Ру Ўз O`z En

Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi sohasini samarali tartibga solish maqsadida yangi nizomlar qabul qilindi

8 Noyabr 2021 3096

Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil va sifatli mahsulot olishning asosiy negizi urug‘chilikka bog‘liq, sifatli urug‘lar raqobatbardosh mahsulot yetishtirishning asosiy negizi bo‘lib, strategik jihatdan mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini va xalq xo‘jaligining samarali rivojlanishini taʼminlaydi.

Xususan urug‘chilik bozorini shakllantirish sharoitida urug‘lik maydonlarda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, urug‘larni yetishtirish, tayyorlash, saqlash hamda ularning navdorlik va ekinboplik sifatlarini nazorat qilish katta o‘rin egallaydi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligiga katta eʼtibor berilib kelinmoqda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan 2019 yil 16 fevralda O‘RQ-521-sonli yangi tahrirda “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonunini qabul qilinishi orqali mazkur sohada ko‘pgina qonun osti normativ-huquqiy hujjatlar tartibga solindi.

Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 641-son Qarori qabul qilinib urug‘chilik sohasida ko‘pgina mexanizmalar belgilab berildi.

Qaror bilan:

Original, elita va keyingi avlodlarga mansub urug‘lik paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlarini yetishtirish huquqiga ega bo‘lish uchun fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlari o‘rtasida tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

Urug‘lik uchun yetishtirilgan boshoqli donning navlariga ustama haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;

Urug‘lik uchun ekilgan maydonlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini aprobatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;

Urug‘lik donni qabul qilish, tayyorlash, dorilash, tarqatish va sifatini nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 4-ilovaga muvofiq;

Urug‘lik paxta xomashyosini qabul qilish, saqlash, dastlabki qayta ishlash, urug‘lik chigit tayyorlash, saqlash, tarqatish va sifatini nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlandi;

Mazkur Nizomlarga ko‘ra,

– urug‘lik paxta xom ashyosi va boshoqli don ekinlarini yetishtirish bo‘yicha tanlov eʼlon qilish, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlaridan tanlovda ishtirok etish va talabgorlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni to‘plash, tanlov o‘tkazish hamda urug‘lik paxta xom ashyosi va boshoqli don ekinlarini yetishtirish huquqini taqdim etish tartibi;

– urug‘lik uchun yetishtirilgan boshoqli don ekinlari navlariga ustama haq to‘lash, urug‘lik boshoqli don yetishtirish miqdorini aniqlash, urug‘lik boshoqli don yetishtirish uchun shartnoma tuzish va hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi;

– urug‘lik maydonlaridagi qishloq xo‘jaligi ekinlarining nav tozaligini, zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘t bilan zararlanganligini aniqlash, urug‘lik yetishtirish uchun yaroqli deb topilgan maydonlarda yetishtiriladigan hosil hajmini aniqlash va aprobatsiya dalolatnomalarini rasmiylashtirish tartibi;

– urug‘lik donni qabul qilish, uni belgilangan standart talablari asosida tozalash, saralash, dorilash va qadoqlash, urug‘lik donni omborlarda saqlash va sifatini nazorat qilish hamda ekish uchun fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga yetkazib berish tartibi;

– urug‘lik paxta xom ashyosi va urug‘lik chigitni standart talablari asosida qabul qilish, saqlash va qayta ishlash, saralash, dorilash va qadoqlash va sifatini nazorat qilish hamda fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga ekish uchun yetkazib berish tartibi tasdiqlandi.

Mazkur qaror bilan tasdiqlangan nizomlarga asosan Inspeksiya organlari tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining genetik sofligi va urug‘lari sifati sohasidagi davlat siyosatining ijro qilinishi, urug‘chilik xo‘jaliklarini aniqlash, urug‘larini yetishtirish, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash va realizatsiya qilishni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish mexanizmi belgilab berildi.

Yuqorida taʼkidlangan Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan nizomlar ijrosini taʼminlash maqsadida, Inspeksiya rahbari tomonidan Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligini nazorat qilish sohasida faoliyatni yana-da tartibga solish haqida buyrug‘i hamda 2021 ― 2022 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib mazkur sohada nazorat o‘rnatilmoqda. 

Shoxruh Xayitov, Don ekinlar urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘lim boshlig‘i  

Text to speech