Ру Ўз O`z En

PAXTADAN ERTACHI – SIFATLI VA MO‘L-HOSIL YETISHTIRISHDA BIRINCHI ISHLOVNING SIFATLI O‘TKAZILISHI-NAZORATDA

29 Aprel 2022 1983

Respublikada 2022 yilda 1 mln. 34 ming gektardan oshiqroq maydonga chigit qadalgan bo‘lib, bugungi kun holatiga 738 ming gektar yoki 75 foiz maydonlarda 75-100 foiz g‘o‘za nihollari unib chiqqan hamda 395 ming gektar yoki 38 foiz maydonlarda birinchi ishlov berish ishlari o‘tkazilgan. 

Qator oralariga ishlov berish g‘o‘za ildizlarining yaxshi rivojlanishiga sharoitlar yaratishi bilan birga ularni mumkin qadar kam jarohatlashi lozim. Ildizlar jarohatlanganda 8-10 kundan keyingina kesilgan joy yoki uning yuqoriroq qismidan yangi ildizchalar o‘sib chiqadi hamda ildizning avvalgi faoliyati tiklanadi. Ammo bu davrda g‘o‘zaning asosiy quvvati shu jarohatni bartaraf etishga sarf bo‘ladi va bu ayniqsa, g‘o‘zaning hosil to‘plash jarayonida katta asorat qoldiradi.

Yalpi shonalash davriga qadar (aprel-maydan iyun oyining yarimigacha) juda sekin o‘sish va rivojlanish g‘o‘zaning biologik xususiyati hisoblanadi. Aynan shu davrda noqulay ob-havo sharoitlari – sovuq tushishi, kuchli yomg‘ir quyishi g‘o‘za nihollarining mujmal bo‘lib, ildiz chirish kasalligiga chalinishiga, zararkunandalar tomonidan zararlanishiga hamda begona o‘tlarning ko‘payishiga olib keladi. Mana shu davrda ekinlarga ishlov berishga o‘ta jiddiy eʼtibor qaratish lozim. Birinchi ishlov berishni kechiktirish hosilga katta zarar keltiradi hamda bu zararni keyingi ishlov berishlar bilan qoplab bo‘lmaydi.

Kuchli qataloq paydo bo‘lgan yerlarni tezlikda yumshatish, tuproqdagi ortiqcha namlikni kamaytirish lozim. Agar tuproqda namlik yuqori va harorat past bo‘lib qolsa, g‘o‘za nimjon va kasallikka chalinuvchan bo‘lib o‘sadi, bu esa keyinchalik hosildorlikning kamayishiga olib keladi.

Tuproqda namlik ko‘p bo‘lganda ildiz chirish kasalligining xuruji ham kuchayadi, yosh nihollarning ildiz bo‘g‘zi qorayib barglari qovjirab, nihollar qurib qoladi. Shu sababli havo harorati ko‘tarilishi va yer yetilishi bilan kultivatsiya o‘tkaziladi, bunda tuproq namligi kamayadi, ortiqcha namlik ko‘tariladi, o‘simlik ildizi chuqur rivojlanadi, kasallik qo‘zg‘atuvchi patogenlar zarari kamayadi.

Ushbu oyda shira, trips, o‘rgimchakkana, kuzgi tunlam kabi zararkunandalarning huruji ortadi. Shu sababli joylarda o‘simliklarni himoya qilish otryadlari va dala nazoratchilarining ishini tizimli ravishda tashkil etish, dalalarga feromon tutqichlar o‘rnatish va xar bir dalani doimiy kuzatuvga olish, foydali hashorotlarni dalalarga tarqatish tadbirlarini o‘tkazish tavsiya etiladi.

Mo‘l hosil yetishtirayotgan dehqonlar azaldan g‘o‘zaning birinchi parvarishini – chopiq va kultivatsiyani chigit unib chiqa boshlagan paytdan boshlab nihollar qiyg‘os ko‘kargan vaqtda tamomlaydilar, tuproqni hamisha yumshoq va begona o‘tlardan toza holda tutadilar. Bu tadbir yosh nihollarning rivojlanishini tezlashtiradi.

Joriy yilda ham paxtadan ERTACHI – sifatli va mo‘l-hosil yetishtirish uchun ishlov berishni o‘z vaqtida va maromida o‘tkazish, zamonaviy fan-texnika yutuqlari hamda ilg‘or tajribalarni keng qo‘llash muhim.

Bu borada g‘o‘za qator oralariga ishlov berishni erta boshlash katta ahamiyatga ega. Ko‘p yillik tajribalar bu tadbirning kechiktirilishi hosilni 15-20 foizgacha kamaytirib yuborishini ko‘rsatadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zagroinspeksiya tomonidan g‘o‘za qator orasiga birinchi ishlov berish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish maqsadida har bir kultivatorlar ishi qatʼiy nazoratga olingan.

Jumladan, joriy yil 26 aprel holatiga respublikadagi mavjud 19754 dona kultivatorlardan 15387 donasi yoki 78 foizi agrotexnik tadbirlarda ishtirok etgan.

Shuningdek, har bir kultivator ishchi organlarining to‘liqligi, ishlov berish kengligi va chuqurligi bo‘yicha to‘g‘ri rostlanganligi dalada ishlash jarayonida doimiy nazorat qilib borilmoqda.

"O‘zagroispeksiya"ning Texnika holatini nazorat qilish boshqarmasi

Text to speech