1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi Farmoni (PF–35-son, 20.12.2021 y.) qabul qilindi. Farmonga muvofiq, 2022 yilda quyidagi dam olish kunlari belgilandi:
barcha xodimlar uchun: 3 yanvar – dushanba, 22 mart – seshanba, 23 mart – chorshanba, 11 iyul – dushanba, 2 sentyabr – juma;
6 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun: 4 yanvar – seshanba, 4 may – chorshanba, 5 may – payshanba, 12 iyul – seshanba, 3 sentyabr – shanba va 31 dekabr – shanba.
5 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kunlari qo‘yidagicha ko‘chirildi:
8 yanvar – shanba 4 yanvar – seshanba kuniga;
7 may – shanba 4 may – chorshanba kuniga;
14 may – shanba 5 may – payshanba kuniga;
16 iyul – shanba 12 iyul – seshanba kuniga.
2. Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori (765-son, 21.12.2021 y.) qabul qilindi
Prezidentning 2021 yil 13 iyuldagi PF–6260-son Farmoniga (https://t.me/huquqiyaxborot/10031) asosan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan TIF Milliy bankka 100 mln dollar pul ajratilgan.
Qarorga asosan, mazkur mablag‘lardan 2022-2024 yillarda yosh tadbirkorlarning yangi biznes loyihalari uchun kreditlar quyidagi shartlarda ajratiladi:
kredit miqdori BHMning 1000 baravaridan 2 ming baravarigacha;
muddati – 7 yil, imtiyozli davr – 3 yil;
foiz stavkasi – Markaziy bankning asosiy stavkasida (hozirda 14 %).
Kreditlar ajratish uchun Yoshlar ishlari agentligi, Savdo sanoat palatasi va banklar tomonidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlar ro‘yxati shakllantiriladi.
Yoshlar o‘rtasida biznes ko‘nikmalarini shakllantirish va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha o‘quv amaliy kurslari, shu jumladan “onlayn” tarzda bepul tashkil etiladi.
Mazkur kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan yoshlarga sertifikat taqdim etilib, ular tomonidan o‘z biznesini tashkil etish uchun yuqoridagi shartlarda kreditlar ajratiladi.
Loyihani amalga oshirish uchun yoshlar TIF milliy bank filiallariga ariza beradi va unga muvofiq kredit ajratiladi yoki asoslantirilgan holda rad etiladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yana-da oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori (PQ–57-son, 21.12.2021 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir xodim uchun 6 oyda BHMning 1,5 baravarida subsidiya beriladi. 2022 yil 1 martdan:
bolalikdan nogiron bo‘lgan shaxslar va I va II guruh nogironlari daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshiriladi;
2024 yil 1 martgacha ish beruvchilarga nogironlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq Davlat byudjetidan to‘liq qaytarib beriladi.
Endilikda davlat buyurtmachilari nogironlar jamoat birlashmalari bilan ularning mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishi mumkin.
Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili 500 nafargacha nogiron yoshlarga quyidagilar uchun subsidiya ajratiladi:
axborot texnologiyalari, kompyuterda dasturlash amaliyoti, umumtaʼlim fanlari va xorijiy tillarni o‘rgatish;
tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganlarga asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan 2022 yildan har yili tanlov asosida 20 nafargacha nogiron yoshlar xorijiy OTMda, onlayn kurslarda taʼlim olishi tashkil etiladi.
DXMda nogironligi bo‘lgan shaxslarga mos keluvchi lavozimlarda ishlashi uchun qulay sharoitlar yaratiladi
Qarorga (https://t.me/huquqiyaxborot/10918) ko‘ra, 2022 yil 1 martgacha har bir hududda bittadan DXMda nogironlarning ularga mos keluvchi lavozimlarda (operator, konsultant, inspektor va boshqalar) ishlashi uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
2022 yil 1 sentyabrgacha mazkur amaliyot barcha DXMda joriy qilinadi.
2022 yil 1 iyuldan Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan nogironlarni qo‘llab-quvvatlovchi NTTlarga BHMning 200 baravari miqdorida ijtimoiy buyurtma mablag‘lari ajratiladi.
2022 yildan nogironlarni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha grant miqdori kamida 2 baravarga oshiriladi.
Nogironlar hayotini yaxshilashga qaratilgan eng yaxshi ijtimoiy loyihalarni rag‘batlantirib borish maqsadida 2022 yildan quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha respublika tanlovlari tashkil etiladi:
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi ijtimoiy loyiha”;
Savdo-sanoat palatasi tomonidan – “Eng yaxshi tadbirkor”;
Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi talaba”;
Turizm va sport vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi sportchi”;
Madaniyat vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi kitobxon”;
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi ish beruvchi”.
Tanlov natijalari har yili “3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni” arafasida eʼlon qilinadi hamda g‘oliblarga BHMning 100 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida islohotlarni tadqiq qilish, strategik rejalashtirish hamda boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (PQ–58-son, 22.12.2021 y.) qabul qilindi.
Qaror bilan Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot instituti negizida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi tashkil etildi.
Markazning asosiy vazifalaridan biri oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasini institutsional tahlil qilish va islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish hisoblanadi.
Qarorga ko‘ra, 2022-2023 yillarda bog‘ va tokzorlarni barpo etish, sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish bo‘yicha ko‘rgazmali dala maydonlari tashkil qilinadi.
Markaz davlat tashqi qarzi hisobidan amalga oshirilayotgan va yakunlangan loyihalar bo‘yicha o‘zlashtirilgan mablag‘lar hamda erishilgan natijalarga oid maʼlumotlarni o‘zining rasmiy veb-saytida muntazam eʼlon qilib boradi.