O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligini yana-da rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 9-bandi “a” kichik bandiga muvofiq, agroklasterlar va fermer xo‘jaliklariga g‘o‘za hamda boshoqli don ekinlarining eng hosildor navlarini belgilangan tartibda import qilishga, shuningdek, mustaqil joylashtirishga ruxsat berilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Mazkur qaror bilan berilgan imtiyozlar paxta-to‘qimachilik klasterlarida chet el seleksiyasiga mansub g‘o‘za navlarini ekishga bo‘lgan qiziqishini yana-da orttiradi.
Shu boisdan, “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 28-moddasida urug‘liklarni olib chiqish va olib kirish shartlari belgilab berilgan. Unga muvofiq urug‘liklarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga quyidagi shartlar asosida yo‘l qo‘yiladi, agar:
paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urug‘liklari O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritilgan nav va duragay jumlasidan bo‘lsa;
urug‘liklarning muvofiqlik sertifikati va fitosanitariya sertifikati, shuningdek karantin ruxsatnomasi mavjud bo‘lsa;
urug‘liklar seleksiya va tadqiqot ishlari, ko‘rgazmaga qo‘yish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa,
Urug‘liklarni (bundan paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urug‘liklari mustasno) olib kirish chog‘ida akkreditatsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan xorijiy laboratoriyalar o‘tkazgan sinovlarning natijalari sinov chog‘ida qo‘llanilgan talablar O‘zbekiston Respublikasida amal qilayotgan shunga o‘xshash talablardan past bo‘lmagan hollarda tan olinadi.
Ilmiy maqsadlarda va navni sinash uchun olib kirilayotgan hamda olib chiqilayotgan urug‘liklar uchun bojxona boji undirilmaydi va ular kvotalanmaydi hamda litsenziyalanmaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 13 maydagi 282-sonli qarori bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markaziga mahalliy va xorijiy mamlakatlarda yaratilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari va duragaylari sinovini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi ekspert komissiyasi tomonidan sinovdan o‘tkazilgan navlar davlat reyestriga kiritilishi belgilangan.
Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, boshoqli don ekinlari va g‘o‘za navlarini sinovdan o‘tkazish muddati ikki yildan, boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini sinovdan o‘tkazish muddati bir yildan oshmasligi lozim.
Xulosa o‘rnida, xorijiy navlarni mamlakatimizga keltirishda belgilangan tartiblarga ko‘ra, Respublikaning asosiy maydonlariga ekilishidan oldin keltiriladigan navlar mahalliy sharoitda sinovdan o‘tkazilishi va davlat reyestriga kiritilishi lozim bo‘ladi.
M.Qurbonboyev, Inspeksiyaning Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i
N.Ismailov - Inspeksiyaning Urug‘lik paxta xom-ashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i