Ру Ўз O`z En

Respublikamizda 2021 yil hosili uchun kuzgi shudgorlash mavsumi boshlandi

6 Noyabr 2020 2703

Ekinlardan moʼl hosil yetishtirishda kuzgi shudgor ishlarining ahamiyati katta. Ota-bobolarimiz “Er haydasang kuz hayda, kuz haydamasang yuz hayda”, deb bekorga aytishmagan. Zero, sifatli oʼtkazilgan kuzgi shudgor kelgusi yil hosiliga puxta zamin yaratadi.

Yerlarni sifatli va yuqori unum bilan shudgorlashga erishish uchun traktor va pluglar oldindan ishga shay holga keltirilishi va sozlanishi, dalalar esa haydovga tayyorlangan boʼlishi, haydov toʼgʼri tashkil etilishi hamda uning sifati doimo nazorat qilib borilishi lozim boʼladi.

Shuning uchun, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 oktyabrdagi “2021 yil hosili uchun kuzgi shudgorlash ishlarini optimal muddatlarda uyushqoqlik bilan oʼtkazish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 03/1-668-sonli yigʼilish bayoni qarorida, kuzgi shudgor qilinadigan maydonlar va hududlarda shudgor qilish muddatlari koʼrsatib oʼtildi.

Jumladan, joriy yilda Respublikamizda 1 mln 79 ming 899 gektar maydonda kuzgi shudgorlash oʼtkazilishi rejalashtirilib, Qoraqalpogʼiston Respublikasida 20 noyabrь, Sirdaryo viloyatida 25 noyabrь, Navoiy viloyatida 28 noyabrь, Аndijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Fargʼona, Xorazm viloyatlarida 30 noyabrь, Jizzax viloyatida 3 dekabrь, Buxoro viloyatida 5 dekabrda yakunlanishi belgilandi.

2021 yil hosili uchun kuzgi shudgorlash mavsumiga 5404 dona haydov traktorlari jalb qilinib, shulardan 3995 donasi yuqori unumli haydov traktorlaridir.

Bundan tashqari, ushbu bayonnoma qarorida kuzgi shudgorlash ishlarini oʼtkazilishi yuzasidan, shuningdek shudgorlangan maydonlarni qabul qilish guruhlarini tashkil qilish va har bir konturni shudgorlash otryadlari rahbaridan sertifikat asosida qabul qilib olish, shudgorlash ishlarining sifatli oʼtkazilishi (sayoz, toʼliq kontur hosil qilinmagan, dala boshi va oxiri haydalmagan va boshqa) hamda belgilangan muddatlarda yakunlashi ustidan katʼiy nazorat oʼrnatish, shu bilan birga shudgorlash ishlarini sifatsiz bajarilgan holatlarda belgilangan tartibda dalolatnomalarni rasmiylashtirish hamda aybdorlarga nisbatan tegishli choralar koʼrish vazifasi "Oʼzagroinspektsiya"ga yuklatilgan.

Bugungi kunda hududlarda 2072 ta shudgor otryadlari tashkil etilib, ushbu otryadlarga biriktirilgan 5404 dona haydov traktorlarining 3924 donasi yordamida joriy yilning 6 noyabrь holatiga Respublika boʼyicha 239 ming 472 gektar maydonlarda kuzgi shudgor qilish ishlari oʼtkazilganligi aniqlandi.

Shuningdek, hududlarda 2021 yil hosili uchun kuzgi shudgorlash ishlarini optimal muddatlarda va sifatli bajarilishi yuzasidan Inspektsiya tomonidan qatʼiy nazorat oʼrnatildi.

Text to speech