Ру Ўз O`z En

Paxta qabul qilish mavsumida arbitraj guruhlari tomonidan 788 ta nizoli holatlar ko‘rib chiqildi

23 Oktyabr 2021 1888

Paxta xom-ashyosi O‘z DSt 615:2018 “Paxta. Texnikaviy shartlar” davlat standarti talablari asosida, sifati va konditsion vazni bo‘yicha qabul qilinadi. Buning sababi paxtaga nav va sinflari bo‘yicha narxlar belgilangan bo‘lsa, konditsion vaznini hisoblaganda paxta tarkibidagi iflosligi hamda namligiga qarab vazn bo‘yicha ustama va chegirmalar qo‘llaniladi.

Tayyorlov maskanlarining laboratoriyalari tomonidan qabul qilinayotgan paxtaning navini uning tashqi ko‘rinishi va rangiga qarab, sinfini esa paxta tarkibidagi iflosligi va namligiga qarab aniqlanadi. Aniqlangan ifloslik va namlik yordamida shuningdek paxtaning konditsion vazni ham hisoblanadi. Bunda ifloslik va namlikni davlat standartlarida belgilangan meʼyorlardan yuqori yoki pastligiga qarab vazn bo‘yicha ustama va chegirmalar hisoblanadi.

Paxtaning yuqori sinflarga topshirish uchun uni toza va quruq bo‘lishi juda muhim bo‘lsa, paxtaning naviga hududning iqlim sharoiti taʼsir ko‘rsatadi. Birinchi navli o‘rta tolali paxtaning pishib yetilganlik koeffitsiyenti 1,8 dan yuqori, rangi oq, dog‘lardan xoli bo‘lishi kerak. Quyosh va yomg‘ir, shudring va namgarchilik taʼsirida chanoqlardagi paxtada sariq, qo‘ng‘ir dog‘lar hosil bo‘ladi, rangi xiralashadi, shu bilan birga havo haroratining pasayishi natijasida paxtada yetarli sellyuloza to‘planmaydi, paxtaning pishib yetilganlik koeffitsiyenti pasayadi. Bu paxtani past navlarga baholanishiga olib keladi.

Paxtani qabul qilish davrida tabiiyki, tayyorlov maskanlari va topshiruvchilar o‘rtasida paxtaning navi, sinfi, vazn bo‘yicha hisoblangan ustama va chegirmalar bo‘yicha nizoli holatlar vujudga keladi.

Bunday nizoli holatlarni adolatli ko‘rib chiqish taraflar manfaatini himoya qiluvchi va xolis tashkilotlar ishtirokida arbitraj guruhlari tashkil etilgan. Arbitraj guruhlari Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30-avgustdagi “Joriy yilgi paxta hosilini uyushqoqlik bilan nes-nobud qilmasdan o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar to‘g‘risida”gi 153-sonli yig‘ilish bayoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 - yil 8 - sentyabrdagi 03-/1-140-sonli topshirig‘i asosida tashkil etilgan bo‘lib, mazkur guruhlar tarkibiga “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassislarini jalb qilgan.

Joriy yilning 18-oktyabriga qadar Arbitraj guruhlari tomonidan sentyabr va oktyabr oylarida jami 788 ta murojaat ko‘rib chiqilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilgi mavsumda ko‘rib chiqilgan murojaatlardan 22,5 foizga ko‘pdir. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 574 tasi, yaʼni 72,8 foizi fermer xo‘jaliklari foydasiga hal etilgan bo‘lsa, 27,2 foizi tayyorlov korxonasi foydasiga hal etilgan.

Jumladan, 112 ta fermerlar foydasiga hal etilgan nizolarni ko‘rib chiqish natijasida 100 ta holatda Birinchi nav “Yaxshi” sinfdan “Oliy” sinfga, 5 ta holatda Birinchi nav “O‘rta” sinfidan “Yaxshi” sinfga, 1 ta Ikkinchi navda holatda “Oliy” sinfdan Birinchi nav “Yaxshi” sinfga, 5 ta holatda Ikkinchi nav “Yaxshi” sinfdan “Oliy” sinfiga, 1 ta holatda Ikkinchi nav “O‘rta” sinfdan “Yaxshi “ sinfga, yuqori nav va sinflarga o‘tkazilgan.

Arbitraj guruhlariga kelib tushgan murojaatlar soni Namangan viloyatida 164 ta, Sirdaryoda 107 ta, Toshkent viloyatida 110 ta, Xorazmda 75 ta, Andijon viloyatida 64 ta, Navoiyda 44 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, Jizzax va Samarqand viloyatilarida 39 tadan, Farg‘onada 38 ta, Qoraqolpog‘iston Respublikasida 32 ta, Buxoroda 28 ta, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 24 tani tashkil qilgan.

Arbitraj guruhlari tomonidan nizoli holatlarni tezkor ko‘rib chiqish va adolatli hal qilish ishlari davom ettirilmoqda. Paxta xom-ashyosini qabul qilishda sof va konditsion vaznlardagi farq noto‘g‘ri belgilanganda yoki asossiz chegirmalar qo‘llanilganda Inspeksiya Markaziy apparatida tashkil etilgan +9971-202-12-32 raqamli “Ishonch telefon”iga murojaat etish mumkinligini eslatib o‘tamiz.

 

B.Ibodov, “O‘zagroinspeksiya” Paxta xom-ashyosi va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i

Text to speech