Ру Ўз O`z En

Respublikamizda 2022 yil hosili uchun kuzgi shudgorlash mavsumi boshlandi

5 Noyabr 2021 1637

Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirishda kuzgi shudgor ishlarining ahamiyati katta. Zero, sifatli o‘tkazilgan kuzgi shudgor kelgusi yil hosiliga puxta zamin yaratadi.

Yerlarni sifatli va yuqori unum bilan shudgorlashga erishish uchun traktor va pluglar oldindan ishga shay holga keltirilishi va sozlanishi, dalalar esa haydovga tayyorlangan bo‘lishi, haydov to‘g‘ri tashkil etilishi hamda uning sifati doimo nazorat qilib borilishi lozim bo‘ladi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 oktabrdagi “2021 yil hosili uchun kuzgi shudgorlash ishlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 03-03/1-668-sonli yig‘ilish bayoni bilan, 2022 yil hosili uchun Respublikada 1 mln 36 ming gektar maydonda kuzgi shudgorlash ishlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Hududlarda kuzgi shudgorlash mavsumiga 5 ming 652 dona haydov traktorlari jalb etilgan bo‘lib, shuning 4 ming 221 donasini yuqori unumli haydov traktorlarini tashkil etadi.

Bundan tashqari, ushbu bayonnomada, haydov texnikalari va agregatlari tasdiqlangan grafiklar asosida to‘liq va sifatli taʼmirlanishi ustidan hamda joylarda yerlarni shudgorlash ishlari borishini nazorat qilish, sifatsiz shudgorlash holatlariga yo‘l qo‘yilganda belgilangan tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirilib, aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish vazifasi Inspeksiya zimmasiga yuklatilgan.

Respublikada 4 noyabr holatiga 131 ming 563 gektar yoki rejaga nisbatan 10 foiz maydonda shudgorlash ishlari amalga oshirildi.

O‘zagroinspeksiyaning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari tomonidan, joylarda shudgorlash ishlarining sifati bo‘yicha 50 ming gektar maydonda nazorat tadbirlari o‘tkazilib, shundan 18 ming gektar maydonni shudgorlash ishlarida xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.  

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida, fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalariga 509 ta ogohlantirish, 40 ta yozma ko‘rsatmalar berildi. 

Hududlarda kuzgi shudgorlash ishlarini sifatli va o‘z muddatida bajarilishi “O‘zagroinspeksiya” tomonidan qatʼiy nazoratga olingan.

 Inspeksiyaning Agrotexnik tadbirlarini nazorat qilish boshqarmasi

 

Text to speech