Ру Ўз O`z En

O‘tgan bir hafta mobaynida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida

21 Iyun 2021 2267

Vazirlar Mahkamasi 09.06.2021 yildagi “G‘ildirakli transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar va ularning tirkamalari uchun utilizatsiya yig‘imini undirish, qaytarish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 358-son qarorni qabul qildi.

Vazirlar Mahkamasining "G‘ildirakli transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar va ularning tirkamalari uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etish to‘g‘risida" 2020 yil 2 iyundagi 347-son qaroriga muvofiq utilizatsiya yig‘imi stavkalari va utilizatsiya yig‘imi to‘lanadigan g‘ildirakli transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar va ularning tirkamalari turlari va toifalarining ro‘yxati tasdiqlandi.

Nizom quyidagilarni belgilaydi:

g‘ildirakli transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar va ularning tirkamalariga nisbatan utilizatsiya yig‘imlarini yig‘ish, hisoblash, to‘lash, undirish, shuningdek, utilizatsiya yig‘imining ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan summalarini qaytarish va ularni hisobga olish tartibi;

transport vositalarining chiqindilari bilan ishlash infratuzilmasini tashkil etish xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, transport vositalari chiqindilarini yig‘ish, tashish, qayta ishlash, zararsizlantirish, ulardan foydalanish va utilizatsiya qilish xarajatlarini qoplash tartibi;

transport vositalarining utilizatsiyasi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar uchun ekologik va texnik talablar hamda sanoat xavfsizligi talablarini belgilash;

transport vositalarining utilizatsiya qilinishi munosabati bilan ularni ichki ishlar organlarida to‘lovlar undirmay hisobdan chiqarish tartibi.

Utilizatsiya yig‘imini to‘lash to‘g‘risidagi maʼlumotlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joylashtirish yo‘li bilan to‘lovchilarga yetkaziladi.

Transport vositalarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda utilizatsiya yig‘imi transport vositalari uchun bojxona deklaratsiyasi qabul qilinishidan oldin yoki bir vaqtning o‘zida to‘lanadi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan

va 10.06.2021 yildan kuchga kirdi.

2. Asosiy faoliyati parrandachilik bo‘lgan tadbirkorlar uchun ayrim soliq stavkalari 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi

“Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5146-son, 14.06.2021 y.) qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 iyundan QQS to‘lovchisi bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga – o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, realizatsiya qilingan tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m hamda parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 1 000 so‘m miqdorida subsidiya ajratilishi belgilandi.

2025 yil 1 yanvarga qadar:

omuxta yem va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kichik tadbirkorlik subyektlariga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun ajratiladigan 10 milliard so‘mgacha kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 8 foizdan ortiq bo‘lmagan qismi;

parrandachilik loyihalarini amalga oshirish uchun ajratiladigan 10 milliard so‘mgacha kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 8 foizdan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi;

kushxona va muzlatkichlarni o‘z ichiga olgan parrandalarni so‘yishga mo‘ljallangan zamonaviy kompleksni ishga tushirgan tadbirkorlarga loyiha qiymati 40 milliard so‘mdan oshmaydigan qismining 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi.

Qarorga ko‘ra, parrandachilik loyihalarini moliyalashtirish uchun 85 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ “MikrokreditbankATBga yo‘naltiriladi.

2021 yil 1 iyuldan 2024 yil 1 iyulga qadar asosiy faoliyat turi parrandachilik bo‘lgan tadbirkorlar uchun asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi.

2022 yil 1 iyulga qadar tuxum, parranda go‘shti va mahsulotlarini eksport qiluvchi hamda soya donini import qiluvchi tadbirkorlar (ularning vakolatli vakillari)ga avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.

Qarorga ko‘ra, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining parrandachilik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.

3. “Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 iyundan QQS to‘lovchisi bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga – o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, realizatsiya qilingan tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m hamda parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 1 000 so‘m miqdorida subsidiya ajratilishi belgilandi. 

4. Hukumat qarori (373-son, 15.06.2021 y.) bilan Davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda hududlarni raqamli transformatsiya holatini reyting baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, reyting baholash reyting ko‘rsatkichlari va indikatorlari yordamida raqamli rivojlanish holatini baholash orqali tashkilotlar hamda hududlarni eng yuqori natijadan eng past natijagacha saralangan ro‘yxatdagi o‘rnini belgilash hisoblanadi.

Reyting baholash indikatorlarini hisoblash tashkilotlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish loyihalarining amalga oshirilishini reyting baholash bo‘yicha metodikasiga muvofiq NIS.UZ-axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Indikatorlarni reyting baholash natijalariga muvofiq axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish samaradorligi darajasi reyting bali bo‘yicha:

71 balldan 100 ballgacha bo‘lgan tashkilot – “yashil”;

55 balldan 71 ballgacha bo‘lgan tashkilot – “sariq”;

55 balldan past bo‘lgan tashkilot – “qizil” deb topiladi.

Reyting baholash yakunlari bo‘yicha axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish samaradorligi darajasi “yashil” deb topilgan tashkilotlarning ijobiy ish tajribasi boshqa tashkilotlar o‘rtasida ommalashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘riladi.

5. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi

Farmonga (https://t.me/huquqiyaxborot/9873) ko‘ra, 2021 yil 1 sentyabrgacha Ochiq maʼlumotlar portali davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali bilan integratsiya qilinadi.

2021 yil 1 avgustgacha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi rasmiy veb-saytida va Portalda Ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari to‘g‘risidagi axborot bazasi ishga tushiriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Agentlik, jumladan:

davlat organlari va tashkilotlarining maʼlumotlarni Internetga joylashtirish majburiyatlari hisobini yuritadi;

murojaatlardan kelib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni “Mening fikrim” veb-portali orqali umumxalq muhokamasiga chiqaradi.

Farmonga ko‘ra, “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

2021 yil 1 dekabrdan:

yil yakunlari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksi aniqlanadi;

quyidagi tadbirlar telekanallar, shuningdek, Internet orqali jonli efirga uzatiladi:

Qonunchilik palatasi va Senat majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari;

taraflarning roziligi bilan ayrim huquqbuzarliklarga va oilaviy nizolarga oid fuqarolik sud ishlari. 

 

6. Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi joriy etiladi

“Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5148-son, 16.06.2021 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 avgustdan Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi joriy etiladi.

Baholash tizimi bo‘yicha sport sinovlari maxsus va ixtiyoriy ravishda aholining yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan qatlami va undan kattalarning jismoniy tayyorgarligini aniqlaydi.

Sport sinovlari 15 turdagi mashqlardan iborat bo‘ladi.

Ishtirokchilarga 11 ta yosh toifasi bo‘yicha egallagan o‘rni va darajasiga qarab sport razryadlari va unvonlari beriladi.

Sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan shaxslar uchun “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishoni taʼsis etiladi.

Shuningdek, ular yosh ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib 1 yil mobaynida quyidagi imtiyozlardan foydalanadi:

safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat to‘lovining 50 foizini chegirma bilan to‘laydi va muddatli harbiy xizmatga birinchilar qatorida ustunlik bilan yuboriladi;

maxsus talablarni bajargan g‘oliblarga (I o‘rin) “Temurbeklar maktabi”ga test sinovlarisiz tanlovdan tashqari o‘qishga kiradi;

bepul tarzda davlat tuman (shahar) ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasida bir martalik chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tadi;

maxsus talablarni bajargan g‘oliblarga (I o‘rin) umumiy foydalanishdagi davlat yo‘lovchi tashish shahar transportida bepul hamda hududlararo harakatlanishda 50 foiz chegirmali to‘lov bilan imtiyozli yurish huquqi beriladi (taksi, shu jumladan yo‘nalishli taksi mustasno);

farzandlari yashayotgan joydagi maktab, bog‘cha, shuningdek, yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlariga navbatsiz joylashtiriladi;

barcha davlat organlari va tashkilotlarining xodimlariga ish joyi hisobidan dam olish maskanlari va sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar taqdim etiladi;

respublika miqyosida ishga yoki o‘qishga qabul qilinishida jismoniy tayyorgarlik talab etiladigan imtihon (OTM sport yo‘nalishlaridan tashqari), sinov, amaliy mashg‘ulotlarda ustunlik (imtihonda maksimal ball yoki amaliy mashg‘ulotlardan ozod qilinishi) beriladi.

2021 yil 1 avgustgacha sport sinovlarining platformasi (www.jtdss.uz) va yagona elektron bazasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Huquqiy taʼminlash va xalqaro huquqiy munosabatlar bo‘limi

Text to speech