Ру Ўз O`z En

Paxta texnik chigitini sotish, sotib olish, qayta ishlash va undan olingan mahsulotlarni realizatsiya qilishda o‘rnatilgan tartiblarni bilasizmi?

16 Iyun 2023 2917

Prezidentning 2018-yil 17-yanvardagi PQ-3479-sonli qarori 2-bandi (PF-6094-sonli Farmon ilovasi 7-bandi tahriri)ga muvofiq paxta texnik chigiti to‘liq texnologik sikl (mag‘izni yanchish, gidrotermik ishlov berish, presslash, ekstraksiyalash, rafinatsiyalash, dezodoratsiyalash va qadoqlash sexlari)da qayta ishlab olingan tayyor mahsulotlar uchun tegishli gigiyenik xulosa va muvofiqlik sertifikatlariga ega bo‘lgan mahalliy yog‘-moy korxonalarga birja savdolarida realizatsiya qilinishi belgilangan.

Bunda, tayyor paxta moyi ishlab chiqarishga gigiyenik xulosa va muvofiqlik sertifikatlarini olish uchun paxta texnik chigiti tuman yoki shahar hokimining foydalanishga topshirish dalolatnomasi asosida mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar mahalliy korxonalarga birja savdolari orqali5 tonnagacha hajmda sotilishi, sotib olingan paxta texnik chigitini qayta sotish esa faqat birja savdolari orqali amalga oshirilishi tartibi o‘rnatilgan.

Shuningdek, Prezidentning 2021-yil 2-iyundagi PF-6240-sonli Farmoni 3-bandi ikkinchi xatboshisiga asosan sanitariya-epidemiologik xulosasi majburiy tartibda olinishi lozim bo‘lgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan muvofiqlik sertifikatini olish ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi, bunda, ushbu mahsulotlarni tayyorlovchilar (ishlab chiqaruvchilar), yetkazib beruvchilar va sotuvchilar ularning texnik reglamentlar va standartlar bilan belgilangan majburiy talablarga muvofiqligini taʼminlash uchun javobgar hisoblanishi tartibi o‘rnatilgan.

Hukumatning 2021-yil 30 yanvardagi 43-son qaroriga3-ilova 12-tartib raqamiga muvofiq kelib chiqishi hayvonot dunyosiga yoki o‘simlik dunyosiga tegishli bo‘lgan moy va yog‘lar hamda ularning parchalanishi natijasida kelib chiqqan mahsulotlar, tayyorlangan oziq-ovqat moylari - sanitariya-epidemiologik xulosa majburiy tartibda olinishi lozim bo‘lgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlar ro‘yxatiga kiradi.

Hukumatning 2020-yil 17-noyabrdagi 724-son qaroriga 1-ilova “Yog‘-moy mahsulotlari xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy Texnik Reglament”ga muvofiq, yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarish, qadoqlash, saqlash, tashish, muomalaga chiqarish va utilizatsiya qilish (qayta ishlash) mobaynida texnik reglamentda belgilangan rioya qilinishi majburiy bo‘lgan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyenik normativlar talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.

Maʼlumot uchun, paxta chigitidan olingan oziq-ovqat mahsulotlari “Rafinatsiyalangan paxta moyi” uchun O‘zDSt 816, “Paxta shroti” uchun O‘z DSt 3098 va “Paxta sheluxasi” uchun O‘z DSt 2790 davlat standartlari qabul qilingan.

Prezidentining 2022-yil 24-noyabrdagi PQ-430-son qarori 2-bandi b) kichik bandiga asosan 2024-yil 1-yanvarga qadar monopol bo‘lmagan va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan yoki davlat ulushi mavjud bo‘lmagan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan paxtadan olingan chigit, paxta moyi (shu jumladan, ekstraksiya paxta moyi), qayta ishlangan chigit chiqindilari (shrot, sheluxa) - ishlab chiqarish hajmining 100 foizi (o‘z ehtiyojlari uchun foydalaniladigan hajmlardan ortgan qismi) ichki bozorda faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinishi tartibi o‘rnatilgan.

MUHIM ESLATMA !

Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 18-sentyabrdagi 199-son qarori 2-bandi beshinchi xatboshisiga asosan uy sharoitlarida va ekstraksiya bo‘limlariga ega bo‘lmagan kichik sexlarda paxta chigitini qayta ishlash va paxta yog‘i ishlab chiqarish amaldagi qonun hujjatlarini buzish hisoblanadi. Shuningdek, paxta chigitini qayta ishlash bilan noqonuniy shug‘ullanayotgan shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda qattiq jazo choralari, hatto jinoiy javobgarlikka tortish tartibi ham belgilangan.

Maʼmuriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 104-prim moddasiga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi mahsulotini va urug‘liklarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash hamda ulardan foydalanish tartibini, shuningdek agrosanoat majmui sohasida texnologik jarayonlar talablarini buzish — BHMning o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda, 227-prim moddasiga ko‘ra, Tovarlarni qayta ishlash tartibini buzish, yaʼni tovarlarni qayta ishlashda belgilangan talablarga, cheklashlar va shartlarga, shu jumladan qayta ishlash muddatlari, qayta ishlash mahsulotlarining chiqish miqdori, tovarlarni qayta ishlash bo‘yicha operatsiyalar o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi talablar, cheklashlar va shartlarga rioya etmaslik, — fuqarolarga BHMning uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat Kodeksining 186-prim moddasiga ko‘ra, chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish - BHMning yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Davlat rahbarining Qaror va Farmonlarida belgilangan mezonlarga muvofiq paxta texnik chigitini to‘liq texnologik siklda maqsadli qayta ishlanishi hamda mahsulotlarning sifatini tasdiqlovchi sanitariya-epidemiologik xulosaga ega ekanligi, shuningdek qayta ishlab olingan mahsulotlarning texnik reglamentlar va standartlar bilan belgilangan majburiy talablarga muvofiqligi yog‘-moy korxonalari tomonidan taʼminlanganligi “O‘zagroinspeksiya” tomonidan nazorat qilinmoqda.

Paxta xom-ashyosi don-urug‘lar va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi 

 

Text to speech