Ру Ўз O`z En

Payariq tumanidagi ayrim fermer xo‘jaligi dalalarida kamchiliklar aniqlandi

15 Iyul 2021 2529

Joriy yilda Samarqand viloyatida 75 ming 356 gektar maydonda g‘o‘za parvarish qilinmoqda. Shuning 12 ming 459 gektari yoki 17 foizi Payariq tumani hissasiga to‘g‘ri keladi.

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, g‘o‘za maydonlarining 6 ming 687 gektarida 3-4 tadan,  5 ming 139 gektarida 5-6 tadan, 633 gektarida 7-8 tadan ko‘sak shakllangan bo‘lib, mavjud 218 ta kultivatorlar bilan bir kunda 1 ming 242 gektarda g‘o‘zalarga sifatli ishlov berilib, 460 gektar g‘o‘za maydonlari sharbat bilan sug‘orilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyati boshqarmasi va Payariq tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan g‘o‘za parvarishida barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilish bo‘yicha monitoring va nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida, Payariq tumanida 250 gektar maydonda g‘o‘za rivojdan orqada ekanligi, 110 gektar maydonlar mavsum boshidan buyon sug‘orilmaganligi, 350 gektar maydonlar begona o‘tlardan tozalanmaganligi, 450 gektar maydonda kultivatsiya sifatsiz o‘tkazilganligi, 300 gektar maydonlar o‘rgimchakkana bilan zararlangani aniqlandi.

Jumladan, Payariq tumanidagi “Aynuraoy” fermer xo‘jaligi 15 gektarda sifatsiz kultivatsiya o‘tkazilganligi, “Tojiyev Komil dalasi” fermer xo‘jaligi 11 gektar, “Egamberdiyev Yusuf” fermer xo‘jaligi 14 gektar maydoni begona o‘tdan tozalanmaganligi, “Bahodir paxta dalasi” fermer xo‘jaligi 6 gektar, “Zarafshon saxovatli diyori” fermer xo‘jaligi 8 gektar o‘rgimchakkana bilan zararlangan maydonlari bo‘yicha mavjud kamchiliklar aniqlanib, ularni joyida bartaraf etish va kelgusida ushbu kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan zaruriy taʼsir choralari ko‘rildi.

Agroinspeksiyaning Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati

Text to speech