Prezident saylovi shu yil 8 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga kiritilgan o‘zgartishga muvofiq, oktyabr oyida bo‘lib o‘tadi.

2021 yilgi prezident saylovi ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida o‘tadi. Unda konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti davriylik prinsipi asosida saylanishi taʼminlanadi.

MSK majlisida saylov kampaniyasi davrida barcha siyosiy partiyalar va ular ko‘rsatgan nomzodlar uchun sog‘lom raqobat muhiti va teng sharoitlar yaratilishi taʼkidlandi. Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarni siyosiy partiyalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlat vakillari, jurnalistlar, xususan, xorijiy jurnalistlar kuzatib borishi mumkin.

MSKning matbuot markazi va hududiy bo‘linmalari jurnalistlar va jamoatchilikka saylovga oid masalalar bo‘yicha tezkor axborot yetkazilishini taʼminlaydi. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining “Saylov-2021” veb portali va boshqa axborot resurslari yuritilishini taʼminlaydi.

Saylovlarda 5ta partiya – “Adolat” Sotsial-demokratik partiyasi, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Liberal demokratlar partiyasi (O‘zLiDeP), Xalq demokratik partiyasi va Ekologik partiya o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega bo‘ladi.

Avvalroq saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy ishlarga 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgani xabar qilingan edi. Bunda har bir siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan nomzod uchun 3 milliard 97 million so‘m to‘g‘ri kelmoqda.

Maʼlumot uchun, prezident saylovini O‘zbekiston fuqarolari umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiradi. Ushbu lavozimga 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston fuqarosi saylanishi mumkin. O‘zbekiston prezidenti besh yil muddatga saylanadi.

4. Rahbar o‘rinbosarlarining faoliyatini baholash tizimi joriy etiladi

“Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5189-son, 22.07.2021 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlari o‘ziga biriktirilgan tarmoq va sohalardagi faoliyatining samaradorligi va natijadorligi yuzasidan Prezident oldida shaxsan javobgardir hamda Vazirlar Mahkamasi oldida hisobdordir.

Qaror bilan davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyatini baholash tizimi joriy etiladi.

Bunda: 

davlat boshqaruvi organlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlari Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlanadi;

har yili ularning faoliyati ko‘rsatkichlari davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalarining kollegial organlari tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi;

faoliyat samaradorligini baholashning asosiy mezonlari va ko‘rsatkichlari tizimli monitoring qilinadi;

monitoring natijalari asosida rahbarlar o‘rinbosarlarining faoliyati Vazirlar Mahkamasida har chorak yakuni bo‘yicha muhokama qilib boriladi;

baholash mezonlari va ko‘rsatkichlari asosida har bir rahbar o‘rinbosari faoliyatiga baho berish orqali ularga rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi.

Qarorga ko‘ra, vazirliklar va idoralar rahbariyati faoliyatining ko‘rsatkichlarini baholashda inson omilini kamaytirish maqsadida asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha maʼlumotlarni avtomatik tarzda tahlil qilish orqali mavjud holatni aniqlash imkonini beruvchi maxsus elektron platforma ishga tushiriladi.

Shuningdek, davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlarining har bir o‘rinbosari vakolatlari qayta ko‘rib chiqilib, ularning funksional vazifalariga vakolat va javobgarlik chegarasini aniq belgilash bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqiladi.

Inspeksiyaning huquqiy taʼminlash va xalqaro-huquqiy munosabatlar bo‘limi

Text to speech