O‘zbekiston Respublikasi hududiga joriy yilning 7 oyi davomida jami 28,3 mln AQSH dollar hisobiga 43,9 ming tonna sabzavot, poliz, kartoshka, makkajo‘xori va moyli ekinlarning yuqori avlodli urug‘liklari xorijdan import qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 16 fevraldagi “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi 521-sonli Qonunining 2-bob, 13-moddasida Urug‘chilikni rivojlantirish markaziga mahalliy va xorijiy seleksiya navlarining, shu jumladan biotexnologik navlarining birlamchi urug‘chiligini tashkil etish, urug‘lik yetishtiruvchilarning reyestrini shakllantirish vazifasi belgilab berilgan.
Ushbu maqsadlar uchun Urug‘chilikni rivojlantirish markazi huzurida 53 ta elita urug‘chilik xo‘jaliklari tashkil etilgan bo‘lib, ularga 5 ming 116 gektar suvli yer maydonlari biriktirib berilib, jami ajratilgan yer maydonlarining 1 ming 23 gektari yoki 20 foizida sabzavot, poliz, kartoshka, makkajo‘xori va boshqa ozuqa ekinlarining yuqori avlodli urug‘liklarini yetishtirish, tayyorlash va qishloq xo‘jaligi korxonalariga yetkazib berish vazifasi yuklatilgan.
Biroq, o‘rganish davomida 2020 yilda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chiligi xo‘jaliklari tomonidan, Respublika hududlaridagi qishloq xo‘jaligi korxonalariga sabzavot, poliz, kartoshka, moyli va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘liklari umuman yetkazib berilmaganligi aniqlandi.
Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tomonidan 2021 yil hosilidan jami 803 gektar maydonga shundan, 83 gektar sabzavot, 57 gektar poliz, 530 gektar ozuqa ekinlari, 19 gektar dukkakli ekinlar va 114 gektar moyli ekinlari ekilishi rejalashtirilib berilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, 19 gektar sabzavot, 60 gektar ozuqa ekinlari, 18 gektar moyli ekinlarning urug‘lik maydonlari ekilmagan.
Mavjud sabzavot, poliz, ozuqa va moyli ekinlarning ekilgan urug‘lik dalalaridagi haqiqiy holat o‘rganilganda, rejalashtirilgan ekinlarni ekilmaganligi, ekilgan maydonlarda ekinning navi va avlodini tasdiqlovchi hujjatlarning yo‘qligi va ekilgan maydonlar qarovsiz qoldirilganligi kabi ko‘plab holatlar aniqlandi.
Jumladan, Jizzax viloyati “Paxtakor tuman elita urug‘chilik xo‘jaligi” MCHJda 1 gektar piyoz, 2 gektar dukkakli va 3,5 gektar kungaboqar urug‘lik maydonlari ekilmaganligi va “Sh.Rashidov elita urug‘chilik xo‘jaligi”MCHJda urug‘lik uchun ekilgan ekinlarning navi va avlodini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud bo‘lmasdan 17 gektar maydondagi sabzavot va poliz ekinlari isteʼmol maqsadlarida ekilgan.
Shuningdek, Buxoro viloyati “Romitan super elita urug‘chilik xo‘jaligi” MCHJda 0,5 gektar maydonda ekilgan sabzavotning muvofiqlik sertifikati yo‘qligi, “G‘ijduvon super elita urug‘chilik” MCHJda rejalashtirilgan 16 gektar ozuqa ekinlari, 0,5 gektar poliz, 0,5 gektar sabzavot ekinlarining urug‘liklari maydonlari ekilmagan, “Kogon Asl elita urug‘chilik” MCHJda 1 gektar sabzavot urug‘ligi maydoni begona o‘t bosib ketganligi sababli hosil yetishtirilmagan. Shuningdek ekilgan sabzavot urug‘lik maydonlarining muvofiqlik sertifikati va nav guvohnomasi mavjud emasligi maʼlum bo‘ldi.
Surxondaryo viloyatida “Denov elita urug‘chilik xo‘jaligi” MCHJda yetishtirilgan poliz va ozuqa ekinlari maydonlaridan urug‘lik jamg‘arilmaganligi va “Qumqo‘rg‘on elita urug‘chilik” MCHJda 10,3 gektar sabzavot, poliz va dukkakli ekin maydonlarida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilmaganligi natijasida dalalarni begona o‘t bosib ketganligi kuzatildi.
Samarqand viloyatida “Paxtachi elita urug‘chilik xo‘jaligi” MCHJda 1,5 gektar poliz, 5 gektar ozuqa ekinlarining va “Pastdarg‘om elita urug‘chilik xo‘jaligi” MCHJda 10 gektar ozuqa ekinlari ekilgan maydonlarda sertifikatlanmagan urug‘liklar ekilganligi hamda “Ishtixon elita urug‘chilik xo‘jaligi”MCHJda ekilishi rejalashtirilgan 19,7 gektar maydonlarning 16 gektarida sabzavot ekinlari umuman ekish ishlari amalga oshirilmagan.
Qashqadaryo viloyatida “Koson elita urug‘chilik xo‘jaligi” MCHJda
2020 yil hosilidan yetishtirilgan 860 kg sabzavot urug‘lari va 510 kg ozuqa ekinlari, “Kasbi elita urug‘chilik xo‘jaligi” MCHJda 280 kg sabzavot, 2 tonna 450 kg ozuqa ekinlari urug‘liklari tayyorlangan bo‘lib, bugungi kungacha sertifikatlanmagan va 1 kg ham sotilmagan. O‘zbekiston Respublikasi “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonunining 2-bob, 13-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 5 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 733-sonli qarori talablari buzilganligi uchun Urug‘chilikni rivojlantirish markaziga 1 ta taqdimnoma, Urug‘chilikni rivojlantirish markazining viloyat boshqarmalariga 4 ta, tuman hokimliklariga 4 ta va elita urug‘chilik xo‘jaliklariga 3 ta taqdimnomalar, 5 ta ogohlantirish xati, 10 ta yozma ko‘rsatma va 1 ta holatda prokuraturaga hamda 7 ta materiallar tayyorlanib, sudlarga belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun yuborildi.
Z.Ismatov, “O‘zagroinspeksiya”ning
katta inspektori