Xalqimizda “Sara urug‘ – mo‘l hosil garovi” degan naql bor. Tajribali, mirishkor-paxtakorlar taʼbiri bilan aytganda, paxtadan mo‘l hosil olishda avvalo, yerga qadaladigan urug‘lik chigitning sifati muhim ahamiyatga ega.
Shu bois, ayni kunlarda mamlakatimizda urug‘lik chigitni tozalash-saralash, tuksizlantirish hamda qishloq xo‘jalik ekinlarining kasallik va zararkunandalariga qarshi dorilash ishlari amalga oshirilmoqda.
Qashqadaryolik dehqonlar tomonidan 2021 yilda 15 ming 376 tonna sifatli urug‘lik paxta hosili yetishtirildi. 2022 yilda 135 ming 900 gektar maydonga g‘o‘zaning iqlim sharoitiga mos, ertapishar Buxoro-6, Namangan 77, Buxoro- 8, Porloq-4 hamda Buxoro-102 navlari ekilishi mo‘ljallanmoqda.
Ayni kunlarda 2022 yil paxta hosili uchun asosiy urug‘lik fondini hisobga olgan holda 6 ming 500 tonna urug‘lik chigitni tozalash-saralash, tuksizlantirish va qishloq xo‘jalik ekinlari kasallik va zararkunandalariga qarshi dorilash ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur muhim tadbirlar Qarshi tumanidagi “Beshkent AGRO klaster”, Koson tumanidagi “Bunyodkor”, Qamashi tumanidagi “Oqsaroy tekstil” MCHJlarining urug‘lik chigitni tayyorlash sexlari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Xususan, Qamashi tumanidagi MCHJga qarashli urug‘lik chigit tayyorlash sexida ham hosildorlikning muhim omillaridan biri bo‘lgan ushbu tadbirni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilgan. Sexga xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatilgani urug‘lik chigit sifati va ishlab chiqarish hajmining keskin oshishida muhim omil bo‘lmoqda. Urug‘lik chigitlarni qadoqlash uchun yetarli miqdorda qop va yorliqlar, kimyoviy preparatlar zaxirasi yaratilgan.
- Qamashi tumanida 2022 yil hosili uchun 9 ming gektar maydonga urug‘lik chigit ekilishi rejalashtirilgan, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Qamashi tuman bo‘limi katta inspektori Iskandar Tilovov. - Bugungi kunda “Oqsaroy tekstil” MCHJ klasteriga qarashli urug‘lik tayyorlash sexida joriy yil hosili uchun ekilishi rejalashtirilgan urug‘lik chigitlarni dorilash ishlari olib borilyapti. Bir kunda 40 tonna tukli, 25 tonna tuksiz urug‘ saralanyapti. Ayni jarayonlarni doimiy monitoring qilib boryapmiz. Masʼul mutasaddilarga qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan profilaktik tushuntirishlar hamda ko‘rsatma va ogohlantirishlar berildi. Hazirgacha 800 tonna chigit tayyorlandi.
O‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida, g‘o‘zani kasallik va zararkunandalardan himoya qilishda urug‘lik chigitni dorilashning ahamiyati va uni sifatli o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda.
Albatta, belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi joriy yilda viloyat mirishkorlari tomonidan paxtadan yuqori hosil olinishiga zamin yaratadi.
s. Ismoilova, “O‘zagroinspeksiya” Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh inspektori