O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 - yil 29 - yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘lla-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4576-sonli qarori asosida klaster korxonalari va naslchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga chetdan keltiriladigan naslli qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya (imtiyoz) berilishi qoramollar naslini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Shu maqsadda Paxtachiga tumaniga 2021 - yilning o‘tgan davri davomida 64 bosh naslli qoramollar keltirildi. Tumanda 36 ta chorvachilik yo‘nalishidagi va 2 ta naslchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari tomonidan 2 ming 20 bosh qoramollar, qo‘ychilik yo‘nalishidagi 34 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 9 ming 858 qo‘ylar parvarishlanmoqda.
Chorvachilikda naslchilik ishini yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan loyihalar samarasi o‘laroq aholini sifatli va arzon go‘sht va sut mahsulotlari bilan taʼminlash sezilarli ravishda oshdi. Raqamlarga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, 2020 - yilning 9 oyi davomida 10 tonna 769 kilogramm go‘sht, 44 tonna 635 kilogramm sut ishlab chiqarilgan bo‘lsa joriy yilning mos davriga ko‘ra 11 tonna 396 kilogramm go‘sht, 46 tonna 967 kilogramm sut mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Tumanning Shamsi Nazarov shogirdlari MMTP hududidagi “Boboqul laqqa havzasi” naslchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi tomonidan 2021 - yil yanvar oyida Qozog‘iston davlatidan 265 ta zotli ona qo‘ylar olib kelingan bo‘lib, hozirda ular 384 boshni tashkil qilmoqda.
Sh.Qahhorov MMTP hududidagi “O‘tkir chorva invest” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi tomonidan Germaniya davlatidan 33 bosh naslli “Golshteyn” zotli g‘unajinlar olib kelingan bo‘lsa, hozirgi vaqtda ularning soni 134 boshga yetkazildi.
Fermer xo‘jaligida 75 bosh sigirlarning xar biridan 30 - 35 litr sut sog‘ilib kuniga 3 tonnaga yaqin sut mahsuloti qayta ishlanmoqda.
Tumanning A.Allayorov MMTP hududidagi “Behruzjon rivoji” xususiy korxonasi 2021 - yil faoliyat boshlagan bo‘lsada qisqa muddat ichida aholini arzon va sifatli parhezbop mahsulotlari bilan taʼminlamoqda. Korxona tomonidan 10 ming 500 dona sifatli tovuq go‘shti ichki bozorga yetkazib berildi.
Agroinspeksiyaning Paxtachi tuman bo‘limi tomonidan chorvachilikda naslchilik ishini yana-da takomillashtirish yuzasidan 2021 yilning yanvar-avgust oylari davomida 61 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, 15 ta qonunbuzilishi holatlari niqlandi. Ularning barchasiga tegishli ravishda huquqiy taʼsir chorasi qo‘llanildi,- deydi Agroinspeksiyaning Paxtachi tuman bo‘limi katta inspektori Xurshida Rajabova.
“O‘zagroinspeksiya” Samarqand viloyati axborot xizmati