Respublikada so‘ngi 5-7 yillik - chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlanish davri bo‘ldi - desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu davr mobaynida sohaning mustahkam qonunchilik bazasi shakllanib, rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarildi.
Xususan, chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha bir qator qonun va qonunosti meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq chorvachilik subyektlari tomonidan yetishtirilgan 1 litr sut uchun 400 so‘m, tirik vaznda yetishtirilgan yirik va mayda shoxli mollarning 1 kg. go‘shti uchun 4 000 so‘m, 1 kg. parranda go‘shti uchun 2 500 so‘m, 1 dona parranda tuxumi uchun 50 so‘m hamda baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan losos, forel, osyotr zotli baliqlarining 1 kg. uchun 3 000 so‘m va boshqa zot baliqlarning 1 kg. uchun 1 000 so‘mdan subsidiyalar ajratilib, chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi subyektlarning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanib, ularning manfaatdorligi oshib bormoqda.
Misol uchun, birgina joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan 918 ta subyektlar tomonidan yetishtirilgan chorvachilik mahsulotlari uchun jami 140 mlrd. 713 mln. 600 ming so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘lari ajratilgan.
Bundan tashqari, chorvachilik tarmoqlarida seleksiya naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etish va uni takomillashtirish bo‘yicha ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasining “Naslchilik to‘g‘risida”gi qonuni sohaning rivoji uchun muhim huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Xususan, mazkur qonunining 1-moddasida chorvachilikda naslchilikning asosiy vazifalari ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, ushbu qonunning 18-moddasida esa - naslchilik sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha ham vazifalar belgilangan. Bugungi kunda, "O‘zagroinspeksiya" ning chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish yo‘nalishida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tizimidagi Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot institutining Ohangaron bo‘limi bilan hamkorlikda naslchilik sohasida keng ko‘lamli ilmiy-tadqiqot ishlarini naslchilik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ huquqiy hujjatlarga rioya etilgan holda amalga oshirilishi bo‘yicha ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, Ohangaron sharoitida jaydari zotli qo‘ylarning yangi tipini yaratish va yarim mayin jun beruvchi go‘shtdor-serjun qo‘ylarning genofondini saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borish bo‘yicha amaliy loyihalar bajarildi.
Ushbu loyiha ish rejasiga asosan, go‘sht-yog‘ yo‘nalishidigi jaydari zotli qo‘ylarning yangi “Aqchasoy” tipi yaratildi hamda go‘shtdor-serjun qo‘ylarning genofondi saqlanib, ko‘paytirilmoqda.
Davlat rahbarining 2021 yil 1 apreldagiPF-6198-sonli Farmoniga asosan Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021-2022 yillardagi ustuvor faoliyat yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturiga asosan “Jaydari” va “Merinos” zotli qo‘ylar hamda Angor zotli echkilarning sermahsul genotiplarini yaratish, go‘shtdor va jundor qo‘ylarning genofondini saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha 2021 yil 24 noyabrda Rossiya Federatsiyasining Dog‘iston Respublikasidan “merinos” zotli naslli qo‘chqorlardan 50 bosh va sovliq qo‘ylardan 120 bosh olib kelindi va ulardan bugungi kunda sog‘lom naslli qo‘zilar olinmoqda.
Ohangaron sharoitida go‘shtdor-jundor qo‘ylarning genofondini tahlil qilish asosida jaydari zotli qo‘ylarning sermahsul genotiplarini yaratishning seleksiya usullari ishlab chiqildi.
Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot institutining Ohangaron bo‘limida Davlat dasturlari asosida jaydari zotli qo‘ylarning yangi zot guruhlarini hamda go‘shtdor-serjun qo‘ylarning genofond suruvlarini yaratish bo‘yicha naslchilik ishlari belgilandi va “O‘zagroinspeksiya” tomonidan nazoratga olindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil31 martdagi PQ-187-qaroriga asosan O‘zbekistonning yarim mayin jun beradigan qo‘y zotini yaratish hamda zaruriy yaylov va suvli yer maydonlarini ajratish belgilangan.
Belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot institutiga Toshkent viloyati Ohangaron tumani yer zahirasidan ilmiy-tadqiqot ishlari uchun ajratiladigan yaylov va sug‘oriladigan yer maydonlarida amalga oshiriladigan ishlar dasturi ishlab chiqildi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda soha olimlari oldida turgan eng muhim asosiy vazifalar va ilmiy tadqiqot ishlarini amaliyot bilan keng qamrovli olib borish orqali hududlarda ilm-fan yutuqlarini O‘zbekiston Respublikasining “Naslchilik to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari va boshqa normatiq huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan qattiq nazorat o‘rnatilgan va bu borada chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish inspektorlari tomonidan joylarda tegishli amaliy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda.
X.Tilovov, Agroinspeksiyaning Chorvachilikda naslchilik ishlarini nazorat qilish boshqarmasi bosh inspektori