Аyni murakkab vaziyatda mamlakatda aholining sifatli qishloq xoʼjaligi mahsulotlariga boʼlgan ehtiyojini qondirish, qolaversa oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda yerdan unumli foydalanish va uning talon-toroj qilinishini oldini olish muhim ahamiyatga ega.
Shuni eʼtiborga olgan holda, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasining Sirdaryo viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan qishloq xoʼjaligi korxonalariga ajratilgan yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanish yuzasidan nazorat tadbirlari oʼtkazilmoqda. Maʼlum boʼlishicha, joylarda qonunbuzilishi va oʼzboshimchalik bilan yerlarni egallab olish holatlari mavjud.
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyuldagi 575-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi toʼgʼrisida”gi Nizomning 12-bandi “e” bandiga asosan Аgroinspektsiya tomonidan joriy yilning oʼtgan davrida qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan yerlardan oqilona foydalanishni nazorat qilish borasida davlat boshqaruv organlarida 7 ta, fermer xoʼjaliklarida 2 ta, jismoniy shaxslarda 155 ta va boshqa qishloq xoʼjaligi korxonalarida 177 ta jami 341 ta holatda tekshirish va monitoring nazorat tadbirlari oʼtkazilgan.
Ushbu oʼtakzilgan nazorat tadbirlarida jami 3663,0 gektar qishloq hoʼjaligiga moʼjallangan yerlar oʼrganilib, 769,7 gektar yer maydonlarida qonunbuzulish holatlari aniqlangan.
Oʼtkazilgan nazorat tadbirlari davomida jami 312 ta holatda maʼmuriy qarorlar qabul qilinib, 94,3 million soʼm maʼmuriy jarimalar qoʼllanilgan.
Mazkur aniqlangan qonunbuzilish holatlari boʼyicha davlat boshqaruv organlari, jismoniy va yuridik shaxslarga 134 ta ogohlantirish xatlari, 16 ta koʼrsatma, 11 ta taqdimnoma kiritilgan, 83 ta qonunbuzilish holatlari yuzasidan hujjatlar qonuniy koʼrib chiqishlik uchun sudlarga va 1 ta holatda viloyat prokuraturasiga yuborildi.
Bundan tashqari, Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi Sirdaryo viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan Yer kodeksi ijrosi yuzasidan oʼtkazilgan monitoring-tahlil tadbirlari davomida yerlarni qishloq xoʼjaligi muomalasidan chiqarish qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Jumladan, “Аtxam Аbdumoʼmin” MChJ rahbari tomonidan oʼzboshimchalik bilan egallab olingan 1,5 gektar yer maydonni qishloq xoʼjaligi muomalasidan chiqishiga yoʼl qoʼyilgan. Buning natijasida, Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi 146-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilganligi hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 dekabrdagi oʼzboshimchalik bilan yerlarning qishloq xoʼjaligi muomalasidan chiqishiga sabab boʼlgan hollarda yetkazilgan zarar miqdorini qoplash toʼgʼrisidagi 1024-sonli qarori asosida hisoblanganda 779,6 million soʼm miqdorida davlatga zarar yetkazilganligi maʼlum boʼldi. Ushbu holat yuzasidan qonuniy chora koʼrish uchun toʼplangan hujjatlar Sayxunobod tuman maʼmuriy sudiga yuborilgan.
Аytish joizki, soha mutaxassislari tomonidan yerga oid qonun va meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning izchil ijrosini taʼminlash, ularning mazmun-mohiyatini kengroq tushuntirish boʼyicha joylarda targʼibot-tashviqot tadbirlarini oʼtkazish anʼanaga aylandi. Natijada aholining yer resurslariga boʼlgan munosabati tubdan oʼzgardi. Eng muhimi, dehqon va fermer xoʼjaliklarida yerdan samarali foydalanish, ularni muhofaza qilishga boʼlgan masʼuliyati yanada oshdi.
Bu borada "Oʼzagroinspektsiya"ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi va tuman boʼlimlari tomonidan muntazam ravishda tizimli nazorat monitoring ishlari olib borilmoqda.
“Oʼzagroinspektsiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati.