O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Markaziy apparati va Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan joriy yilning 2 iyun kuni ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tadbir tashkil etildi.
Bugungi kunda viloyatda chorvachilik yo‘nalishida 1 ming 599 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, shulardan biri Toshkent tumanidagi “Izzat” chorvachilik nasilchilik fermer xo‘jaligi bo‘lib, dastlab jurnalistlar, korxonaning Chorvachilik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar va bu soha nazorati yuzasidan o‘tkazilayotgan tadbirlar yuzasidan maʼlumot oldilar.
Toshkent tumanidagi “Izzat” chorvachilik nasilchilik fermer xo‘jaligiga 2019-yilda Gollandiyadan 132 bosh qoramollar olib keltirilgan bo‘lib, hozirgi kunda Xo‘jalikda jami 375 bosh yirik shoxli qoramol parvarishlanmoqda va bir kunda bir bosh sigirdan o‘rtacha 22-25 litrgacha sut sog‘ib olinmoqda. Mazkur xo‘jalikka tegishli ozuqa ekinlarini yetishtirish uchun 85 gektar sug‘oriladigan yer maydonlari mavjud.
Xususan, Agroinspeksiyaning Toshkent viloyati boshqarmasi bosh inspektori A.Boltayev Chorvachilikda naslchilik ishlarini nazorat qilishga doir qonunchilik ijrosi va chorvachilik uchun ajratilgan subsidiyalar natijasi to‘g‘risida maʼlumot berdi.
Toshkent viloyatida chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan jami 1 ming 599 ta xo‘jalikdan, 705 tasi qoramolchilikka ixtisoslashgan bo‘lib, mazkur xo‘jaliklarda 89 ming 387 bosh qoramollar parvarishlanmoqda. Bugungi kunda, viloyat bo‘yicha jami 195 ta naslchilik maqomiga ega subyektlar faoliyat yuritib kelmoqda. Shundan, 149 ta qoramolchilik yo‘nalishlaridagi naslchilik xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
“Izzat” fermer xo‘jaligining sutni qayta ishlash korxonasida ham ishlar qonunchilik normalari talabiga ko‘ra tashkil qilingan bo‘lib, jurnalistlar bu yerda korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Korxonada bir kunda 2 tonna sut qayta ishlanib, 20 turdagi sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Press-turning ikkinchi qismida Ommaviy axborot vositalari vakillari Parkent tumanida joylashgan “Shedevr biznes oil” MCHJ yog‘-moy korxonasida bo‘lishdi.
Korxona paxta texnik chigitini Respublika Birja savdolari orqali xarid qilib, aholi isteʼmoli uchun sifatli va xavfsiz yog‘-moy mahsulotlari hamda chorva ozuqasi hisoblangan paxta sheluxasi, paxta shroti ozuqasini ishlab chiqarish, tayyor mahsulotlarni Birja savdolarida qatnashib sotishga mo‘ljallangan. Korxona kuniga 30 tonna paxta texnik chigitni qayta ishlash quvvatiga ega texnikalar bilan jihozlangan. Shu kungacha ishlab chiqarilgan paxta moyi, ozuqabop shrot va sheluxa mahsulotlari Hukumat qarorlari va Farmonlari talablariga binoan ularni faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinmoqda.
Press-tur yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani ham tashkil etildi. Unda "O‘zagroinspeksiya" matbuot xizmati rahbari X. Shadiyeva va Inspeksiyaning Toshkent viloyat boshqarma boshlig‘i v.v.b U.Nurbekovlar inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan o‘rnatilgan nazorat tadbirlari yuzasidan tadbir ishtirokchilariga axborot berdi.
Inspeksiyaning Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan korxonalarning paxta texnik chigitini to‘liq texnologik siklda maqsadli qayta ishlaganligi ustidan doimiy nazorat yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirgi kungacha, viloyatda faoliyat turi yog‘-moy ishlab chiqarish bilan bog‘liq mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar ro‘yxatdan o‘tgan 56 ta korxonalarda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida xabardor qilish tartibida va tadbirkorlarning murojaatiga asosan o‘tkazilib, dastlabki tekshiruv natijasiga ko‘ra, PF-6094-sonli Farmonda belgilangan talab 18 yog‘-moy korxonasida taʼminlangan va 38 tasida taʼminlanmagani aniqlandi.
Shuningdek, "O‘zagroinspeksiya"ning Toshkent viloyati boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan 2022 yilda 1 ming 500 donadan ortiq qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilishi texnikalari ro‘yhatga olinib, traktor va boshqa o‘ziyurar texnikalarga 1100 donaga yaqin davlat raqam belgisi, 1 ming 900 donadan ortiq texnik pasport, qishloq xo‘jaligi mashina va agregatlariga 700 donaga yaqin texnik guvohnoma berilgan hamda 6 ming 600 donadan ortiq texnikalar majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.
Hozirda Toshkent viloyatida jami 27 mingdan ortiq qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan bo‘lib, shundan 600 ga yaqinini chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yuritib kelayotgan fermer xo‘jaliklariga tegishlidir.
Tadbir so‘nggida mutaxassislar jurnalistlar qiziqtirgan savollarga javob berdilar
“O‘zagroinspeksiya” Axborot xizmati