Suvdan foydalanish va suv isteʼmolida suv resurslarining hisobi va hisobotini hamda monitoringini yuritish tartibini, shuningdek, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bazasini hisoblash tizimini yana-da takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 2021 yil 3 apreldagi 174-son qarori qabul qilingan.
Mazkur qaror bilan “Suvdan foydalanish va suv isteʼmolida suv resurslarining hisobi va hisobotini hamda monitoringini yuritish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan.
Nizom talablari bo‘yicha suvdan foydalanish va suv isteʼmolida suv resurslarining hisobi va hisobotini yuritish uchun xizmat ko‘rsatadigan foydalanuvchi tashkilot bilan suvdan foydalanuvchi va suv isteʼmolchisi o‘rtasida suvning kundalik hisob jurnali yuritilishi belgilandi.
O‘z navbatida, 2021-2022 yillarning kuzgi-qishgi mavsumi uchun suv olish joylarida jami 72 065 ta, shundan 16 924 tasi o‘zaro suv xo‘jaligi tashkilotlarida, 17 313 tasi Suv xo‘jaligi tashkilotlari bilan Suv isteʼmolchilari uyushmalari o‘rtasida va 37 828 tasi SIUlar va suv isteʼmolchilari o‘rtasida yuritilayotgan suvning kundalik hisobot jurnallari Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlaridan ro‘yxatdan o‘tkazilib, suv olish joylaridan olinayotgan kunlik suvni hisobi yuritilishi nazoratga olindi.
“O‘zagroinspeksiya” va uning hududiy boshqarmalari hamda tumanlar bo‘limlari tomonidan sunʼiy suv obyektlaridagi suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash hamda suvning hisob-kitobi yuritilishi yuzasidan joylarda maqsadli o‘rganishlar o‘tkazib kelinmoqda.
Xususan, belgilangan tartibda o‘tkazilgan o‘rganishlarda jami 14528 ta holatda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi:
Jumladan, Suv isteʼmolchilari uyushmalari, fermer xo‘jaliklari va klasterlar tomonidan ishlatilayotgan sug‘orish tarmoqlaridagi 3630 ta suv olish joylari suvni boshqarish, 2969 ta suv olish joylari suv o‘lchash vositalari bilan jihozlanmagan. 1784 ta suv olish joylarida suvning hisob-kitobi yuritilmaganligi, 2693 ta holatda suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari o‘rtasida suv isteʼmoli bo‘yicha shartnomlar tuzilmaganligi aniqlandi.
O‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan “O‘zagroinspeksiya” va uning hududiy boshqarmalari hamda tumanlar bo‘limlari tomonidan vakolati doirasida huquqbuzarlarga nisbatan 3626 ta maʼmuriy, 2092 ta jarima sanksiyalar qo‘llanildi. 981 ta holat yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rib chiqishlik uchun to‘plangan hujjatlar sudlarga kiritilishi taʼminlandi.
O‘z navbatida, tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida 2088 ta yozma ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritildi.
Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 8119 ta suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilariga rasman ogohlantirishlar berildi.
Bugungi kunda, suvdan foydalanish va suv isteʼmolida suv resurslarining hisobi va hisobotini yuritilishi bo‘yicha “O‘zagroinspeksiya” tomonidan nazoratga olingan.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan
foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi