Ру Ўз O`z En

Respublika bo‘ylab g‘alla maydonlarini oziqlantirish ishlari qay darajada ?

11 Mart 2022 2321

Bahor faslning dastlabki oyi, yaʼni mart oyi g‘alla parvarishida g‘alla hosiliga hosil qo‘shish oyi bo‘lib, o‘z vaqtida o‘tkaziladigan agrotexnik tadbirlar g‘alladan yuqori hosil olish va ulkan xirmon bunyod etishning garovi hisoblanadi.

Shuningdek, joylarda fermerlar bilan muloqotda qilinganida birinchi bahorgi oziqlantirish ishlari o‘tkazilgan g‘alla maydonlariga yoqqan yomg‘ir, g‘alla rivojiga juda katta foyda berganligini taʼkidlamoqdalar.

Bu esa, o‘z navbatida eng muxim agrotexnik tadbirlaridan biri bo‘lgan g‘allani azotli mineral o‘g‘itlar bilan ikkinchi baxorgi oziqlantirish ishlarini qisqa muddatlarda yakunlash choralarini ko‘rish kerakligini taqozo qilmoqda.

Bugungi kunda, Respublikada parvarish qilinayotgan 1 mln 30 ming 464 gektar g‘alla maydonlarida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan Inspeksiya tomonidan domiy nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Jumladan, o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida Respublika hududlarida g‘alla maydonlarining 816 ming 816 gektari yoki 79 foizi tuplash hamda 213 ming gektari yoki 21 foizi naychalash fazasida rivojlanayotganligi maʼlum bo‘ldi.

Bundan tashqari, g‘allani azotli mineral o‘g‘itlar bilan ikkinchi bahorgi oziqlantirish ishlari uchun 203 ming tonna yoki rejaga nisbatan 67 foiz azotli mineral o‘g‘itlar zaxirasi yaratilib, 217 ming gektar yoki 21 foiz g‘alla maydonlarida oziqlantirish ishlari amalga oshirilganligi maʼlum bo‘ldi.

Ushbu tadbir, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo Toshkent va Farg‘ona viloyatidagi fermer xo‘jaliklari va klasterlar tomnidan qizg‘in boshlab yuborilganligi aniqlandi.

Shu bilan birga, joylarda mavjud 4408 dona purkagichlar yordamida, g‘allani bargidan oziqlantirish (suspenziya sepish) ishlari, ayni damda 747 ming gektar yoki 73 foiz maydonda o‘tkazilgan.

Xususan, ushbu muhim agrotexnik tadbir, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlarida parvarish qilinayotgan qariyib barcha g‘alla maydonlarida amalga oshirilganligi kuzatildi.

Biroq, hududlarda g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarning bajarilishi “O‘zagroinspeksiya” tomonidan nazorat tadbirlari o‘tkazilganda, bir qator hududlarda g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarning buzilishiga yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlandi.

Jumladan, boshoqli don ekinlarini ekish va parvarishlash bo‘yicha mavsum boshidan buyon inspektorlar tomonidan 1 mln 336 ming gektar maydonlarda nazorat tadbirlari o‘tkazilib, shundan 21 ming 842 ta subyektlarning 573 ming 466 gektar maydonlarda agrotexnik tadbirlar buzilganligi aniqlandi.

Ushbu aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish va kelgusida oldini olish yuzasidan fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalariga 10290 ta ogohlantirish, 7001 ta ko‘rsatma berilib, mahalliy hokimlik va idoralarga 346 ta taqdimnoma kiritildi hamda 113 ta maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. 

“O‘zagroinspeksiya” tomonidan, hududlarda 2022 yil hosili uchun parvarish qilinayotgan g‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘tkazilishi doimiy nazoratga olinib boriladi.

“O‘zagroinspeksiya”ning Qishloq xo‘jaligida Agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish boshqarmasi 

Text to speech