Joriy yil Zominlik g‘allakorlar tomonidan 4 ming 500 gektar suvli maydonlarda boshoqli don ekini parvarishlandi. Ayni kunlarda mazkur maydonlardagi g‘allani nes-nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olish va uni don qabul qilish maskanlariga yetkazish ishlari olib borilmoqda.
G‘allakorlar o‘z mehnatlari mahsulini “Zarbor elevator” Aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Dashtobod” don qabul qilish shoxobchasiga topshirmoqda. Shoxobchaning umumiy maydoni 2,18 gektarni tashkil qilib, jami 31 ming tonna donni qabul qilish imkoniga ega. Shundan 6 ming tonnasi yopiq, 25 ming tonnasi ochiq sig‘imli maydonlarga joylashtiriladi.
Mavsum davomida hosilni sifatli yig‘ib olish va don qabul qilish ishlarini sifatli va adolatli tashkil etish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilib, ushbu jarayon “O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limi tomonidan nazoratga olingan.
Xususan, qabul qilinayotgan donning sinfi, namligi, iflosligi va donli aralashmalar miqdori nazorat qilib borilmoqda. Xususan, dalalardan keltirilgan don mahsulotlari davlat qiyoslovidan o‘tgan 8 turdagi laboratoriya jihozlari yordamida tahlildan o‘tkazilib, aniqlangan maʼlumotlar laboratoriya jurnallariga kiritilmoqda. Shuningdek, shoxobchadagi 1 dona don tozalash uskunasi (ZOV-40), 2 dona elektron tarozi ham davlat qiyoslovidan o‘tkazilgan.
Bugungi kunda maskanga jami 11 ming 990 tonnadan ortiq III-sinfli sifatli fizik don mahsulotlari qabul qilinib, donning o‘rtacha namligi 11,2 % ni, o‘rtacha iflosligi esa 3,42 % ni hamda o‘rtacha don aralashmasi 7,42 % ni va o‘rtacha naturasi 756 l/kgni tashkil etadi.
Don topshiruvchi xo‘jaliklarga berilgan ustama (nakidka) va chegirmalar (skidka) to‘g‘risida maʼlumot ko‘rsatilmagan.
Bundan tashqari, shoxobchaga jamg‘arilgan g‘alla hosilini nes- nobudgarchiliksiz yig‘ib olish va belgilangan talablarga asosan saqlanishi ustidan kunlik nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
O. Ochilov, “O‘zagroinspeksiya”ning Zomin tuman bo‘limi katta inspektori