Ру Ўз O`z En

«O‘ZAGROINSPEKSIYA»DA YANGI LABORATORIYA MAJMUASI OCHILDI

27 Aprel 2023 1532

Joriy yilning 26 aprel kuni Toshkent viloyati Qibray tumanida «O‘zagroinspeksiya» qoshidagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash Markazida yangi laboratoriya majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirda Inspeksiya boshlig‘i so‘z olib, oziq-ovqat xavfsizligida muhim qadam - qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash uchun barcha shart-sharoitlarga ega, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan laboratoriya barpo etilganligi va eng malakali mutaxassislar bilan taʼminlanganligini taʼkidlab o‘tdi. Tadbir davomida tashrif buyurgan yuqori martabali mehmonlar, jumladan Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ham qatnashib, ramziy qizil lentani kesdi.

Jahon banki tomonidan ajratilgan 4 mln AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘lari hisobiga AQSH, Yaponiya, Germaniya, Fransiya hamda Xitoy kabi 10 dan ortiq xorijiy davlatlarda ishlab chikarilgan zamonaviy o‘lchov vositalari va sinov qurilmalari xarid qilinib, bugungi kunda O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Respublikamizga chetdan kirib keladigan urug‘ va ko‘chatlarning tarkibida GMO mavjudligi va miqdorini hamda hozirgi kunda dolzarb hisoblangan kartoshka urug‘laridagi xavfli yashirin virusli kasalliklarni ishonchli va tezkor PSR usulida aniqlaydigan sinov laboratoriyasini to‘lik jihozlash ishlari davom etmoqda.

Paxta yo‘nalishidagi laboratoriyada maxsus uskunalar orqali respublikamizda ishlab chiqarilayotgan paxta tolasining sifatini aniq va xolisona baholash, tolani haqiqiy tannarxini belgilovchi nav va sinfi, shu jumladan, uzunligi, uzunligi bo‘yicha bir xilligi, pishiqligi, rangi, iflosligi, mikroneyri, kalta tola miqdori, egiluvchanligi kabi ko‘rsatkichlarni aniqlash mumkin.

 Bugungi kunda “Paxta mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish” laboratoriyasi Xalqaro paxta tashkilotlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, “Gdinya Xalqaro paxta assotsiatsiyasi”, “Bremen Xalqaro paxta uyushmasi” va AQSH ning Xalqaro paxta maslahat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilayotgan qiyoslov sinovlarida muntazam qatnashib yuqori natijalarga erishib kelmoqda.

Shuningdek, mazkur laboratoriyaning don yo‘nalishida O‘zbekistonda birinchi bor bug‘doy tarkibidagi yopishqoqlik miqdori va sifatini zamonaviy avtomatlashtirilgan “kleykovina yuvish mashinasi” yordamida aniqlash yo‘lga qo‘yilgan. Avvallari bunday sinovlarni laborantlar qo‘llari yordamida 18ºdarajali sovuq suvda bajarib kelganlar. Zamonaviy laboratoriya esa, nafaqat ishlarni sifatli va tez bajarilishini, balki ishchilar mehnatini ham osonlashtirdi.

Muxtasar qilib aytganda, yangitdan qad rostlagan Markaziy laboratoriya mamlakatimizda urug‘chilik tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan, ajratilayotgan grant mablag‘laridan maqsadli foydalanish natijasida kelgusida respublikamiz dehqonlari va fermerlariga kafolatlangan hamda biologik xavfsiz urug‘liklarning yetkazib berilishida muhim manba bo‘ladi.

Pirovardida, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyati bo‘lgan aholimiz dasturxonining to‘kin sochinligi taʼminlanadi.

Text to speech