Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan bugungi kunda sohadagi qonunbuzarliklarni oldini olish bilan birga jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ham ko‘rsatib kelinmoqda.
Xususan, Inspeksiyaning Jizzax viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlarida texnikalarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni olib qaraydigan bo‘lsak, joriy yilning sakkiz oyi davomida viloyat bo‘yicha jami 1456 har xil turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari davlat ro‘yxatiga olinishi taʼminlangan. Shundan 1115 tasini traktorlar, o‘ziyurar texnikalar, tirkamalar va qolgan 341 tasini agregatlar tashkil qiladi. Yuridik va jismoniy shaxslar hisobida bo‘lgan ushbu qishloq xo‘jaligi texnikalarini davlat ro‘yxatiga olish jarayonlarida 1171 texnikalarga davlat raqamlari belgilari berilgan. Mana shu vaqt mobaynida 4180 traktorlar, o‘ziyurar texnikalar, tirkamalarga texnik pasportlar va 1341 agregatlarga texnik guvohnomalar hamda 292 nafar fuqaroga traktorchi-mashinist guvohnomalari plastik shaklda rasmiylashtirib berilganini ham aytib o‘tish joiz.
Bundan tashqari, 258 texnika ro‘yxatdan va yana 33 donasi hisobdan chiqarilib, 820 texnikalarga TM-1 shaklidagi maʼlumotnomalar berilgan va o‘rnatilgan tartibda 90 texnikaga taʼqiq qo‘yilgan.
-“Ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lur”,-degan hikmatli ibora bejizga aytilmagan. Ushbu iborani aynan texnikalarga ham naqadar mos kelishini hammamiz yaxshi bilamiz, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi inspektori Akram Xoldorov
-Inspeksiya tizimida bu masalaga alohida eʼtibor qaratilgan holda jami 8496 ta texnikalar majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan. Shundan 5826 donasini traktorlar, o‘ziyurar texnikalar, tirkamalar tashkil qilsa, 2670 qishloq xo‘jaligi mashinalaridir. Umuman olib qaraganda, boshqarma va tuman bo‘limlari tomonidan shu yilning sentyabr oyiga qadar yuridik va jismoniy shaxslarga 1409,0 mln so‘mlik davlat xizmatlari ko‘rsatilgan.
O‘z navbatida ular texnikalarni navbatdagi majburiy yillik texnik ko‘rikka taqdim etishlari hamda eski namunadagi texnik pasport va texnik guvohnomalarni yangi namunadagi plastik shakldagi texnik hujjatlarga almashtirishlari uchun ogohlantirilgan.
Yana bir gap: Prezidentimizning 2019 yil 15 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida 2021 yilning sakkiz oyida 4375 nazorat tadbirlari o‘tkazilib, ularda 1205 qonunbuzilish holati aniqlangan. Qonunbuzilishlarning oldini olish maqsadida korxona va tashkilotlarga 3650 ogohlantirish xatlari, 65 ta taqdimnoma kiritilib, 795 ta holatda maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Tuzilgan maʼmuriy bayonnomalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi MJtK sining 112, 125 va 135-moddalari bilan 86 mln. 536 ming so‘m jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Maʼlumot o‘rnida, 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 325-sonli hukumat qarori doirasida 18306 ta qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarining elektron bazasi shakllantirildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi
Axborot xizmati