Ру Ўз O`z En

“O‘zagroinspeksiya” tomonidan navbatdagi brifing tashkil etildi

1 Aprel 2022 1838

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining navbatdagi brifingida  Texnikalar holatini nazorat qilish yo‘nalishida jamoatchilikni qiziqtirib kelayotgan  ayrim savollarga javob berib ketildi.

1.  Savol: Traktorchi-mashinist guvohnomasini olish uchun qaysi davlat organi yoki tashkilotiga murojaat qilinadi?

Javob: Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikalarini boshqarish huquqini beruvchi traktorchi mashinist guvohnomasini olishni istagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari “O‘zagroinspeksiyaning tuman bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkin.

2.  Savol: Men  qishloq xo‘jaligi texnikasini boshqarish uchun traktorchi-mashinist guvohnomasini olmoqchi edim, bu jarayon qanday kechadi?

Javob: Siz o‘zingiz istiqomat qiladigan tumandagi “O‘zagroinspeksiya” bo‘limiga murojaat qilasiz. Tuman bo‘limlari fuqaroga taraktorchi mashinist tayyorlovchi o‘quv muassalariga yo‘llanma beradi. Fuqaro ushbu o‘quv muassasini Agroinspeksiya tomonidan tasdiqlangan 360 soatlik o‘quv dasturi bo‘yicha  tamomlagandan so‘ng, qayta O‘zagroinspeksiyaga murojaat qiladi.  Agroinspeksiyaning imtihon olish markazlarida  o‘tkiziladigan nazariy va amaliy  imtihon natijalariga ko‘ra, traktorchi-mashinst guvohnomasi beriladi.  

Bugungi kunda mazkur guvohnomani olish uchun o‘tkaziladigan nazariy imtihonlar inson omili ishtirok etmagan holda onlayn tarzda elektron o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib,  fuqaro shu zahoti imtihon natijasini bilish imkoniyatiga ega. Nazariy imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqaroga amaliy imtihon topshirish uchun ruxsat beriladi. Amaliy imtihonda fuqaroning qishloq xo‘jaligi texnikasini boshqarish bo‘yicha bilimlari sinovdan o‘tkazilib,  imtihon yakuniga ko‘ra, zamonaviy shakldagi plastik ko‘rinishga ega traktorchi-mashinst guvohnomasi beriladi.       

3. Savol: Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini qayta ro‘yxatga olish deganda nima tushuniladi? 

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 325-son qaror bilan tasdiqlangan Nizomga asosan texnika egasining ism sharifi, yashash manzili hamda yuridik shaxs nomi o‘zgarganda qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari qayta ro‘yxatga olinadi. Ushbu texnikalar to‘g‘risidagi maʼlumotlar  Agroinspeksiyaning maxsus elektron bazasiga kiritiladi. Mazkur dastur asosida fuqaroga zamonaviy shakldagi plastik ko‘rinishga ega texnik pasport beriladi.

4. Savol: Eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari va “texpasportlarni yangilariga o‘zgartirish muddati haqida batafsil maʼlumot bersangiz?

Javob: Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 apreldagi  325-sonli  qarorning  2 bandiga asosan: 2021 yil 1 yanvardan 2022 yil 31 dekabrgacha  eski namunadagi barcha texnik pasport va texnik guvohnoma, traktorchi-mashinist guvohnomasi, ularning berilgan sanasidan qatʼiy nazar, yangi namunadagi ID plastik kartalarga majburiy tartibda almashtiriladi;

Еski namunadagi texnik pasport va texnik guvohnoma, davlat raqami belgilari, traktorchi-mashinist guvohnomasi 2023 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas, deb hisoblanadi.

Eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari va “texpasportlarni yangilariga o‘zgartirish uchun Agroinspeksiyaning tuman bo‘limlariga murojaat qilishingiz mumkin.

5. Savol: Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan qancha muddatgacha  foydalanish mumkin?

Javob:   “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi NIZOM”ga ko‘ra,  Yangi xarid qilingan, ro‘yxatdan chiqarilgan texnikalar 10 ish kuni davomida ro‘yxatga qo‘yilishi shart.  Ro‘yxatga qo‘yishning muddatini buzgan yuridik va jismoniy shaxslardan qonunchilikda belgilangan tartibda jarima undiriladi.

“O‘zagroinspeksiya” Axborot xizmati

Text to speech