Ру Ўз O`z En

Pastdarg‘omda suvdan noqonuniy foydalanganlarga nisbatan chora ko‘rildi

11 Fevral 2022 1649

“O‘zagroinspeksiya”ning Pastdarg‘om tuman bo‘limi tomonidan belgilangan tartibda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga rioya etilishi yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazilib, aniqlangan huquqbuzarlik holatlariga nisbatan tegishli taʼsir choralari ko‘rildi.

Xususan, “Darg‘om” irrigatsiya tizimi boshqarmasi (ITB) hisobidagi “KRS” kanalining Pastdarg‘om tumani hududidan o‘tgan qismi o‘rganilganda quyidagi huquqbuzarliklar aniqlandi. Jumladan, “KRS” kanalini PK+92+00 qismida noqonuniy nasos agregati o‘rnatib suv olib kelganlik holati yuzasidan “Jasur Sardor bog‘lari” nomli fermer xo‘jaligida 2022 yil 31 yanvaridan – 11 fevraliga qadar o‘tkazilgan tekshiruv natijasiga ko‘ra, fermer xo‘jaligi raisiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 74 – moddasi 2 – qismida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi aniqlanib, aniqlangan holatlar bo‘yicha maʼmuriy va moliyaviy hujjatlar rasmiylashtirildi hamda qonuniy chora ko‘rishlik uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudiga yuborildi.

Shuningdek, monitoring davomida “KRS” kanalida ochib olingan 2 ta noqonuniy suv olish joyi bartaraf etildi. Ushbu noqonuniy suv olish joylaridan fuqarolarga o‘zboshimchalik bilan suv resurslari yetkazib berganlik holati yuzasidan “Darg‘om” ITBni masʼul mansabdor shaxslari maʼmuriy jarimaga tortildi.

O‘z navbatida, “KRS” kanalining “Do‘stlik-3” qismida “Baxor” mahallasida yashovchi fuqarolar A.L. va R.X. lar tomonidan  noqonuniy ravishda quvur orqali suv olib o‘ziga tegishli shaxsiy tomorqasini sug‘orib kelganligi aniqlandi. Holat yuzasidan Pastdarg‘omlik ushbu fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 74 - moddasi  2 - qismida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud, deb topilib, mazkur modda bilan maʼmuriy jarimaga tortildi.

Bugungi kunda, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga rioya etilishi yuzasidan belgilangan tartibda nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

Latif Boyqobilov, Inspeksiyaning Pastdarg‘om tuman bo‘limi katta inspektori:       

 

Text to speech