Ру Ўз O`z En

PAXTA TERIMINI MEXANIZATSIYALASH - DAVR TALABI 

29 Sentyabr 2021 1881

Paxtachilik uchun o‘tgan yillarga nisbatan bir muncha murakkab kelgan bu yilgi mavsumda hosilni paxta terish mashinalarida yig‘ishtirib olish har yilgidanda katta ahamiyatga ega.

«Mashina terimi – ishning unumi» deya bekorga aytilmagan, Ayniqsa hozirgi pandemiya sharoitida kasallikning tarqalishi oldini olishda, terimchilar uchun sarflanadigan oziq-ovqat, yotoq joy, transport va boshqa xarajatlarining iqtisod qilinishida terim mashinalaridan foydalanishning nechog‘li afzalligi yaqqol ko‘rinadi.

Bu yil Namangan, Andijon, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida paxta terishda mashinalardan faol foydalanilmoqda. 

Joriy yil paxta terimi mavsumiga paxta terish mashinalari parki yana-da yangilandi va bugungi kunga terimda qatnashishi rejalashtirilgan 1 ming 93 ta mashinalarning 939 tasini yoki 86 foizini oxirgi ikki yilda xarid qilinganlari tashkil etadi.

Mavsumda har bir terim mashinasining benuqson ishlashini, ulardan unumli foydalanishni taʼminlash uchun «O‘zagroinspeksiya» tuman bo‘limlari texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish inspektorlari tomonidan mavsum oldidan ularning sozligi to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazildi va maxsus komissiyalar tomonidan qabul qilib olindi.

Bugun respublikada paxta terimi avj pallasiga kirdi va birlamchi natijalar zahmatkash dehqonlarimiz mo‘l hosil yaratganini ko‘rsatmoqda.

Yetishtirilgan paxta hosilini yog‘in-sochin kunlarga qoldirmasdan tez va sifatli qilib yig‘ishtirib olish va yuqori navlarga sotishni niyat qilgan xo‘jaliklar hosilni mashinalar yordamida terib olishga katta eʼtibor qaratmoqdalar.

Misol uchun, Jizzax viloyatida 372 ta paxta terish mashinalari yordamida kuniga o‘rtacha 2 ming 250 ga maydondan 8 ming 630 tonna yoki bitta yuqori unumli mashina bilan o‘rtacha 31 tonnadan, Toshkent viloyatida  95 ta mashina bilan kuniga 665 gektardan 2 ming 740 tonna yoki bitta mashina bilan o‘rtacha 29 tonnadan paxta terib olinmoqda.

Xuddi shunday, Samarqand viloyatida bitta yuqori unumli paxta terish mashinasi bilan o‘rtacha 26 tonna, Namanganda 19 tonna va Andijonda 18,5 tonnadan paxta hosili terib olinmoqda. Shuningdek, Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidagi “APK Bo‘ka” UKga tegishli Keys 630 rusumli 6 qatorli mashinalarning har biri bilan kuniga o‘rtacha 40-50 tonnadan, Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida 4 qatorli Jon DirPastdarg‘om tumanida  TZST-CE220 rusumli paxta terish mashinalarida kuniga 35-40 tonnadan, Do‘stlik tumanidagi Keys 2022 rusumli mashinalarda kuniga 20-25 tonnadan toza va sifatli paxta xom-ashyosi terib olinmoqda.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, mashina terimining afzalligi nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy ko‘rsatkichlar va natijalarda ham o‘zini namoyon etadi. Ish unumdorligiga qarab, bitta mashinani boshqarayotgan 2 nafar mexanik-haydovchi 300-500 yordamchi terimchining ishini bajaradi. Eng muhimi, paxta hosili tez yig‘ib-terib olinadi, kuzgi shudgor maqbul muddatlarda sifatli bajariladi hamda boshoqli don ekinlarini erta muddatlarda ekib, bir tekis, qiyg‘os ko‘kartirib olishga erishiladi.

Inspeksiyaning Texnikalar holatini nazorat qilio‘ boshqarmasi

Text to speech