Ру Ўз O`z En

Qashqadaryo: boshoqli don ekinlari urug‘chiligi istiqbollari muhokama qilindi

6 May 2022 2363

Maʼlumki, so‘nggi yillarida agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida qabul qilinayotgan qaror va farmonlar bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Natijada istiqbolli loyihalar, ilg‘or texnologiyalar amaliyotga joriy etilib, ilm fan yutuqlari, ilmiy tadqiqotlarga tayanilgan holda mahsulot yetishtirish va ishlab chiqarish samaradorligiga erishilmoqda. 

Qashqadaryo viloyatida tashkil etilgan “Urug‘lik g‘alla maydonlarida dala aprobatsiyasi ko‘rigini o‘tkazish” bo‘yicha o‘quv amaliy seminarida aynan g‘allachilik istiqbollari bilan bog‘liq jihatlar doirasida atroflicha fikrlashildi.

Seminarda “O‘zagroinspeksiyaning Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish boshqarmasi xodimlari va sohaga aloqador idora va tashkilot  masʼullari, urug‘chilik yo‘nalishida faoliyat olib boradigan mutaxassislar ishtirok etishdi.

Seminar ishtirokchilari dastlab, Janubiy dehqonchilik ilmiy tadqiqot institutida boshoqli don ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligining kelgusi yillardagi asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan jarayonlar bilan tanishdilar. Tadqiqotchi olimlar oldida turgan dolzarb vazifalar soha istiqbolini belgilashdagi muhim jihatlar bo‘yicha ham fikr-mulohazalar bildirildi. Tadqiqot institutining tajriba maydonlarida sinovdan o‘tkazilayotgan xorijiy va mahalliy navlar, birlamchi urug‘chilik tizimiga ham alohida eʼtibor qaratilib, 2022 yil hosilidan jamg‘ariladigan urug‘lik donning nav va avlodlari miqdori, birlamchi urug‘lik don yetishtirishda amalga oshirilayotgan ishlar hamda g‘alla maydonlarini aprobatsiya ko‘rigidan o‘tkazish tartiblari to‘g‘risida maʼlumotlar berildi.

Eʼtiborli jihati, bu yerda sug‘oriladigan maydonlar uchun kuzgi yumshoq bug‘doyning 2816 ta  qattiq bug‘doyning 2529ta, bahorgi yumshoq bug‘doyning 1580 ta, arpaning 160 ta nav tizma va duragaylari ekilib o‘rganilmoqda Hozirgacha don va dukkakli ekinlarning 43ta navlari yaratildi.

- Hukumatimiz tomonidan qishloq xo‘jalik urug‘chiligiga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda, -deydi “O‘zagroinspeksiya” Don ekinlari urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Shohruh Hayitov. - Jumladan Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligiga oid ayrim normativ huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori urug‘chilik sohasini samarali tartibga tartibga solish imkoniyatini yaratdi. Shuningdek sifatli va raqabotbardosh urug‘lik mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish, urug‘chilikda qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirish sohani raqamlashtirish, ilm- fan talim va ishlab chiqarishni o‘zaro integratsiya qilish va kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish hamda innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

 Qashqadaryo viloyatida 2022 yil hosili uchun 140 ming gektar maydonda boshoqli don ekinlari parvarishlanmoqda. Sara urug‘ jamg‘arish maqsadida 387 ta urug‘chilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari tomonidan 10 ming gektar maydonda urug‘lik g‘alla parvarishlanayotgan bo‘lib, 35 ming tonna sara urug‘lik don jamg‘arish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2023 yil hosili uchun “Bunyodkor”, “G‘azg‘on”, “Yaksart”, “Hisorak”, “Antonina”, “Alekseyevich” kabi bir qator istiqbolli navlarni mahalliylashtirishga alohida ahamiyat qaratilayapti. Bu shubhasiz, g‘alladan mo‘l hosil yetishtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mahsulot yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligini yaxshilash imkonini beradi.

Seminarda Respublikada yuqori avlodli urug‘lik jamg‘arish bo‘yicha 2021 yil yakunlari va kelgusi yil hosili uchun boshoqli don ekinlari urug‘chiligi istiqbollari chuqur tahlil qilindi. Urug‘lik g‘alla maydonlarida aprobatsiyalarni sifatli o‘tkazish, g‘alla maydonlarini begona nav aralashmalaridan tozalash, joylarda sifatli urug‘lik tizimini yo‘lga qo‘yish lozimligi taʼkidlandi. Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Albatta ushbu o‘quv amaliy seminar g‘allachilik tarmog‘ini rivojlantirish, yuqori hosildorlikka erishish, sifatli sara urug‘ don jamg‘arish va sohaga innovatsion texnologiyalarini joriy etish va uning istiqbolini belgilashda mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

 S. ISMOILOVA, “O‘zagroinspeksiyaning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi matbuot kotibi.

 

 

Text to speech