Ру Ўз O`z En

Paxta qabul qilishda nizolar Arbitraj guruhlari tomonidan xolis ko‘rib chiqilmoqda

7 Oktyabr 2021 1656

Paxta xom-ashyosini qabul qilishda nizoli holatlarni adolatli hal etish uchun tashkil etilgan Arbitraj guruhlari tomonidan sentyabr va oktyabr oyining shu davrigacha jami 592 ta murojaat ko‘rib chiqilgan. Jumladan joriy yilning 3-oktyabr kuni Respublika bo‘yicha 13 ta murojaat ko‘rib chiqilgan bo‘lib, uning 12 tasi fermer xo‘jaliklari foydasiga, 1 tasi esa tayyorlov maskani foydasiga hal etilgan.

Jumladan, Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Elnazar Eshnazar diyori” fermer xo‘jaligining murojaati asosida paxtadan namunalar olinib, qayta tahlillar o‘tkazilgan. Paxtaning iflosligi dastlabki o‘tkazilgan laboratoriya tahliliga ko‘ra 5,1 foiz deb hisoblangan bo‘lsa, qayta tahlil natijalari bo‘yicha 2,7 foiz ekanligi maʼlum bo‘ldi.

Xuddi shunday Jizzax viloyatining Mirzacho‘l va Paxtakor tumanlari fermer xo‘jaliklarining murojaatiga ko‘ra Arbitraj guruhlari nazorati ostida sinovlari o‘tkazilganda paxtaning ifloslik ko‘rsatkichi bo‘yicha, Zarbdor tumanida esa paxtaning ham namlik va ham ifloslik bo‘yicha qayta sinov va dastlabki sinov natijalari orasida farqlar ruxsat etilgan meʼyordan yuqori ekanligi aniqlangan hamda nizolar fermer xo‘jaliklari foydasiga hal etilgan.

Aksincha, joriy yilning 3-oktyabr kuni Jizzax viloyatining “Mamat ota” fermer xo‘jaligining murojaatiga ko‘ra qayta sinovlar o‘tkazilganda "Sangzor Textile" MCHJ korxona qoshi tayyorlov maskani laboratoriyasi paxtaning iflosligini dastlabki sinovlarda 0,6 foizga fermer xo‘jaligi foydasiga aniqlangani maʼlum bo‘ldi.

Arbitraj guruhlari faoliyati natijalarini tahlili aksariyat murojaatlar fermer xo‘jaliklari foydasiga hal etilayotganini ko‘rsatmoqda. Arbitraj guruhlariga kelib tushgan jami 592 ta murojaatning 436 tasi yoki 73,6 foizi fermer xo‘jaliklar foydasiga, 156 tasi yoki 26,4 foizi tayyorlov korxonasi foydasiga hal etilgan. Arbitraj guruhlariga Namangan viloyatida  153 ta, Sirdaryo viloyatida 101 ta, Toshkent viloyatida  86 ta, Andijon viloyatida 52 ta, Navoiyda 34 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, Buxoroda 12 ta, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida 15 ta, Qoraqolpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Farg‘ona va Xorazmda murojaatlar soni 21-28 tani tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, Arbitraj guruhlari Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 avgustdagi “Joriy yilgi paxta hosilini uyushqoqlik bilan nes-nobud qilmasdan o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar to‘g‘risida”gi 153-sonli yig‘ilish bayoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8 sentyabrdagi 03-/1-140-sonli topshirig‘i ijrosini taʼminlash maqsadida tuzilgan bo‘lib, mazkur guruhlar tarkibiga “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassislarini jalb qilgan

Nizoli holatlar bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish va tezkor hal etish maqsadida har bir viloyat va tumanlarda “Ishonch telefonlari” tashkil etilgan hamda fermer xo‘jaliklari va paxta qabul qilish maskanlariga yetkazilgan.

Shuningdek paxta xom-ashyosini qabul qilishda sof va konditsion vaznlardagi farq noto‘g‘ri belgilanganda yoki asossiz chegirmalar qo‘llanilganda fermer xo‘jaliklari Inspeksiya Markaziy apparatida tashkil etilgan +9971-202-12-32 raqamli “Ishonch telefon”iga murojaat etishlari mumkin.

 

O‘zagroinspeksiyaning Paxta xom-ashyosi va uni qayta ishlashdan

olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi

Text to speech