Ру Ўз O`z En

Paxta-to‘qimachilik klasterlarida urug‘lik chigit tayyorlash yuzasidan press-tur tashkil etildi

31 Yanvar 2023 2351

“Urug‘chilik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va qonunosti normativ-hujjatlar bilan Inspeksiyaga qishloq xo‘jaligi ekinlarining ekiladigan urug‘liklarini tayyorlash, qayta ishlash hamda saqlash bo‘yicha normativ talablarning xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiq ishlab chiqilishi ustidan nazorat qilish belgilangan.

Bu borada amalga oshirilgan ishlar bilan jamoatchilikni yaqindan tanishtirish maqsadida OAV vakillari ishtirokida Buxoro viloyatida 2022-yil hosilidan tayyorlangan urug‘lik paxtalarni qayta ishlash, tuksizlantirish va dorilash jarayonlari yuzasidan seminar va press-tur tashkil etildi.

Joriy yil hosili uchun Paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 4780 tonna urug‘lik chigitni tozalash-saralash, 3373 tonna tuksizlantirish hamda 3785 tonna dorilash talab etiladi.

Bugungi kunda, paxta to‘qimachilik klasterlaridan jamg‘arilgan urug‘lik paxta xom ashyosini g‘aramlarda normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan talablar bo‘yicha saqlanishini taʼminlash talab etiladi.

Bu borada, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12 oktyabrdagi 641-sonli qarori 5-ilovasi bilan, tasdiqlangan “Urug‘lik paxta xomashyosini qabul qilish, saqlash, dastlabki qayta ishlash, urug‘lik chigit tayyorlash, saqlash, tarqatish va sifatini nazorat qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari bo‘yicha Inspeksiya tomonidan nazorat tadbirlari yo‘lga qo‘yilgan.

Jumladan, paxta to‘qimachilik korxonalari masʼul xodimlari tomonidan urug‘lik paxta g‘aramlarining saqlanishi va tashqi ko‘rinishining kuzatib borilishi, g‘aram haroratining har besh kunda bir marta o‘lchanishi va maxsus daftarda qayd etib borilishi hamda urug‘lik paxta xomashyosi g‘aramidagi haroratiga qarab, havo so‘rish choralarining ko‘rib borilayotganligi nazorat qilib borilmoqda.

Urug‘liklarni belgilangan tartibda saqlanishi va qayta ishlanishi natijasida fermer xo‘jaliklarini yuqori sifatli urug‘lik chigit bilan taʼminlanishi, pirovard natijada esa paxtadan yuqori hosil olinishiga zamin yaratiladi.

Buning uchun, korxona masʼul xodimlariga inspeksiya tomonidan, birinchi navbatda tushuntirishlar, amaliy tavsiyalar va tegishli ko‘rsatmalar berib borilmoqda.

Urug‘lik chigit tayyorlash rejasiga binoan “Buxoro paxta urug‘chiligi” MCHJ tomonidan 3639 tonna urug‘lik chigitni tozalash-saralash, 2395 tonna tuksizlantirish va 2661 tonna urug‘lik chigit dorilash belgilangan.

Shuningdek, “Buxoro urug‘chilik” MCHJ tomonidan 840 tonna tozalash-saralash, 680 tonna tuksizlantirish va 680 tonna urug‘lik chigit dorilash rejalashtirilgan. Shuningdek, viloyatdagi 5 ta elita urug‘chilik xo‘jaliklari tomonidan 301 tonna chigitni tozalash-saralash va 229 tonna chigitni tuksizlantirish va dorilash rejalashtirilgan.

“Buxoro paxta urug‘chiligi” MCHJ qarashli urug‘lik sexi bir sutkada 40-45 tonna urug‘ni tuksizlantirish quvvatiga ega bo‘lib, ushbu sexda 65 nafardan ziyod ishchi faoliyat yuritadi.

Mazkur sexda urug‘lik chigitlar tuksizlantirish va dorilash ishlari mexanik usulda amalga oshiriladi. Bugungi kunda urug‘lik chigitlarni dorilash uchun davlat reyestriga kiritilgan P-4, Sporagen, Fitovak va Skarlet preparatlaridan foydalanib kelinmoqda.

Urug‘larni belgilangan meʼyoriy hujjatlar talablariga asosan tayyorlash uchun Inspeksiya qoshidagi Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazining viloyat filiali 4 nafar malakali mutaxassislardan iborat laboratoriya xodimlari tomonidan muntazam ravishda namunalar olinib, tahlillar amalga oshirib kelinmoqda.

O‘tkazilgan seminar press-tur davomida urug‘lik tayyorlovchi subyektlarga Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 16-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatlash va navdorligini baholash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi 712-sonli qarori bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentlarning mazmun mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berib o‘tildi.

Albatta, urug‘lar belgilangan standart talablariga asosan tayyorlansa fermer xo‘jaliklari sifatli urug‘lik bilan taʼminlanib, chigitlarni bir tekis undirib olinishiga hamda paxtadan mo‘l hosil olinishiga zamin yaratiladi.

N.IsmailovAgroinspeksiyaning Urug‘lik paxta xom-ashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i

B.Bahronov -    Agroinspeksiyaning Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish shoʻbasi bosh inspektori

Text to speech