“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi, Ishtixon tuman bo‘limi tomonidan Qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda qishloq xo‘jaligida yangi tatbiq qilinayotgan yuqori unumli texnika va agregatlaridan foydalanish yuzasidan “Press-tur” tashkil etildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari hamda soha xodimlari ishtirok etgan Press-tur davomida Ishtixon tumanidagi “Beshlik javohiri” MMTP hududidagi “Muxtor Qobilov” fermer xo‘jaligida olib borilayotgan yer tayyorlash hamda paxta ekish jarayoni yuzasidan maʼlumotlar berildi. Ushbu jarayonda bugungi kunda dolzarb bo‘lib borayotgan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish yuzasidan fermer xo‘jaligi tomonidan Respublikamiz tomonidan berilayotgan imtiyozlardan foydalanilgan holda subsidiya asosida olingan “YERMAC” rusumli Turkiya davlatida ishlab chiqarilayotgan lazerli yer tekislash agregatining ish jarayoni o‘rganildi.
Shu bilan birgalikda, fermer xo‘jaligi tomonidan chigit ekish jarayonida yuqori unumli pnevmatik “PlANTER-D4” rusumli chigit ekish seyalkasi faoliyati hamda mutaxassislar tomonidan pnevmatik chigit ekish seyalkasining bir qator afzalliklari ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan tumanda 2024-yil g‘alla o‘rim mavsumida hamda paxta mavsumida ishtirok etadigan qishloq xo‘jaligi texnikalari, yuqori unumli g‘alla o‘rish kombaynlari, paxta terish mashinalari hamda boshqa turdagi texnikalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarini berib borishdi.
Bugungi kunda, Ishtixon tumanida 2024-yil g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumida 36 dona yuqori unumli g‘alla o‘rish kombaynlari ishtirok etishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kun ushbu kombaynlarni mavsumga tayyorlash ishlari hamda taʼmirlash uchun talab etiladigan 1 mlrd 360 mln so‘m mablag‘lar to‘liq o‘zlashtirilgan va taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilgan.
Shuningdek, 2024-yil paxta mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etish hamda paxtani nes-nobud qilmasdan yig‘ib-terib olish maqsadida tumandagi 7 dona yuqori unumli “John-Deere 9970” rusumli paxta terish mashinalari mavsumga shay holatga keltirilgan.
Bundan tashqari, ishtirokchilar tomonidan tumanda paxtadan yuqori hosil olish maqsadida Xitoydan keltirilgan yangi navdagi tuksizlantirilgan chigitni Xitoy texnologiyasiga asosan 320 gektar maydondagi plyonka ostiga ekilishi jarayonlari o‘rganildi.