Ру Ўз O`z En

Qoraqalpog‘iston Respublikasi: Urug‘lik paxta xom-ashyosini yetishtirish sohasida olib borilayotgan nazorat tadbirlari tahlil qilindi

18 Oktyabr 2021 1994

So‘nggi yillarda hukumatimiz tomonidan qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishi sohasida olib borilayotgan islohotlar, urug‘ning sifati yetishtirilayotgan hosilning salmog‘ini belgilashda muhim omil ekanligini ko‘rsatmoqda va ekiladigan urug‘likning sifatiga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 - yil 27 - apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida urug‘chilik tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3683-sonli, Vazirlar Mahkamasining 2019 - yil 5 - sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 733-sonli qarorlari qabul qilinib, urug‘chilik sohasini rivojlantirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019 - yil 12 - iyuldagi 575-sonli qarori bilan Inspeksiyaga berilgan vakolatlardan kelib chiqib, urug‘lik paxta xomashyosi yetishtirish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan muntazam nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2021 yil hosilidan urug‘lik paxta yetishtirish huquqiga ega bo‘lish maqsadida o‘tkazilgan tanlovlarga 455 ta xo‘jalik subyektlaridan arizalar qabul qilingan bo‘lib, shundan 337 nafar subyektlar tanlov g‘olibi- deb topilgan. Tanlovlarni o‘tkazish jarayonida olib borilgan nazorat tadbirlari davomida daʼvogarlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar namunalari o‘rganilganda 27 ta fermer xo‘jaliklarining 42 ta hujjatlarida kamchiliklar mavjudligi, 127 ta holatda baholash mezonlariga amal qilinmaganligi, 134 ta holatda ballar noto‘g‘ri hisoblanish holatlari aniqlandi.

Shuningdek. 2 ta tumanda (To‘rtko‘l, Kegeyli) tanlovlarning belgilangan muddatlarda o‘tkazilmaganligi aniqlanib, kelib chiqayotgan qonunbuzilishlar va ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish yuzasidan 7 ta taqdimnomalar, 4 ta yozma ko‘rsatma, 1 ta ogohlantirish berilgan. Bundan tashqari 1 ta holatda (Amudaryoda) aniqlangan qonunbuzilishlari yuzasidan to‘plangan materiallar qonuniy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Bundan tashqari, paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan fermer xo‘jaliklariga urug‘lik chigit yetkazib berishda meʼyoriy hujjatlar talablariga rioya qilinishi borasida olib borilgan nazorat tadbirlari davomida 12 ta holatda qonunbuzilishlar aniqlanib, tegishli taʼsir choralari ko‘rildi. Xususan, chigit tarqatish shahobchalariga chiqarilgan urug‘lik chigitni saqlash qoidalariga amal qilinmasligi bo‘yicha To‘rtko‘l tumanida 6 ta, Qo‘ng‘irot tumanida 3 ta, Chimboy tumanida 2 ta holatda qonunbuzilish aniqlanib, masʼullarga nisbatan maʼmuriy qarorlar rasmiylashtirildi va qonuniy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Shu bilan birga, kelgusi yil hosili uchun sifatli urug‘lik fondini yaratish maqsadida tanlovdan o‘tgan 330 nafar xo‘jaliklarning 12,5 ming gektar urug‘lik paxta maydonlarini aprobatsiyadan o‘tkazish ishlari xam nazoratga olinib, tegishli taʼsir choralari ko‘rib borildi.

Xususan, 327 nafar xo‘jaliklarning 11 ming gektar maydoni urug‘lik terish uchun yaroqli deb topilgan bo‘lsa, 260 nafar xo‘jaliklarning 1470 gektar maydoni qisman yaroqsiz qilindi. Buning natijasida, navdorligi past bo‘lgan 13 gektar, rivoji past bo‘lgan 407 gektar, chanqatib yuborilgan 404 gektar va turli agrotexnik tadbirlar bajarilmagan 647 gektar maydonlardan 2,1 ming tonna sifatsiz urug‘lik paxta terilishining oldi olindi. Shuningdek, aprobatsiya jarayonlarida qonunbuzilishining oldi olinishi va bunga shart sharoit yaratib berayotgan holatlarni bartaraf qilish yuzasidan 5 ta (Taxiatosh va Shumanay) ogohlantirish va 8 ta yozma ko‘rsatmalar kiritildi.

Bugungi kunda, Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritib kelayotgan 9 ta paxta-to‘qimachilik klasterlariga qarashli paxta qabul qilish maskanlarida g‘o‘zaning 5 ta seleksion navidan 13594 tonna miqdorida urug‘lik paxta qabul qilindi. Qabul qilingan urug‘lik paxta xomashyosining 4281 tonnasi S-4727 naviga, 1292 tonnasi, Chimboy-5018 naviga, 7439 tonnasi Sulton naviga, 378 tonnasi Mang‘it-1 naviga va 204 tonnasi istiqbolli va yangi navlarga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, kelgusi yillarda urug‘lik chigitga bo‘lgan talabni qondirib borish maqsadida To‘rtko‘l, Amudaryo, Chimboy, Ellikqalʼa tumanlaridagi elita urug‘chilik xo‘jaliklari tomonidan Respublikaning asosiy maydonlarida ekib kelinayotgan g‘o‘za navlarining elita va birlamchi urug‘lik materiallaridan 215 tonna jamg‘arilib, saqlanmoqda.   

Hozirda paxta-to‘qimachilik klasterlari va elita urug‘chilik xo‘jaliklarida yetishtirilgan urug‘lik paxta xomashyosining g‘aramlarga jamg‘arilishi, saqlanishi va profilaktik tadbirlarning bajarilishi nazorat qilib borilmoqda.

Albatta, sohada bu kabi nazorat tadbirlarning adolatli o‘tkazilishi kelgusi yil hosili taqdirini belgilovchi sifatli urug‘lik fondini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, qishloq xo‘jalik ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirish, avvalo, dehqon-fermerlar tomonidan zahmatli va mashaqqatli mehnat evaziga yaratiladigan hosilning qiymati qadaladigan urug‘ga bog‘liq.

 N.Ismailov– Urug‘lik paxta xomashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i,

M.Kurbanbayev- Qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i,

t.Askarov- Inspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish bo‘limi katta inspektori.

Text to speech