Ру Ўз O`z En

Qishloq xoʼjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʼyicha subsidiya ajratiladi

16 Dekabr 2020 3621

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xoʼjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-4919-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan, 2021 yilda qishloq xoʼjaligi ekinlarini yetishtirishda tomchilatib va yomgʼirlatib sugʼorish tizimlarini hamda yerni lazerli uskuna yordamida tekislagan holda diskretli sugʼorish usulini joriy qilish surʼatini besh barobarga oshirish, yaʼni 2021 yilda 230 ming gektar maydonda joriy qilish hamda sugʼoriladigan 200 ming gektar maydonlarni lazerli uskuna yordamida tekislash orqali joriy qilish boʼyicha prognoz koʼrsatkichlari tasdiqlandi.

Xususan, 2021 yil yakuniga qadar respublika boʼyicha kamida:

160 ming gektar paxta, 30 ming gektar mevali ekinlar, 15 ming gektar uzum va 5 ming gektar boshqa ekinlar yetishtiriladigan maydonlarda tomchilatib sugʼorish;

14 ming gektar donli ekinlar, 2 ming gektar sabzavot va poliz hamda 2 ming gektar ozuqabop ekinlar yetishtiriladigan maydonlarda yomgʼirlatib sugʼorish;

600 gektar paxta yetishtiriladigan maydonlarda diskretli sugʼorish;

200 ming gektar, shundan 43 ming gektar sholi yetishtiriladigan maydonlarda lazerli uskuna yordamida tekislash orqali tashkil etiladi.

Shuningdek, 2021 yildan qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlashning yangi tartibi belgilandi.

Unga koʼra,

qishloq xoʼjaligi ishlab chiqaruvchilariga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʼyicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar;

suvni tejaydigan texnologiyalarni xarid qilish va qurishga ajratiladigan bank kreditlari boʼyicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar;

mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan lazer uskunali avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xoʼjaligi ishlab chiqaruvchilariga sotib olingan yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.

Oʼz navbatida, subsidiya mablagʼlari joriy qilingan suvni tejaydigan texnologiyalar kamida besh yil ishlatilishi sharti bilan ajratiladi.

Bunda, subsidiya mablagʼlari joriy qilingan suvni tejaydigan texnologiyalar kamida besh yil ishlatilishi sharti bilan ajratilishi hamda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmaydi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʼyilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablagʼlarning bozor qiymati va olib qoʼyish sababli yetkazilgan zararning oʼrni toʼliq qoplanganidan soʼnggina ruxsat berilishi belgilab berildi.

Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 dekabrdagi “Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʼorish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib boʼlmaydigan chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ–4087-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan suvni tejaydigan sugʼorish texnologiyalarini joriy etishga koʼmaklashuvchi ishchi guruhlarining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishdagi roli va masʼuliyatini keskin oshirish boʼyicha topshiriqlar berildi.

Bugungi kunda, “Oʼzagroinspektsiya”ning Qoraqalpogʼiston Respublikasi va viloyatlar boshqarmalari hamda tumanlar boʼlimlari boshliqlari- suvni tejaydigan sugʼorish texnologiyalarini joriy etishga koʼmaklashuvchi ishchi guruhlar tarkibida doimiy faoliyat olib bormoqda.

 

"Oʼzagroinspektsiya" Qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi

Text to speech